Bugun yoshlarga zamonaviy bilim va kasb berish, ularni mehnat bozorida munosib oʻrin egallay oladigan malakali mutaxassislar etib tarbiyalash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, kasb egallagan, amaliy koʻnikmaga ega yosh — nafaqat oʻz kelajagini, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilaydi.

Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi Angren shahri 4-sonli texnikumning yangi binosi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan zamonaviy taʼlim maskani sifatida foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “Oʻzkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirov, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK direktori Gʻulomjon Ibragimov, Kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova, Angren shahri 4-sonli texnikum direktori Ulugʻbek Toʻxtayev, xorijiy hamkorlar, soha mutaxassislari, oʻqituvchi-murabbiylar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar zamonaviy texnikum bugun faqat dars oʻtiladigan bino emas, balki yoshlarning kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqaradigan, uni haqiqiy ish muhitiga tayyorlaydigan muhim taʼlim maskani ekanini taʼkidladilar.
Texnikumning yangi binosi “TATNEFT” kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta taʼmirlangan boʻlib, 855 oʻringa moʻljallangan zamonaviy oʻquv ustaxonalari, faollar va sport zallari, 100 oʻrinli oʻquvchilar turar joyi hamda 150 oʻrinli oshxonadan iboratdir. Bu yerda taʼlim olish, kasb sirlarini oʻrganish va boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, texnikumda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK bilan hamkorlikda dual taʼlim tizimining yoʻlga qoʻyilgani yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Chunki bu tizimda oʻquvchi bilimni auditoriyada egallabgina qolmay, uni ishlab chiqarish jarayonida amaliyot bilan mustahkamlaydi. Bunday yondashuv yoshlarni kelgusida oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlib shakllanishiga xizmat qiladi.
Texnikumda tokarlik dastgohlari, elektr va gaz payvandlash, chilangarlik uskunalari, shuningdek, zamonaviy kimyo laboratoriyasi jihozlari oʻrnatilgan. Demak, bu yerda nazariya bilan amaliyot oʻrtasidagi masofa tobora qisqarib, taʼlim bevosita ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uygʻunlashmoqda.
Ushbu zamonaviy koʻrinishda yoshlarga oʻz eshiklarini ochayotgan taʼlim muassasasi har bir yoshning kasb egallashi, mustaqil hayotga qadam qoʻyishi uchun yaratilgan yana bir katta imkoniyatdir.
Shavkat Toirov
Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassisi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: