OʻQITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TADBIRLARI OʻTKAZILDI

Бош саҳифа

1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizdagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan fidoyi ustozlarga yuksak ehtirom koʻrsatilmoqda.

Ana shunday ezgu tadbirlar Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan ham tarmoq tizimidagi taʼlim muassasalarida keng nishonlandi.

Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va institut akademik litseyi, D.I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahri filiali, M. Auyezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali, Angren shahar 4-son texnikumi kabi taʼlim muassasalarida yosh avlodga puxta bilim va munosib tarbiya berib kelayotgan faol, tashabbuskor oʻqituvchi va murabbiylar munosib taqdirlandilar.

Tadbirlar doirasida oʻzining samarali mehnati, kasbiga sadoqati va yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qoʻshayotgan munosib hissasi bilan alohida ajralib turgan pedagoglarga faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari topshirildi. Taʼlim muassasalari rahbarlariga esa kasaba uyushmalari bilan samarali va yaqin hamkorlik qilib kelayotganliklari uchun tashakkurnomalar taqdim etildi.

Taqdirlash marosimlarida ustozlik kasbining sharafi va masʼuliyati haqida soʻz yuritilib, oʻqituvchilarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnati alohida eʼtirof etildi. Zero, bugun taʼlim dargohlarida saboq olayotgan yoshlar — ertangi kunning mutaxassislari, olimlari, muhandislari, rahbarlari va jamiyat taraqqiyotini taʼminlaydigan salohiyatli kadrlaridir. Ularni bilimli, vatanparvar, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy tafakkurga ega insonlar etib tarbiyalashda ustozlarning hissasi beqiyos.

Ayniqsa, kimyo va farmatsevtika kabi sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlashda taʼlim muassasalarida mehnat qilayotgan professor-oʻqituvchi va murabbiylarning oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning har bir darsi, har bir maslahati va har bir ezgu tashabbusi yoshlarning kasbiy kamoloti va hayotda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qiladi.

Bayram tadbirlariga koʻtarinki ruh bagʻishlagan yana bir jihat — oʻquvchi va talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy-sahnaviy chiqishlar, musiqiy va bayram dasturlari, ularning ustozlarga boʻlgan samimiy ehtiromi, dil izhorlari va ijodiy chiqishlari tadbirlarga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Shavkat Toirov

Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassisi

Print Friendly, PDF & Email