“QOʻNGʻIROD SODA ZAVODI” MCHJ XKda OʻZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI KUNI KOʻTARINKI RUHDA NISHONLANDI

Бош саҳифа

11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Qoʻngʻirod soda zavodi” MCHJ XKda bayram tadbirlari tashkil etildi. Bayram tadbirlari doirasida sport musobaqalari, turli yoʻnalishda koʻrik-tanlovlar, turizm dasturlari, faol xodimlarni taqdirlash va konsert dasturlari oʻtkazildi.

Kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar dasturidan koʻzlangan asosiy maqsad — korxona xodimlari oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va ijodiy qobiliyatlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Korxonaning erkak xodimlari oʻrtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etildi. Ikki kun davom etgan bellashuvlar qizgʻin va murosasiz kurashlarga boy boʻldi. Gʻolib va sovrindor jamoalar korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan kubok hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbirlarida xotin-qizlarning faolligi va isteʼdodini namoyon etishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlar oʻrtasida “Mohir qoʻllar” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Uchta shart asosida tashkil etilgan tanlov ishtirokchilarga oʻzlarining ijodkorligi, mahorati va nozik didini namoyish etish imkonini berdi. Gʻoliblar kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan munosib taqdirlandilar.

Albatta, bayramning fayzi — bir dasturxon atrofida jam boʻlib, samimiy suhbat qurish, bir-biriga ezgu tilaklar bildirishda ham namoyon boʻladi. Shu munosabat bilan korxona oshxonasida xodimlar uchun bayram dasturxoni yozilib, ularga anʼanaviy milliy taom boʻlgan osh tortildi. Bu esa mehnat jamoasida oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Qoʻngʻirod soda zavodi” MCHJ XK Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirlar shunchaki bayram tantanalari emas, balki mehnat jamoasini birlashtirish, inson qadrini ulugʻlash, avlodlar oʻrtasidagi hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻldi.

Shavkat Toirov

Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassis

Print Friendly, PDF & Email