BOSHLANGʻICH TASHKILOTLAR

2023-yilning 1-yanvar holatiga Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimidagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari soni 228 ta boʻlib, 63035 nafar kasaba uyushmasi aʼzosiga ega. Shundan, 21098 nafarini ayollar, 20721 nafarini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar, 4350 nafarini hisobda turadigan ishlamaydigan pensionerlar tashkil etadi.

ТARMOQ KASABA UYUSHMASINING STATISTIK MA’LUMOTINI YUKLASH

KASABA UYUSHMASI BOSHLANGʻICH TASHKILOTLARI

 Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotlari yuridik shaxs boʻlgan korxona, muassasa, oʻquv yurtlari va tashkilotlarda, kasaba uyushmasi aʼzolari 5 nafardan kam boʻlmagan taqdirda tashkil etiladi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotini tuzish va kasaba uyushmasiga kirish toʻgʻrisidagi qaror kasaba uyushmasi aʼzolarining taʼsis majlisida qabul qilinadi va bu qaror kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va kasaba uyushmasi Ustavlari hamda ular tomonidan qabul qilingan qarorlar va Federatsiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan “Boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Nizom asosida olib boradi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti oʻz faoliyatida mustaqildir. Uning, shuningdek, saylanma organlarining qonunchilik, Ustav, kasaba uyushmasi Respublika kengashi qarorlariga zid boʻlmagan qarorlari yuqori organ tomonidan bekor qilinishi mumkin emas.

kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotining qarori bilan korxonaning tarkibiy boʻlinmalarida kasaba uyushmasi seh tashkilotlari va kasaba uyushmasi guruhlari tuzilishi mumkin.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotining oliy organi umumiy yigʻilish (konferensiya)dir.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotida umumiy yigʻilish, (konferensiya) kasaba uyushmasi qoʻmitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi) tomonidan zarurat boʻlganda, lekin yilda kamida bir marta chaqiriladi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotlarida umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazishning imkoni boʻlmaganda oʻsha muddatlarda, smena boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazilishi mumkin.

Boshlangʻich tashkilot umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)ning vakolatlari quyidagilardan iborat:

– kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilot qoʻmitasining (tashkilotchisining), taftish komissiyasining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish;

– faoliyatiga doir nizomlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, ularga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish;

– kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilot qoʻmitasini (tashkilotchisini), taftish komissiyasi aʼzolarini saylash, ularning tarkibidan rahbarlar (rais, rais oʻrinbosari)ni saylash;

– yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlarining saylab qoʻyiladigan organlari tarkibiga vakillar saylash, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlarining konferensiyalari (qurultoylari)ga delegatlar saylash.

Yigʻilishni chaqirish, tahminiy kun tartibi, konferensiya chaqirilganda esa vakillar meʼyori toʻgʻrisidagi qarorni kasaba uyushmasi qoʻmitasi 10 kun avval eʼlon qiladi.

Kasaba uyushmasi qoʻmitasining navbatdagi majlisi rais yoki uning oʻrinbosari tomonidan yoki kasaba uyushmasi aʼzolarining kamida 1/3 qismining talabi hamda kasaba uyushmasi yuqori organining qarori bilan chaqiriladi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotining umumiy yigʻilish (konferensiya)lari joriy ishlarni olib borish uchun 5 yil muddatga quyidagilarni saylaydilar:

kasaba uyushmasi aʼzolari 15 nafardan kam boʻlgan kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotida – kasaba uyushmasi tashkilotchisi, uning oʻrinbosari va gʻaznachini;

15 nafar va undan ortiq kasaba uyushmasi aʼzosini birlashtirgan kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotida – kasaba uyushmasi qoʻmitasini va taftish komissiyasini.

500 nafardan kam boʻlmagan aʼzolarni birlashtirgan kasaba uyushma boshlangʻich tashkilotlarida asosiy ishidan ozod etilgan kasaba uyushma qoʻmitalarining raislari saylanishi mumkin. Asosiy ishidan ozod etilgan kasaba uyushma qoʻmitalarining raislari saylangan korxonalarda sex kasaba uyushma qoʻmitalari va guruxlari hududiy tarqoq joylashgan taqdirda kasaba uyushma qoʻmitasi rayosati saylanishi mumkin.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti korxona, tashkilot yoki muassasalar qayta tashkil etilgan taqdirda, oʻz huquqiy maqomini saqlab qolgan holda faoliyat koʻrsatishni davom ettiradi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti kasaba uyushma aʼzolarining manfaatlarini ifoda etadi va ularning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qiladi, bu maqsadda quyidagi vazifalarni:

yuqori kasaba uyushmasi raxbar organlari koʻrib chiqishi uchun hujjatlar loyihasi va takliflar kiritadi, ularni koʻrib chiqilishi natijalari toʻgʻrisida axborot oladi;

ish beruvchilar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Kasaba uyushma si to‘glari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga rioya etishlishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

jamoa shartnomasi qabul qilinayotganda (oʻzgartirilayotganda) kasaba uyushma aʼzosi (xodim)ning manfaatlarini ifodalaydi, ish beruvchi bilan mehnat jamoasi nomidan jamoa shartnomasini tuzadi va uning bajarilishining nazoratini amalga oshiradi;

mehnat jamoasining ijtimoiy rivojlanishi joriy va kelgusidagi rejalarini ishlab chiqishda qatnashadi;

korxonaning mehnat huquqiy lokal hujjatlarini ishlab chiqishda qatnashadi va qonunchilikda koʻzda tutilgan hollarda ularni kelishadi;

jamoaviy va yakka tartibdagi mehnat nizolarini hal etishda qatnashadi;

xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirishni tashkil etadi, mehnat jamoasida madaniy-maʼrifiy va sport-sogʻlomlashtirish ishlarini olib boradi;

aʼzolik badallarini oʻz vaqtida va toʻla yigʻilishi, hisobotlarni haqqoniy olib borilishini taʼminlaydi, yuqori tashkilotlar bilan kelishilgan holda kasaba uyushma tashkilotining yillik xarajat va daromadlar smetasini tuzadi va tasdiqlaydi (aʼzolar soni 15 kishigacha boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda smeta umumiy yigʻilish tomonidan tasdiqlanadi) hamda uni bajarilishi toʻgʻrisida hisobot berib turadi;

tasarrufiga oʻtkazilgan (foydalanishga berilgan) sanatoriy-profilaktoriy va bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

aʼzolik badallarini mazkur Ustav va kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Rayosati belgilagan tartibda yuqori kasaba uyushmasi organlariga oʻz vaqtida oʻtkazadi;

oʻz qarorlari, yuqori kasaba uyushmasi organlari qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;

kasaba uyushmasi aʼzolarini kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti faoliyatida faol ishtirok etishga jalb qiladi va sharoit yaratadi, kasaba uyushmasi qoʻmitasi komissiyalarini shakllantiradi va ularning vakolatini belgilaydi;

kasaba uyushmasi guruh tashkiloti va kasaba uyushmasi sex qoʻmitalari ishlariga rahbarlik qiladi, ularga ishlarini tashkil etishlarida amaliy yordam koʻrsatadi;

kasaba uyushma aʼzolarining roʻyxatini olib boradi, faollar oʻqishini tashkil etadi;

yuqori kasaba uyushmasi organiga maslahat, yordam va koʻmak uchun murojaat qiladi, hisobotlar va boshqa axborotlar taqdim etadi;

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti qoʻmitasi raisi qoʻmita majlislari orasida soʻrov yoʻli bilan qabul qilingan qarorlarga imzo chekadi va uni tasdiqlash uchun qoʻmitaning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritadi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti qoʻmitasi oʻzining baʼzi vakolatlarini kasaba uyushmasi sex qoʻmitasi va kasaba uyushmasi guruhiga berishi mumkin.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkilotlarida saylanadigan tashkilotchilar kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti qoʻmitasi huquqi doirasida kasaba uyushmasi aʼzolarining manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi.

Kasaba uyushmasi seh qoʻmitasi seh, boʻlim, boʻlinma, uchastka va shunga oʻxshashlarda kasaba uyushmasi ishini tashkil qiladi, kasaba uyushmasi guruh tashkilotchilarining ishlarini yoʻnaltiradi, kasaba uyushmasi yigʻilishi (konferensiyasi), kasaba uyushmasi qoʻmitasi, yuqori kasaba uyushmasi organlari qarorlarini bajarilishini taʼminlaydi.

Seh qoʻmitasining majlislari zaruratga qarab, lekin uch oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.

Kasaba uyushmasi guruh tashkilotchisi yakka tartibda kasaba uyushmasi aʼzolari bilan ish olib boradi, ularning har birini jamoat ishida faol qatnashishga jalb etadi, xodimlarning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularning sogʻliqlarini mustahkamlash va dam olishlarini tashkil etish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

Kasaba uyushmasi guruhining majlislari zaruratga qarab, lekin bir yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.

Kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti faoliyati, uning uchun kasaba uyushmasi aʼzolarining (vakillarning) kamida 2/3 qismi yoqlab ovoz berganda umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)ning qarori bilan tugatilishi mumkin va bu qaror kasaba uyushmasi Respublika Kenngashi rayosati qarori bilan tasdiqlanadi.

Print Friendly, PDF & Email