Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan har yili 30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni keng nishonlanib, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimidagi “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Chimyon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bayram tadbiri tashkil etildi.


Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida oromgohda hordiq chiqarayotgan bolajonlar Osiyo va Yevropa xalqlarining milliy madaniyati, urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari bilan ishtirok etdilar. Turli millatlarga xos milliy liboslar, jozibador raqslar va badiiy chiqishlar orqali do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyalari tarannum etildi.
Joriy mavsumda oromgohda 800 nafar bolaning mazmunli dam olishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, oromgohda malakali tibbiyot xodimlari doimiy faoliyat yuritib, tibbiyot punkti yetarli miqdordagi dori-darmon vositalari va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
Bolajonlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, ijodiy uchrashuvlar hamda qiziqarli ko‘ngilochar dasturlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Bayram dasturi bolalarga unutilmas taassurotlar ulashib, ular qalbida turli millat vakillariga hurmat, bag‘rikenglik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar, milliy chiqishlar va samimiy muhit mamlakatimizda millatlararo totuvlik va ahillik eng ulug‘ qadriyatlardan biri ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Shavkat Toirov
Yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: