“YOSHLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN KIBERSPORT BOʻYICHA RESPUBLIKA KENGASHI KUBOGI MUSOBAQASI OʻTKAZILDI

Бош саҳифа

Davlatimiz rahbari Muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2026-yil 24-fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida har payshanba “Yoshlar kuni” deb belgilangan. Ushbu topshiriq ijrosi doirasida tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarda oʻtkazilgan rahbar va yoshlar uchrashuvlarida yoshlar tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 35 yilligini bayramona ruhda nishonlash hamda 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 2022-yil 16-noyabrdagi “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–423-son qarori doirasida Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi kubogi uchun tarmoq tizimidagi Toshkent shahar va Toshkent viloyatida joylashgan korxona va tashkilotlarning jamoalari oʻrtasida kibersport musobaqasi oʻtkazildi.

Soʻnggi yillarda kibersport jahonda eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylandi. Ilgari kompyuter oʻyinlariga shunchaki hordiq chiqarish yoki vaqt oʻtkazish vositasi sifatida qaralgan boʻlsa, bugungi kunda ular millionlab yoshlarni birlashtirgan va keng imkoniyatlar ochadigan professional sport turi maqomini oldi.

Qizgʻin kurashlarga boy oʻtgan musobaqa yakuniga koʻra gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan:

1-oʻrinni egallagan “Maxam-Chirchiq” AJ jamoasi Respublika kengashi kubogi, diplom va 5 million soʻm;

2-oʻringa sazovor boʻlgan M. Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti jamoasi diplom va 4 million soʻm;

3-oʻrinni egallagan D. I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali jamoasi diplom va 3 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan jamoalarga ham tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ushbu bellashuv, tarmoq tizimidagi tashkilotlar kasaba uyushmasiga aʼzo yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, raqamli texnologiyalarga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda jamoaviy hamjihatlik va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi apparatining madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassisi

Print Friendly, PDF & Email