YILNING ENG FAOL YOSH KIMYOGARIGA MAXSUS STATUETKA TOPSHIRILDI

Бош саҳифа Корхона янгиликлари

O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va “O‘zkimyosanoat” AJ hamkorligida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovi o‘tkazildi.

Tarmoq tizimidagi korxonalarda faoliyat yuritayogan yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishlariga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zlari tanlagan kasbga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘usini shakllantirish, iqtidorli yosh mutaxassislarning kasbiy bilim darajasini aniqlash, yosh mutaxassislar orasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirish va yosh mutaxassislarning innovatsion loyihalarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovini har ikki yilda o‘tkazib kelmoqda.

Kuni kecha tarmoq tizimidagi “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatining faollar zalida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovining respublika-tarmoq bosqichi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tanlovning birinchi bosqichida tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar ishtirok etdilar va ular orasidan g‘olib deb topilgan eng faol yosh mutaxassislar respublika-tarmoq bosqichiga yo‘llanma oldilar.

“Yilning eng faol yosh kimyogari” ko‘rik-tanlovining respublika-tarmoq bosqichida “O’zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalarda mehnat qilayotgan va tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, ilg‘or innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan 8 nafar yosh kimyogarlar musobaqalashdilar.

Tanlovda yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi loyihalari, ularning ishlab chiqarish hajmi va unumdorligini oshirishdagi ahamiyati, yosh mutaxassislar innovatsion ishlanmalarining Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi asosiy mezonlardan biri bo‘ldi. Shuningdek, yosh mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarning dolzarbligi hamda ularning respublikamiz ilm-fani, ishlab chiqarish samaradorligini yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi tanlov orqali yosh mutaxassislarning yangi ishlanma va kashfiyotlari yuzaga chiqarildi.

Hakamlar hay’ati qaroriga muvofiq, “Yilning eng faol yosh kimyogari” ko‘rik-tanlovi g‘olibi deb quyidagi ishtirokchilar e’lon qilindi.

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK xodimi Ahror Bozorov 1-o‘rinni, Toshkent kimyo-texnologiya instituti xodimi Shodiya Azimova 2-o‘rinni va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimi Jonibek Akbarov 3-o‘rinni egalladilar.

G’olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va 1-o‘rin egasi maxsus statuetka  bilan taqdirlandilar.

Print Friendly, PDF & Email