Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan “Moziyga sayohat” dasturi doirasida 14-yanvar-Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tarmoq tizimidagi Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali oʻqituvchi va talabalaridan iborat guruh “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga olib borildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi fashizm ustidan qozonilgan Buyuk gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan ochilgan boʻlib, majmuaning umumiy arxitekurasi va asosiy markazida qad rostlagan “Shon-sharaf” muzeyi zamonaviy qurilish tajribalariga asoslanib bunyod etilganligi bois tomoshabin koʻz oʻngida tarix jonlangandek taassurot qoldiradi.
Ushbu majmua yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda madaniyat manzili bo‘lib yurtdoshlarimizga xizmat qiladi. Majmuaning har bir qismi xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan matonati va mardligidan xabar beradi.
Talabalar muzey ekskursovodi boshchiligida majmuaning har bir obyekti va “Shon-sharaf” muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Maʼlumotlarga koʻra majmua kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yoʻl vokzali, front orti hududi, amfiteatr va maʼmuriy bino, motam va anduh hududi, shodu-xurramlik hududi, gʻalaba hududi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi va shukronalik hududidan tashkil topgan. Jumladan, bogʻning “Matonat madhiyasi” majmuasida butun oʻzbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan Zulfiya Zokirova va uning urushda halok boʻlgan besh oʻgʻlining vafodor rafiqalari aks etgan boʻlsa, “Koʻz yoshi” majmuasi urushning mudhishligi, millati va dinidan qatʼi nazar, barcha odamlar birligi ramzini ifodalaydi.
“Shon-sharaf” davlat muzeyining yuqori qismida, yaʼni urush davridagi jangohlarni eslatadigan misoli baland tepalik ustida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar oʻzbekistonlik qahramon sharafiga “Mangu jasorat” deb nomlangan majmuada afsonaviy oʻzbek generali Sobir Rahimov va barcha oʻzbekistonlik botir jangchilarning soʻnmas xotirasi ifodalangan.
Yoshlar “Shon-sharaf” davlat muzeyiga kirish qismida ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbekistonlik yigitlarning oila aʼzolari tomonidan frontga kuzatilayotgan lahzalari aks etgan 22 metrlik panno bilan tanishdilar. Muzey eksponatlari bilan tanishish asnosida xalqimizning amalga oshirgan ulkan qahramonliklaridan darak beruvchi “Oʻzbekiston – front uchun ishonchli tayanch qoʻrgʻoni” boʻlimi barchada birdek qiziqish va xayrat uygʻotdi.
Ekskursiya davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar va tarixiy bilimlarini hayotiy misollar asosida yana bir bor oshirdilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: