“YASHIL” KELAJAK SARI: EKOLOGIK TASHABBUSLAR RESPUBLIKA DARAJASIDA EʼTIROF ETILDI

Бош саҳифа

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish nafaqat davlat, balki har bir korxona va jamoaning ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, mehnat jamoalarida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish va “yashil” tashabbuslarni keng qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shu maqsadda Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroiya qoʻmitasining 2026-yil            1-iyundagi 4-24 “s”-son qarori asosida “Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi” respublika koʻrik-tanlovi tashkil etildi.

Respublika kengashi tizimidagi jamiyat, korxona va tashkilotlar kasaba uyushmalari oʻrtasida oʻtkazilgan mazkur tanlov ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ommalashtirish hamda soha xodimlarini ezgu maqsadlar atrofida yanada jipslashtirishga xizmat qildi.

“Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi” tarmoq tanlovining yakunlari boʻyicha 1-oʻrin “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK, 2-oʻrinni “Navoiyazot” AJ va 3-oʻrinni “Fargʻonaazot” AJ korxonalari egalladi.

Tanlovda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK munosib ishtirok etib, oʻzining ekologik yoʻnalishdagi loyihalari va amaliy tashabbuslarini namoyish etdi.

Korxonada atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan samarali va tejamkor foydalanish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shuningdek, xodimlar oʻrtasida ekologik madaniyat va masʼuliyatni yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Aynan ana shu tizimli va samarali faoliyat, ekologik tashabbuslarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish borasidagi ishlar hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholanib, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ QK tanlov gʻolibi, deb topildi.

Bu gʻalaba — avvalo, korxona kasaba uyushmasi va ahil jamoasining atrof-muhit muhofazasi yoʻlidagi fidokorona mehnati, ekologik tashabbuskorligi va tabiatga boʻlgan yuksak masʼuliyatining munosib eʼtirofidir.

Zero, “yashil” kelajakni barpo etish — bu bir kunlik vazifa emas, balki har birimizdan masʼuliyat, tashabbus va amaliy harakatni talab etadigan ezgu maqsaddir. “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK jamoasining ushbu yutugʻi esa ekologik madaniyatni yuksaltirish va barqaror kelajak sari tashlangan yana bir muhim qadam boʻldi.

                                                                                   Shuhratilla Rixsiboyev

Mehnat muhofazasi boʻyicha bosh mutaxassis

Print Friendly, PDF & Email