O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGI MUNOSABATI BILAN “35 YILGA — 35 KO‘CHAT” AKSIYASI O‘TKAZILDI
Mustaqillik bayrami xalqimiz uchun erkinlik, milliy tiklanish va taraqqiyot timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega. O‘tgan 35 yil davomida yurtimizda davlatchilik asoslari mustahkamlanib, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Ayni kunlarda bayram munosabati bilan joylarda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va turli madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, milliy qadriyatlarimiz va istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar keng namoyon etilmoqda.
O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida ham tadbirlar tashkil etilmoqda.

Respublika kengashi tomonidan “35 yilga — 35 ko‘chat” shiori ostida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Kimyogar” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Kasaba uyushmasi bog‘i” tashkil etildi.
Unda Kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alimdjanova Nigora Adxamovna, apparat xodimlari, “Maxam-Chirchiq” AJ rahbariyati hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari ishtirok etdilar. Tadbir davomida hududga turli xil daraxt ko‘chatlari ekilib, atrof-muhitni yanada obod va ko‘rkam qilishga hissa qo‘shildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ezgu tashabbuslar yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini yildan-yilga keng ommalashtirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda jamoatchilik o‘rtasida ko‘chat ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini an’anaga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tadbir doirasida kasaba uyushmasi faollari o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish maqsadida “Sog‘lom hayot sari 5000 ming qadam” aksiyasi va turli sport musobaqalari tashkil etildi.

Tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ham “Ijtimoiy farovonlik!” shiori ostida obodonlashtirish ishlari, “Eng namunali ko‘kalamzorlashtirilgan maydon” tanlovlari, “Toza havo” aksiyalari o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik ishlar ham izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram arafasida boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari faollari tomonidan korxonalarda uzoq yillar davomida faoliyat yuritib, hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari topshirilmoqda.
Muloqotlarda keksa avlod vakillarining turmush sharoiti va salomatligiga e’tibor qaratilib, ularning ko‘p yillik samarali hamda fidokorona mehnati uchun minnatdorlik bildirilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yoshi ulug‘larni e’zozlash, ularning boy hayotiy va mehnat tajribasini qadrlash ezgu an’analardan biridir. Bunday xayrli tashabbuslar avlodlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar xalqimizning Vatanga bo‘lgan mehri va faxrini yanada yuksaltirib, yurtimiz taraqqiyoti va farovon kelajagiga ishonchni mustahkamlamoqda.
Shavkat Toirov
Madaniy-ma’rifiy va sport ishlari
bo‘yicha yetakchi mutaxassis

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: