MUSTAQILLIK BAYRAMI ARAFASIDA “MUSTAQILLIK KUBOGI” UCHUN SPORT MUSOBAQALARI VA “MUSTAQILLIK TO‘YI” FESTIVALI O‘TKAZILDI

Бош саҳифа

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda qator madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari faol o‘tkazib kelinmoqda.

“O‘zkimyosanoat” AJ hamda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan sport musobaqalari va “Mustaqillik to‘yi” festivali tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, jamoalar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdan iborat.

“Mustaqillik kubogi” doirasida mini-futbol, stol tennisi, voleybol, basketbol hamda gandbol sport turlari bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tdi. Turli korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan jamoalar bellashuvlarda mahorat, chaqqonlik va irodalarini namoyon etdilar.

Ayniqsa, jamoaviy sport turlarida ishtirokchilarning o‘zaro hamjihatligi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi musobaqalarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Sport maydonlaridagi har bir bellashuv ishtirokchilar uchun nafaqat raqobat, balki tajriba almashish va yangi do‘stlar orttirish imkoniyatiga ham aylandi.

“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida “Uch avlod” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv davomida mehnat faxriylari o‘zlarining ko‘p yillik kasbiy tajribalari, soha rivojidagi muhim davrlar va mehnat faoliyatlarini xotirlab, mustaqillik yillarida yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalar va yangi avlod mutaxassislarining soha taraqqiyotidagi o‘rnini alohida ta’kidladilar. Tadbir davomida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimiz, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Musobaqalar yakunida yuqori natija qayd etgan jamoa va ishtirokchilar munosib rag‘batlantirilib, “Mustaqillik kubogi” uchun kechgan bellashuvlarning eng faol va mahoratli ishtirokchilari e’tirof etildi hamda ularga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bunday sport musobaqalari va madaniy tadbirlarning muntazam tashkil etilishi mehnat jamoalarida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shavkat Toirov

Respublika kengashining madaniy-ma’rifiy va

sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi

Print Friendly, PDF & Email