MUSTAQILLIKNING 35 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TADBIRLARI QIZG‘IN DAVOM ETMOQDA

Бош саҳифа

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz hayotidagi eng ulug‘ va qutlug‘ sanalardan biri sifatida keng nishonlanmoqda. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlolga shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari yanada yuksalmoqda.

O‘ttiz besh yil — tarix zarvaraqlarida qisqa bir lahza. Ammo millat va mamlakat hayoti uchun bu davr ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik va taraqqiyot yillari bilan o‘lchanadi. Istiqlol yillariga nazar tashlar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda o‘zligini anglagan, milliy g‘ururi va yuksak maqsadlari bilan yangi marralar sari dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekiston qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda tarmoq tizimidagi korxonalarda davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga qaratilgan keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.

Korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari hududlari obodonlashtirilmoqda hamda binolar peshtoqlariga mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan banner va plakatlar o‘rnatilib, bayramona muhit yaratilmoqda. Xodimlar ishtirokida “Ma’rifat soati”, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Rahbar va yoshlar” hamda “Uch avlod” uchrashuvlari, intellektual tanlovlar va turli sport musobaqalari  tashkil etilmoqda.

Ayniqsa, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida uyushtirilayotgan sayohatlar xodimlarga yurtimizning betakror tarixi, boy madaniy merosi va go‘zal maskanlarini yanada yaqindan anglash imkonini bermoqda.

Bayram tadbirlari tarmoq tizimidagi korxonalar tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ham alohida mazmun kasb etmoqda. Yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazayotgan bolajonlar uchun mustaqillik mavzusidagi viktorinalar, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari, vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi madaniy tadbirlar va badiiy kechalar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Sport maydonlarida esa bayram shukuhi yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xodimlar o‘rtasida “Mustaqillik kubogi” sport musobaqalari, “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat”, “Sog‘lom hayot sari” shiorlari ostida 5000 qadam yurish marafonlari tashkil etilmoqda. Ularda ishtirok etgan g‘olib va faol qatnashchilar kasaba uyushmalari tomonidan esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirilmoqda.

Mustaqillikning inson hayotidagi ahamiyatini yanada teranroq anglash maqsadida “Mustaqillik mening taqdirimda” mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnomalar ham xodimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda ishtirok etganlar istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi yangilanishlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va boshqa sohalarda qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

So‘rovnoma jarayonida bildirilgan samimiy fikrlar bir haqiqatni yana bir bor namoyon etdi: mustaqillik — har bir inson hayoti, orzu-intilishlari va kelajagi bilan chambarchas bog‘liq buyuk qadriyat. Xodimlarning yurt kelajagiga yuksak ishonchi, Vatanga muhabbati, milliy g‘ururi va vatanparvarlik tuyg‘ulari ularning har bir fikrida o‘z ifodasini topdi.

Bugun kasaba uyushmalari va tarmoq korxonalari jamoalari tomonidan o‘tkazilayotgan har bir tadbir nafaqat bayramona kayfiyat bag‘ishlamoqda, balki jamoalarni bir maqsad atrofida yanada jipslashtirmoqda. Zero, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lidagi ezgu maqsadlarga erishishda hamjihatlik, fidoyilik va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillikning 35 yilligi — o‘tgan yo‘lga nazar tashlash, bugungi yutuqlarni qadrlash va kelajak sari yanada katta ishonch bilan qadam qo‘yish ayyomi. Bu ulug‘ sana barchamizni bir ezgu maqsad — yagona Vatan ravnaqi, yagona xalq farovonligi va Yangi O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi yo‘lida birlashtirmoqda.

                                                                                                         Shavkat Toirov            Respublika kengashining madaniy-ma’rifiy va

sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi

Print Friendly, PDF & Email