KASABA UYUSHMALARI YETAKCHILARI XORIJDA MALAKA OSHIRDILAR

Бош саҳифа

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mamlakatimiz kasaba uyushmalarini xalqaro kasaba uyushmalari harakatida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) o‘rtasida 2026-yil uchun qo‘shma tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Mazkur qo‘shma tadbirlar rejasiga muvofiq, O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi faollari uchun Shvetsariyaning Jeneva shahrida “Kasaba uyushmalarining salohiyatini oshirish asosida birlashish erkinligi va jamoaviy muzokaralarni ilgari surish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova rahbarligidagi delegatsiya, xususan, tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislari ishtirok etmoqdalar.

Mazkur o‘quv-seminar Xalqaro mehnat standartlarini joriy etish, kasaba uyushmasi kadrlari va faollari malakasini oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Seminarning dastlabki kuni delegatsiya a’zolarining Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) direktori Oliver Ropke bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’ul xodimi Sergeyus Glovatskas bilan bo‘lgan uchrashuv davomida Xalqaro mehnat tashkiloti missiyasi va tuzilmasi, Xalqaro mehnat tashkilotining 114-Konferensiyasi yakunlari xususida so‘z bordi. O‘z navbatida O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimjonova O‘zbekistonda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasidagi ilg‘or tajribalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Seminar davomida “XMTning nazorat tizimi va xalqaro mehnat standartlari”, “Kimyoviy xavflar to‘g‘risida yangi Konvensiya, mehnat muhofazasi sohasida XMT siyosati”, “Raqamlashtirish sohasida XMT siyosati” mavzularidagi ma’ruzalar ham tinglandi.

 

Print Friendly, PDF & Email