NAVROʻZING MUBORAK YURTIM!

Бош саҳифа Корхона янгиликлари

 

Olislardan ona tabiatning uygʻonishiga boqib hayratlanmasdan ilojing yo‘q. Oʻz oʻrnini bahorga bergisi kelmay, huddi yosh bolani injiqligi singari oyoq tirab olgan qish fasli xamon dalalarni qor bilan siylab turmoqda. Bundan, albatta, bobodehqonlarimizni koʻngli toʻq, chunki bu yil dala-dasht yash-yashillikga burkanishi va hosillari har yilgiga nisbatan koʻproq boʻlishidan umidvor!

Bahor ham oʻzini borligini eslatish uchun bulutlar orasidan sekin muralab chiqayotgan quyoshga iltijo qilib kunlarni tez isishini, daraxtlar va gullarni uygʻonishini ishora qilmoqda. Ariqlardan sekin jildirab oqayotgan suvni toshlarga urilib shoʻx-shodon sakrashini, bir-biriga navbat bermay chugʻurlashayotgan qaldirgʻochlarni suhbatini, osmonda qayergadir shoshib ketayotgan bulutlar toʻdasiga qarab turib Tangriga shukurlar aytib yuborasan kishi.

Bu shukronaliklar oʻz quchogʻida yurtimizga Navroʻz bayramini olib kirib kelmoqda. Har bir insonni qalbida ertangi kunga umid va ishonch bagʻishlaydi. Ayniqsa, dalalarda nish urib chiqayotgan yalpizlar hidi qish faslida zerikib, deraza oynalariga tikilib oʻtirgan momolarimizni jonlantirib yuboradi. Ular darrov yeng uchilarini shimarishib omborda tagi koʻrinib qolgan idishlar ichidan bugʻdoy donalarini terib sumalak tayyorlash uchun hozirlik koʻrishga shaylangan. Qishning injiqliklaridan bezib qolgan inson tanasi koʻk somsa, koʻk chuchvara va xalimlardan oʻziga kerakli darmon olishni istaydi. Sumalak uchun taxtalar ustiga terib qoʻyilgan bugʻdoy unib-oʻsib chiqqach mahalla kayvonilari bir zumda doshqozonga yogʻni qizdirishga tushib ketishadi. Sumalakni doshqozonga solib uni atrofida yigʻilib qilinadigan niyatlar va duolar urf-odatlarimizni eng esga qolarli daqiqalaridir.

Navroʻz bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qatʼiy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!

Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan, millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Bu bayram qadim-qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulugʻlab kelayotgan bayram.

Yurtimizda uygʻonish, yasharish, yangilanish ayyomi – Navroʻzi olam nafasi ufurib turibdi. Xalqimiz ushbu qutlugʻ shodiyonani har yili oʻzgacha shukuh va kayfiyat bilan qarshi oladi. Allohga shukurki, ona-yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod. Ana shunday ozod yurtning obod manzillarida esa sizu biz  azaliy ayyom – Navroʻzi olamni zoʻr quvonch va katta  xursandchiliklar ila qarshi olmoqdamiz.

Ushbu fursatdan foydalanib Sizlarni yangilanish va yosharish ayyomi boʻlmish Navroʻz umumxalq bayrami bilan muborakbod etamiz. Yurtimiz ravnaqi va xalqimizning farovonligi yoʻlida amalga oshirayotgan ezgu ishlaringizda omad yor boʻlsin!

Navroʻz bayramingiz muborak boʻlsin!

Shahnoza Ochilova

Respublika kengashining tashkiliy ishlar

 bo‘yicha bosh mutaxassisi

Print Friendly, PDF & Email