KIMYO VA FARMATSEVTIKA SANOATI XODIMLARI KASABA UYUSHMASI RESPUBLIKA KENGASHINING V MAJLISI VA IJROIYA QO‘MITASINING 12-YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI

Бош саҳифа Корхона янгиликлари

Joriy yilning 15-dekabr kuni Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining V Majlisi va Ijroiya qo‘mitasining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Respublika kengashi raisi Alimdjanova Nigora Adxamovna осhib berdi va olib bordi.

Yig‘ilish kun tartibida tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar, Respublika kengashi kasaba uyushmasining 2023-yil davomidagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Respublika kengashi tomonidan mehnatkashlarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida 2023-yil davomida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Jumladan, xodimlardan kelib tushayotgan murojaatlarning tez va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida shaxsan birinchi rahbarning nazoratida har bir murojaat ko‘rib chiqilmoqda. Murojaatlar mazmuni bo‘yicha asosan ish haqi to‘lovlari,  ish vaqti, ishdan bo‘shash va intizomiy jazo choralari qo‘llash, mehnat muhofazasi mavzusida kelib tushgan. Yuridik xizmatga kelib tushgan barcha murojaatlar qonun talablari asosida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib mualliflarga javob berilgan.

Bugungi kunda kimyo va farmatsevtika sanoati tizimidagi tuzilgan tarmoq jamoa kelishuvlari ijtimoiy sheriklikning eng asosiy hujjati sifatida kasaba uyushmalari harakatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy sheriklik natijasida aholining turli tabaqalariga manzilli yordam ko‘rsatish, mehnat sharoitlari va muhofazasi, mehnatga haq to‘lash, bandlikni ta’minlash, sog‘lomlashtirish kabi masalalarga oid O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlariga, hukumat qarorlari va boshqa me’yoriy hujjatlarga asoslangan holda jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomalari tuzilib, ular mehnat shart-sharoitlari mezonlariga muvofiqlashtirildi.

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroya qo‘mitasining 2023-yil 17-martdagi 8-22 “s”-sonli qarori bilan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika kengashining dasturi tasdiqlangan bo‘lib, dasturga asosan pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishdan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va ularni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash rejasi bo‘yicha 1102 nafar xodimga, ishlamaydigan pensionerlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj (korxonaning sobiq xodimlari)ga moddiy yordam ko‘rsatish rejasi bo‘yicha 3031 nafariga, ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan yosh onalarga moddiy yordam ko‘rsatish rejasi bo‘yicha 912 nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari uchun o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish harajatlarini qisman qoplash, kam ta’minlangan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabalarga o‘quv shartnomasi pullari qisman to‘lovini amalga oshirish, yosh xodimlarga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan foizsiz ssudalar berish masalalarida ham mablag‘lar ajratib kelinmoqda.

Joriy yilda 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan tarmoq tizimidagi “Farg‘onaazot” AJ jihozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash sexi chilangar ta’mirlovchisi Axmedov Ubaydulla Xusanovich “Ehtirom nishoni” bilan taqdirlandi.

O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsyasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovining sanoat va ishlab chiqarish sohasi yo‘nalishida “Navoiyazot” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.

“Eng yaxshi jamoa shartnomasi” ko‘rik-tanlovida “Maksam-Chirchiq” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi 3-o‘rinni egalladi.

Respublika kengashi tomonidan joriy yilda qator ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari o‘tkazildi. Jumladan,

“O‘zkimyosanoat” va Respublika kengashi hamkorligidagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha musobaqani o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarorga asosan tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha musobaqaning respublika-tarmoq final bosqichi “Sport−salomatlik garovi” shiori ostida bo‘lib o‘tdi.

“Yilning eng namunali tashkiloti”, “Eng yaxshi jamoa shartnomasi-2023”, “Yilning eng faol yosh kimyogari”, “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovi” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi va g‘oliblar Respublika kengashi tomonidan diplom hamda qimmatbaho savg‘alar bilan taqdirlandilar.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida xodimlar va ularning oila a’zolarining respublikamizning tarixiy shaharlariga hamda o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor joylarga, ziyoratgohlarga, jumladan, Xorazm, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahriga sayohatlar uyushtirildi.

Mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimizni, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalarni munosib taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan “Nuroniy” jamg‘armasining “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga  Respublika kengashi tizimidagi Yangiyo‘l “BIOKIMYo” AJ kasaba uyushmasi ko‘mitasi raisi Ishmatov Baxodir Nishanaliyevich va “Maxam-Shirchiq” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kasimxodjayeva Xuriyfa Ashirovnaning nomzodlari tavsiya etildi. Natijada Kasimxodjayeva Xuriyfa Ashirovna I darajali ko‘krak nishoni, Ishmatov Baxodir Nishanaliyevich esa II darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Yig‘ilishda Respublika kengashi, Ijroiya qo‘mitasi va taftish komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Majlis a’zolari tomonidan 2024-yildagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Print Friendly, PDF & Email