PREZIDENT MAKTUBI — AVLODLAR TARBIYASI VA HAYOT SABOG‘I

Бош саҳифа

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning “Suyukli nabiram Shavkatbekka parvoz davomida bitilgan maktub” sarlavhali samimiy maktubi keng jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Unda ilgari surilgan hayotiy qarashlar, ezgu gʻoyalar va tarbiyaviy xulosalar bugun jamiyatimizning turli qatlamlari, mehnat jamoalari, taʼlim muassasalari hamda tashkilot va korxonalarida qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxona, tashkilot va taʼlim muassasalarida ham maktubning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, undagi muhim hayotiy saboqlarni keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tarmoq tizimidagi “Navoiyazot” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Ammofos-Maxam” AJ, “Qizilqum fosforit kompleksi” AJ, “Qoʼngʼirod soda zavodi” MChJ QK, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK kabi yirik korxonalarning boʻlim va sexlarida xodimlarni keng jalb etgan holda tashkil etildi.

Tadbirlar davomida ishtirokchilarga maktub mazmuni oʻqib eshittirilib, unda ilgari surilgan hayotiy tamoyillar atroflicha muhokama qilindi. Samimiy muloqot va fikr almashuvlar jarayonida Vatanga sadoqat, xalq manfaati yoʻlida xizmat qilish masʼuliyati, vaqtning qadriga yetish, hayotda aniq maqsad va yuksak intilishlar bilan yashash, yosh avlodni maʼnaviy barkamol insonlar etib tarbiyalash kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, bugungi shiddatli globallashuv va jadal taraqqiyot sharoitida zamon bilan hamnafas boʻlish, ilm-fan sirlarini chuqur egallash, xorijiy tillarni puxta oʻrganish, zamonaviy texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali va oqilona foydalanish har bir yoshning hayotiy ehtiyojiga aylanib borayotgani taʼkidlandi.

Jonli muloqot, samimiy suhbat va mazmunli bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtgan tadbirlarda ishtirokchilar maktubda bayon etilgan har bir fikr zamirida chuqur hayotiy maʼno, katta tarbiyaviy ahamiyat mujassam ekanini alohida eʼtirof etdilar.

Darhaqiqat, mazkur maktub nafaqat yosh avlod uchun yoʻl-yoʻriq va hayotiy saboq, balki har bir ota-ona, rahbar va mehnat jamoasi aʼzosi uchun ham ulkan masʼuliyatni anglatuvchi maʼnaviy dasturilamaldir. U insonni oʻz hayoti, burchi va jamiyat oldidagi masʼuliyati haqida mushohada yuritishga, ezgu maqsadlar sari intilishga, Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga chorlaydi.

Shavkat Toirov

Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassis

Print Friendly, PDF & Email