BOLALAR SALOMATLIGI VA DAM OLISHI — USTUVOR VAZIFA

Бош саҳифа

Yozgi taʼtil — bolalar uchun nafaqat dam olish, balki sogʻlomlashish, yangi doʻstlar orttirish va mazmunli vaqt oʻtkazish imkoniyatini beradigan muhim davrdir. Shu bois mamlakatimizda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini har tomonlama tayyorlash, ularda xavfsiz va qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimidagi korxonalar tasarrufidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida ham joriy yilgi yozgi mavsumga puxta tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.

Korxonalarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi asosida oromgohlarda keng koʻlamli qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Jumladan, yangi binolar barpo etildi, mavjud inshootlar rekonstruksiya qilinib, kosmetik taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, hududlarni obodonlashtirish, tozalash, daraxt va manzarali gul koʻchatlari ekish ishlari ham amalga oshirildi.

Joriy yozgi mavsumda Respublika kengashi tizimidagi oromgohlarda 5 300 nafar bolaning sifatli dam olishi va sogʻlomlashtirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Respublika kengashiga qoʻshimcha ravishda 360 nafar bola uchun yoʻllanma ajratildi.

Bolalarning dam olish sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida Respublika kengashi tomonidan “Navoiyazot” AJning “Oftobjon”, “Maxam-Chirchiq” AJning “Kimyogar”, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning “Yosh kimyogar” hamda “Ammofos-Maxam” AJning “Chimyon” oromgohlariga televizorlar begʻaraz sovgʻa sifatida taqdim etildi.

Ayni paytda Respublika kengashi tizimidagi oltita bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida — “Kimyogar” (“Maxam-Chirchiq” AJ), “Kimyogar” (Fargʻonaazot AJ), “Oftobjon” (“Navoiyazot” AJ), “Chimyon” (“Ammofos-Maxam” AJ), “Yosh kimyogar” (“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ) hamda “Boʻston” (“Andijon biokimyo zavodi” AJ) oromgohlarida yozgi mavsum yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Bolalar salomatligini muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda oromgohlar malakali tibbiyot xodimlari, yetarli miqdordagi dori-darmon vositalari va zarur tibbiy preparatlar bilan taʼminlandi. Bolalar oromgohga kelgan birinchi kunning oʻzida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, dam olish davri mobaynida ularning salomatligi muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Shuningdek, oromgohlarga yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati qatʼiy nazoratga olingan boʻlib, barcha oromgohlar aloqa va transport vositalari bilan toʻliq taʼminlangan.

Bugungi kunda barcha bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida yozgi mavsumning ochilish marosimlari koʻtarinki ruhda oʻtkazilmoqda. Bolalar uchun sport musobaqalari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, intellektual tanlovlar va turli qiziqarli dasturlar tashkil etilib, ularning dam olishi mazmunli va esda qolarli oʻtishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Mamlakatimizda yosh avlodning sogʻlom oʻsishi, ularning jismoniy va maʼnaviy kamolotini taʼminlashga qaratilgan bunday ishlar kelajak avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Ziyodilla Umarov

Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari

boʻyicha yetakchi mutaxassis

 

Print Friendly, PDF & Email