YOSH KIMYOGARLAR INNOVATSION G‘OYALARI BILAN MAYDONGA CHIQMOQDALAR

Бош саҳифа

Mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, sohada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning innovatsion tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJ hamda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” forumi haftaligi o‘tkazilmoqda.

An’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur forum bugungi kunda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda kimyo sanoati korxonalari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etmoqda.

Forumning eng muhim tadbirlaridan biri “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” tanlovidir. Tanlov yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etish, sanoat uchun yangi va raqobatbardosh mahsulotlar yaratish, ishlab chiqarish jarayonlariga tejamkor hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Tanlov ishtirokchilari 15 ta jamoaga bo‘lingan holda o‘z g‘oyalarini yanada takomillashtirish va ularni amaliy yechimlarga aylantirish ustida ish olib bordilar. Bu esa yosh mutaxassislarning ijodiy fikrlashi, jamoaviy ishlash ko‘nikmalari va innovatsion yondashuvlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Haftalik davomida kimyo tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Shuningdek, tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar doirasida ishtirokchilar soha rahbarlari va tajribali mutaxassislar bilan fikr almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Jumladan bugun, forum doirasida ishtirokchilar uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda AI yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ekspertlar tomonidan sun’iy intellektning bugungi kundagi imkoniyatlari, uning ishlab chiqarish va ta’lim tizimlaridagi ahamiyati, ma’lumotlarni tahlil qilishdagi o‘rni hamda mehnat unumdorligini oshirishga qo‘shayotgan hissasi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Seminar davomida ChatGPT va boshqa zamonaviy AI vositalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga kontent yaratish, taqdimotlar tayyorlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash hamda innovatsion tashabbuslarni rivojlantirishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Interaktiv formatda tashkil etilgan mashg‘ulot davomida qatnashchilar mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib borib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarining istiqbollari va ularni turli sohalarda qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Forum dasturidan intellektual va sport tadbirlari ham o‘rin olgan. Jumladan, “Zakovat” intellektual o‘yini, shaxmat musobaqasi hamda kimyo sanoati korxonalari ko‘rgazmalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur forum yoshlarning ilmiy va innovatsion faolligini oshirish, sohaga yangi g‘oya va tashabbuslarni jalb etish, shuningdek, mamlakatimiz kimyo  sanoatining raqobatbardoshligini mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.

Shavkat Toirov

Yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi

Print Friendly, PDF & Email