YOSH LABORANTLAR KENGASH NIGOHIDA!

Бош саҳифа

Bugungi kunda insoniyat hayotida kimyo fani va kimyo sanoati nechogʻli muhim oʻrin egallashini barchamiz birdek bilamiz. Kimyo fanisiz ishlab chiqarishni tasavvur qilish qiyin. Kimyo sohasi davlatlarning rivojiga va kelajagiga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Eng muhimi aholining sogʻlom hayot kechirishida va salomatligini saqlashda kimyoviy kashfiyotlarning oʻrni alohida.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2019-yilda “Eng faol yosh ishchi kasb egasi” tanlovi joriy qilingan edi. Tanlov maqsad koʻlamiga koʻra mamlakatimizda mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini va oʻz kasbini puxta oʻzlashtirgan yosh mutaxassislarni tayyorlab borishni nazarda tutadi. Ayni tanlovning “Kimyoviy tahlil laboranti” nominatsiyasi boʻyicha mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ishchi kasblarni ommalashtirish, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, ularning kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda.     Shu jumladan, Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan tarmoq tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan laborant xodimlar oʻrtasida “Kimyoviy tahlil laboranti” koʻrik-tanlovi eʼlon qilingan edi.

Joriy yilning 11-iyul sanasida D.I.Mendeleнev nomidagi  Rossiya kimyo va texnologiyalar universitetining Toshkent shahar filialida tarmoq tizimidagi faoliyat olib borayotgan laborantlar ishtirokida koʻrik-tanlovning respublika-tarmoq bosqichi boʻlib oʻtdi. Tanlov shartlariga koʻra, birinchi shartda ishtirokchilar oʻzlari va ish joylari haqida qisqacha maʼlumot berdilar va shaxsan oʻzlari olib borayotgan ilmiy izlanishlari boʻyicha taqdimot qildilar.

Ikkinchi shart nazariy savol-javob tarzida mutaxassislik va texnika xavfsizligiga oid yozma savollarga javob berish orqali yosh laborantlarning bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Uchinchi shartga koʻra, ishtirokchilar tomonidan universitet laboratoriyasida oʻtkazilgan kimyoviy tahlillar barcha kuzatuvchilar eʼtiborini oʻziga tortdi. Qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlgan koʻrik-tanlov gʻoliblari Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan taqdirlandilar.

1-oʻrin gʻolibi – “Navoiyazot” AJ 33-Markaziy laboratoriya birlashmasi sehi 2-toifali reaktivlar ishlab chiqarish apparatchisi Qosimova Sayyora Sodiq qizi;

2-oʻrin gʻolibi – “Maxam-Chirchiq” AJ Texnik nazorat boʻlimi laboranti Erkinova Munira Murat qizi;

3-oʻrin gʻolibi –  “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ Absorbsiya, distillyatsiya, karbonizatsiya va filtrlash sexi laboranti Umiraliyeva Gulshat Tolegen qizi deb eʼlon  qilindi.

Yosh laborantlarimizni kelajakdagi ishlariga omad tilab, yurtimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qilishlariga umid bogʻlaymiz!

Print Friendly, PDF & Email