YANGI TAHRIRDAGI MEHNAT KODEKSINING MAZMUNI

Бош саҳифа Янгиликлар

Xabaringiz bor O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 28-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi (O‘RQ-798-sonli) qonun imzolandi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi 1995-yildagi birinchi tahriridan farqli ravishda, unda majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaslik kabilar asosiy printsip etib belgilandi. Davlat ehtiyojmand aholini ishga joylash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni taʼminlaydi.

Yangi tahrirda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy printsiplari etib quyidagilar belgilandi:

  • mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
  • mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
  • mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
  • mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
  • xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

Xususan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Shuningdek, davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni taʼminlaydi.

Mazkur toifaga quyidagilar kiradi:

  • 14 yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona, shuningdek ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar;
  • umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar;
  • “Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlarining davlat grantlari bo‘yicha taʼlim olgan bitiruvchilari;
  • Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
  • odam savdosidan jabrlanganlar.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan uning avvalgi talqini o‘z kuchini yo‘qotadi.

Print Friendly, PDF & Email