Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tarmoq tizimidagi “Ammofos-Maxam” AJ korxonasida 11-noyabr-Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” shiori ostida bayram tadbiri oʻtkazildi.
Bayram tadbirida Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alimdjanova Nigora Adxamovna, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari Muhabbat Oʻrmonbekova, “Ammofos-Maxam” AJ korxonasi rahbariyati vakillari, korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Qudratjon Raximov, kasaba uyushmasi faollari va korxona xodimlari ishtirok etdi.

Bayramni ochilish marosimida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alimdjanova Nigora Adxamovna barchani 11-noyabr –Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami bilan tabrikladi va kasaba uyushmalari tashkiloti xodimlarni va ularni oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni bundan keyin ham jadal olib borilishini taʼkidladi.
Bugungi kunda “Ammofos-Maxam” korxonasida tuzilgan jamoa shartnomasi asosida xodimlarga imtiyoz va kafolatlar berib kelinomoqda. Jamoa shartnomasi ijrosini bajarishda korxonaning jami 28 nafar seh kasaba uyushmasi qoʻmitasi raislari va kasaba uyushmasi qoʻmitasining doimiy komissiyalari faol ishlab kelmoqdalar. Korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan xodimlarni, jumladan, xotin-qizlar va yoshlarni keng jalb etgan holda bayramlar, maʼnaviy-maʼrifiy va sport-sogʻlomlashtirish tadbirlari, xodimlar oʻrtasida turli musobaqalar va koʻrik-tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda.
-Yurtimizda kechayotgan islohotlarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faol hissa qoʻshmoqda, kasaba uyushmalarining erkin va keng koʻlamli faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilib, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga koʻtarildi. “Ammofos-Maxam” AJda 2023-2025-yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasi orqali korxona xodimlari ijtimoiy- iqtisodiy va huquqiy himoyalangan. Biz yuksak maqsadlarni koʻzlaganmiz. Bu maqsadlarga erishish bizdan fidoiylik, ona yurtga sadoqat, hamjihatlikni talab qiladi. Oldimizda hali qilinishi lozim boʻlgan ishlarimiz, rejalarimiz koʻp. Yurtboshimizning kasaba uyushmalariga qaratayotgan eʼtiboridan behad mamnunmiz, bu esa kelgusidagi faoliyatimizga yangi kuch, yangi ruh bermoqda,-deydi korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Qudratjon Raximov.
Bayram dasturi avvalida korxonada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tomonidan bezatilgan dasturxonlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari korxonaning ishlab chiqarish sehlarida boʻlib xodimlarni ish joyida tabriklashdi.


-Korxonada xodimlarga, ayniqsa, ayollar va yoshlarga eʼtibor qaratilgan. Sehimizda xodimlar oʻz vaqtida maxsus kiyim, maxsus poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya vositalari, sut va shunga teng boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena vositalari bilan taʼminlanmoqda,-deydi korxonaning taʼmirlash qurilish-montaj sehi tabelchisi Feruza Xolmatova.
Tadbir davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mehmonlar va korxona xodimlari ishtirokida “Ammofos-Maxam” AJ hududida joylashgan “Kasaba uyushmasi qoʻmitasi bogʻi”ga manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
Shundan soʻng korxonaning faollar zalida xodimlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda Yurtboshimiz tomonlaridan mamlakat rivoji va xalqimiz farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar barchamizni Ona vatan uchun fidoiylik bilan xizmat qilishga undashini va bu yoʻlda kasaba uyushmalari ham xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash borasida yangi pogʻonaga koʻtarilganligini, “Inson qadri, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu gʻoya yoʻlida mehnat qilishimiz biz uchun dasturil amal boʻlishi lozim,-deya taʼkidladi.

Tadbir yakunida faol xodimlarga va kasaba uyushmasi faollariga Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bayram munosabati bilan korxonada bayram oshi damlanib xodimlarga ulashildi.
Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan qoʻshigʻu raqslar barchaga koʻtarinki bayram kayfiyatini ulashdi.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: