Hurmatli hamyurtlar va hamkasblar!
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan Siz azizlarni chin yurakdan muborakbod etamiz.
Soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida Oʻzbekiston xalqaro davtlar orasida oʻz nufuziga ega boʻlib bormoqda. Bugun Vatanimiz tinch va xalqimiz farovon hayot kechirmoqda. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan olib borilayotgan islohotlar natijasida Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatildi, inson huquqlari kafotlatlari kuchaytirildi, majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatining tugatilishiga erishildi. Aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi boʻyicha yangi tizim joriy etildi. Xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi yangi tizimlarning yaratilishi natijasida koʻplab xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy hayotida ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Shu oʻrinda Orol dengizini asrab qolish va qurigan tubida oʻrmonlar barpo etish borasida ham katta-katta loyihalarni amalga oshirilayotganligi xalqaro tashkilotlarning ham bu masalaga jiddiy ahamiyat qaratishga undamoqda.
Bu yil Mustaqillik bayrami arafasida oʻzbek sportchilarining Parij-2024 Olimpiadasida munosib ishtirok etib, dunyo davtlatlari orasida yuqori oʻrinlarni egallaganliklari barchamizni birdek xursand etdi. Butun dunyo davlatlari bugun Oʻzbekistonning ilmda ham, sportda ham nimalarga qodir ekanligini koʻrib haqli ravishda tan bermoqdalar.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida ham “Yangi Oʻzbekiston –yangi kasaba uyushmalari!” shiori ostida toʻyga toʻyona sifatida joriy yilda qator obyektlar yurtdoshlarimiz xizmatiga topshirildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Qumariq” mahallasida jami 5,5 gektarlik maydonda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bogʻi barpo etildi, Sirdaryo viloyatining “Yangiyer” sanatoriysi hududida yangitdan qurib bitkazilgan zamonaviy yopiq basseyn, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida suv sporti saroyi bunyod etildi. Mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan boʻlib, bu yerda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan. Shuningdek, majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatliklarini mustahkamlashlari uchun sharoitlar yaratilgan. U bir vaqtning oʻzida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Shuningdek, kuni kecha ochilishi boʻlgan Xorazm viloyatining Xonqa tumanida barpo etilgan zamonaviy “Xonqa” sanatoriysi foydalanishga topshirildi.
Darhaqiqat, mustaqillik Bizga oʻzligimizni, milliy gʻururimizni, tilimiz va dinimizni qaytib berdi. Bugun bu diyorda koʻp millatli xalq tinch va hamjihatlikda yashab kelmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar shunday bayramona kunda barchangizni bayram bilan yana bir bor muborakbod etib, Siz azizlarga sogʻlik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik va kelgusi ishlaringizda omad va zafarlar tilaymiz. Yurtimiz tinch boʻlsin va xalqimiz hayoti bundanda farovon boʻlaversin!
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: