OʻZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING
USTAVI
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2010-yil 21-dekabrdagi V Qurultoyida qabul qilingan.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2014-yil 27-fevraldagi navbatdan tashqari VI Qurultoyida qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan.
- UMUMIY QOIDALAR
1.1. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (bundan buyon matnda “Federatsiya” deb yuritiladi) – ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarida kasaba uyushmalari aʼzolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda manfaatlarini hamkorlikda amalga oshirish va himoya qilish uchun birlashgan Respublika kasaba uyushmalari(bundan buyon matnda “Kasaba uyushmalari” deb yuritiladi)tomonidan ixtiyoriy asosda tuzilgan.
1.2. Federatsiya daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan Uyushma tashkiliy-huquqiy shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotdir.
1.3. Federatsiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi va respublika miqyosidagi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻzining aʼzo tashkilotlariga ega.
1.4. Federatsiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat va Fuqarolik kodekslari, Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va ushbu Ustav asosida amalga oshiradi.
1.5. Federatsiya oʻz tuzilmasi, faoliyatining maqsad, shakl va uslublarini belgilashda erkindir, mustaqil ravishda oʻz organlarini shakllantiradi va shtatdagi xodimlar apparatini tuzadi.
1.6. Federatsiya oʻzining maqsad va vazifalariga muvofiq xalqaro va xorijiy kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi, kasaba uyushmalarining xalqaro va boshqa uyushmalariga kirishi va chiqishi mumkin.
1.7. Federatsiya ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat organlari, ish beruvchilar, ularning birlashmalari, siyosiy partiya va harakatlar, boshqa jamoat birlashmalari, yuridik shaxslar va fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
1.8. Federatsiya oʻz faoliyatida davlat organlari, ish beruvchilar, ularning birlashmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
1.9. Federatsiyaning nomlanishi:
oʻzbek tilida: toʻliq – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi; qisqartmasi – OʻzKUF;
rus tilida: toʻliq – Federatsiya profsoyuzov Uzbekistana; qisqartmasi – FPUz;
ingliz tilida: toʻliq – Federation of Trade Unions of Uzbekistan; qisqartmasi – FTUUz.
1.10. Federatsiya rahbar organi – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining joylashgan yeri (pochta manzili): 100165. Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro koʻchasi, 24-uy.
- FEDERATSIYANING MAQSAD VA VAZIFALARI
2.1. Federatsiya aʼzo tashkilotlarning kasaba uyushmalari aʼzolarini ijtimoiy-mehnat huquqlari, ishlab chiqarish, kasbiy, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, aʼzo tashkilotlarning umumiy maqsadlariga erishish, umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, amaldagi qonunchilik doirasida ularning huquqiy kafolatlarini taʼminlash maqsadida tuzilgan.
2.2. Oʻz maqsadlariga erishish uchun Federatsiya:
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari harakatining strategiya va taktikasini ishlab chiqadi, aʼzo tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirishga, ularni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
ijtimoiy sheriklik tizimini rivojlantirishga, kasaba uyushmalari, ish beruvchilar hamda Hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining uch taraflama hamkorligi tamoyillarining amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
Federatsiya, ish beruvchilarning Respublika birlashmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida Bosh kelishuvni, Federatsiyaga aʼzo tashkilotlarning manfaatlariga javob beradigan boshqa kelishuvlarni ishlab chiqish va tuzish tashabbusi bilan chiqadi, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mehnat munosabatlariga oid xalqaro shartnomaning ratifikatsiya qilinishida, shuningdek mehnat munosabatlari, bandlik, mehnat migratsiyasi, kasb-hunar taʼlimi, mehnat va sogʻliqni muhofaza qilish, kasaba uyushmalari huquqlari va faoliyatining kafolatlarini kengaytirish, gender tengligi, yoshlarga oid va ijtimoiy-mehnat sohasiga aloqador boshqa masalalarga doir qonun hujjatlarining ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat va mehnatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
xodimlarning munosib turmush tarzi va ijtimoiy himoyasini taʼminlaydigan sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan davlat dasturlarining shakllantirilishi va amalga oshirilishida ishtirok etadi;
kasaba uyushmalari aʼzolari va ularning oilalari oʻrtasida sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etadi, madaniyat, turizm, ommaviy jismoniy tarbiya va sport muassasalarini, sanatoriy-kurortlarda davolash, bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirishni rivojlantirish masalalarida davlat hokimiyati va boshqaruvi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ish beruvchilar va jamoat birlashmalari bilan birgalikda harakat qiladi;
Federatsiya mulkining saqlanishini taʼminlaydi, unga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan samarali foydalanish choralarini amalga oshiradi, aʼzo tashkilotlarning mulkdan samarali foydalanishlari boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi.
2.3. Federatsiya kasaba uyushmalari tashkilotlarining quyidagilarga erishishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiradi va qoʻllab-quvvatlaydi:
millati, jinsi, yoshi va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, kasaba uyushma aʼzosining mehnat qilish, ish va kasbini erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitiga va ishsizlikdan himoyalanishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishiga;
maksimal darajada bandlikning taʼminlanishi, daromadlarning oshirilishi va mulkiy tabaqalanish darajasining kamaytirilishiga;
mehnatga haq toʻlash va mehnat rejimining ijtimoiy adolatli tizimi joriy etilishiga;
ishlab chiqarishni rivojlantirish darajasiga muvofiq ishlovchilarning malakasi oshirilishi va kasbiy qayta tayyorlanishiga;
mehnat, mehnat va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishiga;
davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan mehnatkashlarning mehnat, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquq va manfaatlariga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, xalq farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va yurt osoyishtaligini saqlash borasida oʻzaro hamkorlik olib borilishiga;
ijtimoiy sheriklik yoʻlga qoʻyilishi, jamoa muzokaralarining tashkil etilishi, jamoa shartnomalari va kelishuvlari tuzilishi, ularning bajarilishi ustidan nazoratning amalga oshirilishiga;
xodimlar va ularning oila aʼzolarining sogʻlomlashtirish, ommaviy sportni targʻib etish, maʼnaviy salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini tashkil etilishiga, shuningdek madaniyat, jismoniy tarbiya va sport inshootlari, sanatoriylar, dam olish uylari, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishiga koʻmaklashishga.
- FEDERATSIYAGA AʼZO TASHKILOTLAR, ULARNING
HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
3.1. Ushbu Ustavning 3.2-bandida belgilangan tartibda aʼzolikka qabul qilingan, mazkur Ustavni tan oladigan va bajaradigan kasaba uyushmalari Federatsiyaga aʼzo tashkilotlar hisoblanadi.
3.2. Federatsiyaga yangi aʼzo tashkilotlarni qabul qilish haqidagi qaror kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati nomiga yozilgan va ularning kollegial organi qarori, Ustavi, aʼzolar soni haqidagi maʼlumot, tashkiliy tuzilmasi, rahbar organlarining joylashgan joyi, yuridik manzili, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi, aʼzolik badallarini toʻlash boʻyicha majburiyati ilova etilgan yozma arizasi asosida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga aʼzolikka qabul qilish haqidagi Federatsiya Kengashi Rayosati qarori Federatsiya Kengashi tasdigʻiga kiritiladi.
Federatsiyaga qabul qilish rad etilganda bu masala kiruvchi tashkilot tomonidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashida (bundan buyon matnda “Federatsiya Kengashi” deb yuritiladi)koʻrib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
3.3. Aʼzo tashkilotlarning Ustavlari Federatsiyaning maqsad va vazifalariga zid boʻlmasligi kerak. Kasaba uyushmalari Ustavlari va Federatsiya Ustavida tafovutlar mavjud boʻlgan qoidalarni qoʻllash yuzasidan bahsli holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Federatsiya Ustavi qoidalari qoʻllanadi.
3.4. Quyidagi hollarda Federatsiyaga aʼzolik toʻxtatiladi:
amaldagi qonunchilik asosida aʼzo tashkilot tugatilganda;
aʼzo tashkilot Federatsiya tarkibidan chiqqanda;
aʼzo tashkilot Federatsiya tarkibidan chiqarilganda.
Federatsiya tarkibidan chiqish toʻgʻrisida qaror Federatsiya Kengashini kamida uch oy oldin ogohlantirgan holda, aʼzo tashkilotning faqat Qurultoyi, konferensiyasida qabul qilinishi mumkin.
Federatsiya tarkibidan chiqish toʻgʻrisidagi qaror Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangunga qadar aʼzo tashkilot mazkur Ustavni bajarishga majbur.
Ustav talablari, Federatsiya kollegial organlari qarorlarini bajarmayotgan, Federatsiyaga aʼzolik badalini toʻlamayotgan aʼzo tashkilot Federatsiya Kengashi qaroriga binoan Federatsiya tarkibidan chiqarilishi mumkin.
Aʼzo tashkilot Qurultoyining Federatsiyadan chiqish haqidagi qarori uch oy muddatda koʻrib chiqiladi.
3.5. Aʼzo tashkilotlar quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Ustavga va Federatsiyaning Harakat dasturi prinsiplariga zid kelmaydigan dasturiy va lokal hujjatlarni qabul qilish;
oʻz vakillarini Federatsiya Kengashi tarkibiga saylash, ularni chaqirib olish, almashtirish;
Federatsiyaning saylab qoʻyiladigan organlariga kasaba uyushmalari faoliyatining har qanday masalalari boʻyicha murojaat qilish, tushuntirish va axborot olish, zarurat tugʻilganda qoʻyilgan masalani hal qilishda qoʻllab-quvvatlanish;
hujjatlar loyihalarini Federatsiya Qurultoylari va saylab qoʻyiladigan organlariga koʻrib chiqish uchun kiritish;
oʻz vakillari orqali Federatsiyaning kollegial organlari ishida ishtirok etish;
xodimlarning ijtimoiy-mehnat huquqlari va manfaatlariga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga Federatsiyaning takliflarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Federatsiya Kengashi, Respublika ish beruvchilar uyushmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida Bosh kelishuv loyihasiga oʻz takliflarini kiritish va Federatsiya Kengashining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatida qatnashish;
Federatsiyaning turli xil dasturlarini ishlab chiqish va jamgʻarmalarini tuzishda ishtirok etish;
Federatsiya mulkidan foydalanish va uni boshqarishda ishtirok etish;
kasaba uyushmalari kadrlari va faollarini oʻqitish, oʻz faoliyati uchun zarur axborot olish va tarqatish uchun Federatsiya imkoniyatlaridan foydalanish. Oʻz vakillarini Federatsiya tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar, oʻquv seminarlariga yoʻllash;
kasaba uyushmasi xodimlarini va faollarini Federatsiya nishonlari va Faxriy yorligʻi bilan taqdirlash toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar, shuningdek, ularni Davlat mukofotlari va faxriy unvonlarga tavsiya etish boʻyicha Federatsiya tomonidan qoʻllab-quvvatlashni soʻrab taqdimnomalar kiritish.
3.6. Aʼzo tashkilotlar:
Federatsiya Ustavi talablarini bajarishga;
Federatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, uning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda faol ishtirok etish, Federatsiya aʼzo tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya etishda birdamlik koʻrsatishga, Federatsiyaning maqomini mustahkamlash va uning jamiyatdagi hamda xalqaro kasaba uyushmalari harakatidagi rolini oshirish boʻyicha ish olib borishga;
Federatsiya organlarining mazkur Ustavga muvofiq qabul qilgan qarorlarini bajarishga;
Federatsiya Kengashi, Respublika ish beruvchilar uyushmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida Bosh kelishuv tuzilishi va bajarilishiga koʻmaklashishga;
Federatsiyaga kiruvchi kasaba uyushmalarida aʼzolik va aʼzolik stajini oʻzaro tan olishga;
Federatsiya va unga kirgan aʼzo tashkilotlar manfaatlarini kamsitadigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslikka;
Federatsiya tegishli aʼzo tashkilotlarining oldindan oʻzaro xabar qilmasdan kasaba uyushmalari tashkilotlarini bir kasaba uyushmasidan boshqasiga oʻtishiga yoʻl qoʻymaslikka;
oʻz ustavlari, nizomlari va rahbar kadrlari tarkibidagi oʻzgarishlar, qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan harakatlar haqida Federatsiyani xabardor qilib borishga;
Federatsiya taʼsis etgan ommaviy axborot vositalari, uning tasarrufidagi boshqa tashkilotlari faoliyatiga koʻmaklashishga;
oʻzlari birlashtirgan kasaba uyushmalari aʼzolari soni haqida maʼlumot, aʼzolik badallarini hisoblash va toʻlash bilan bogʻliq moliyaviy hisobot, boshqa statistik maʼlumotlarni normativ hujjatlarda belgilangan shakl va tartibda Federatsiya Kengashiga taqdim etishga majburlar.
3.7. Aʼzo tashkilotlar rahbarlari Federatsiya kollegial organlari qabul qilgan qarorlarning amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
Qarorlarni bajarmaslik hollari Federatsiya kollegial organlari majlislarida koʻrib chiqiladi, natijalari va koʻrilgan choralar haqida axborot aʼzo tashkilotlarga yuboriladi.
- FEDERATSIYA TASHKILIY TUZILISHI
VA FAOLIYATINING ASOSIY PRINSIPLARI
4.1. Federatsiya oʻz faoliyatini adolat, qonuniylik, birlik, oshkoralik, mustaqillik, oʻzini oʻzi boshqarish, ixtiyoriylik, aʼzo tashkilotlar huquq va majburiyatlari tengligi, ozchilik fikri hisobga olingan va kelishuvga intilgan holda qabul qilingan Federatsiya organlari qarorlarining aʼzo tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiyligi tamoyillariga asosan amalga oshiradi.
4.2. Federatsiya tuzilmasini quyidagilar tashkil etadi:
kasaba uyushmalari tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar birlashmalari;
Respublika kasaba uyushmalari;
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi.
Kasaba uyushmalarida xotin-qizlar va yoshlar kengashlari (qoʻmitalari) tuzilishi mumkin, ular toʻgʻrisidagi nizom taʼsischi tomonidan tasdiqlanadi.
4.3. Respublika kasaba uyushmalari
4.3.1. Respublika kasaba uyushmalari ham ishlab chiqarish, ham noishlab chiqarish sohalaridagi faoliyati turiga qarab mushtarak manfaatlar bilan bogʻlangan xodimlar, qisman ish bilan band boʻlganlar yoki vaqtincha ishsizlar, talabalar va oʻquvchi yoshlar, ishlamaydigan pensionerlar, aholi boshqa toifalarining (bundan buyon matnda “Xodimlar” deb yuritiladi) oʻzini oʻzi boshqaruvchi ixtiyoriy jamoat, nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadilar.
4.3.2. Kasaba uyushmalari kasb-kor, ishlab chiqarish, hududiy-ishlab chiqarish, tarmoq, tarmoqlararo hududiy prinsiplar boʻyicha tuziladi.
4.3.3. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ustavi va Harakat dasturiga zid boʻlmagan oʻz ustavlari, nizomlari, dasturiy hujjatlariga ega boʻlishlari mumkin.
Qurultoylar kasaba uyushmalarining oliy organi boʻlib, ular kasaba uyushmalari Respublika kengashlari tomonidan besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. Ularni chaqirish, vakillik normasi va kun tartibi haqida kamida ikki oy oldin eʼlon qilinadi.
4.3.4. Kasaba uyushmalari tizimida, boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib va yoʻnaltirib borish maqsadida, vakolati doirasida Federatsiya Kengashi, Rayosati bilan kelishgan holda, Respublika kengashlari tomonidan tuman, shahar kengashlari tuzilishi, ularni moliyalashtirish tartibi va shtatlari belgilanishi mumkin.
4.5. Kasaba uyushmalari tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar birlashmalari.
4.5.1. Kasaba uyushmalari tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar birlashmalari Federatsiya Kengashining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan alohida boʻlinmalari hisoblanib, tegishli maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda Federatsiya manfaatlarini ifodalaydilar va amalga oshiradilar, Respublika kasaba uyushmalari tuzilmaviy tashkilotlarining saʼy-harakatlarini birlashtiradilar va muvofiqlashtiradilar, ularning vakili boʻladilar, kasaba uyushmalari aʼzolarining huquq va manfaatlarini himoyalash boʻyicha faoliyatlarini taʼminlashda ularga koʻmaklashadilar.
Federatsiyaga aʼzo boʻlgan kasaba uyushmalarining tuzilmaviy tashkilotlari kasaba uyushmalari tashkilotlarining hududiy birlashmalari tarkibiga kirishi shart.
Kasaba uyushmalari tashkilotlarining hududiy birlashmalari faqat Federatsiyaga aʼzo boʻlgan kasaba uyushmalarining tuzilmaviy tashkilotlarini birlashtirishlari lozim.
4.5.2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari Federatsiya Kengashi qarori bilan tuziladi yoki tugatiladi va oʻz faoliyatini mazkur Ustav va Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan “Hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar) kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi toʻgʻrisida Nizom” asosida amalga oshiradilar. Birlashmalarning huquq va majburiyatlari, ularni tashkil etish va tugatish tartibi ushbu nizomda belgilanadi.
Birlashmalar konferensiyalari kasaba uyushmalari tashkilotlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar birlashmalarining oliy organi hisoblanadilar, ular birlashma kengashi tomonidan besh yilda kamida bir marta chaqiriladilar. Ularni chaqirish, vakillik normasi va kun tartibi haqida kamida ikki oy avval eʼlon qilinadi. Navbatdan tashqari konferensiyalar birlashmalar kengashlari qarori bilan ularning oʻz tashabbusiga koʻra yoki ular tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning kamida uchdan bir qismining talabi, shuningdek, Federatsiya Kengashi Rayosati qarori bilan chaqiriladi. Ularni chaqirish, vakillik normasi va koʻzda tutilgan kun tartibi haqida kamida bir oy avval eʼlon qilinadi.
4.5.3. Konferensiyalar vakolatiga:
kasaba uyushmalari tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar birlashmalari kengashlari, birlashmalarning taftish komissiyalari faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish;
dasturiy hujjatlarni qabul qilish va ularga oʻzgartishlar kiritish;
birlashmalar va ularning taftish komissiyalari raislarini, birlashmalar kengashlari va taftish komissiyalari aʼzolarini, Federatsiya Kengashi tarkibiga vakillar va Federatsiya Qurultoyiga delegatlar saylash;
belgilangan kvotaga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri vakil yoʻllash prinsipiga binoan aʼzo tashkilotlar tomonidan saylangan birlashmalar kengashlari aʼzolari vakolatini tasdiqlash kiradi.
4.5.4. Kasaba uyushmalari tashkilotlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar birlashmalari kengashlari konferensiyalar oraligʻida rahbar organ hisoblanadilar va besh yil muddatga saylanadilar.
Kengashlar majlislari kengashlar rayosatlarining qarorlariga muvofiq, zaruriyatga qarab, lekin bir yilda kamida bir marotaba chaqiriladi.
4.5.5. Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari Kengashlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida kasaba uyushmalari aʼzolarining iqtisodiy, mehnat, ijtimoiy huquq va manfaatlarini ifodalaydilar va himoya qiladilar;
ish beruvchilar birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha kelishuvlar tuzadilar va ularning amalga oshirilishiga erishadilar;
mehnat, bandlik, maishiy turmush, sogʻlomlashtirish, madaniy-maʼrifiy va sport ishlari, shuningdek, boshqa masalalar boʻyicha takliflar kiritadilar hamda ularning hayotga tatbiq etilishiga erishadilar;
roʻyxatdan oʻtgan korxona va tashkilotlar roʻyxatini shakllantiradilar, kasaba uyushmalari Respublika kengashlari bilan hamkorlikda ularni kasaba uyushmalariga jalb etish choralarini koʻradilar;
aholining turli guruhlari va qatlamlari turmush darajasini oʻrganadilar, aholi daromadlari va xalq isteʼmol mollari hamda xizmatlar narxining oʻsish indeksi nisbatini tartibga solish boʻyicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etadilar;
hududda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadilar;
amaldagi qonunchilikka muvofiq mehnat qonunchiligiga va mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi ustidan hududda jamoatchilik nazoratini tashkil qiladilar, ishlab chiqarishda mehnat huquqi, mehnatni muhofaza qilish masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladilar;
hududdagi kasaba uyushma tashkilotlariga kasaba uyushmalari va boshqa tizimdagi sanatoriylarga yoʻllanmalarni beradilar hamda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini moliyalashtirish masalalarini hal qiladilar;
xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish, ommaviy sport bilan shugʻullanishga jalb etish, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, madaniy dam olishlarini tashkil etish sohasida ish olib boradilar, shuningdek, bolalarning yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlari ishini tashkil qiladilar;
ijtimoiy sugʻurta byudjeti va sanatoriy yoʻllanmalarini taqsimlash rejasini tasdiqlaydilar, ijtimoiy sugʻurta mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatadilar va buning uchun javobgarlar, Federatsiya Kengashiga byudjet ijrosi boʻyicha moliyaviy hisobotlarni taqdim etadilar;
aʼzolik badallari hisobidan beriladigan sanatoriy, dam olish uylari yoʻllanmalarini taqsimlash rejasini hamda Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan maʼqullangan daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydilar, mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatadilar va buning uchun javobgarlar, Federatsiya Kengashiga moliyaviy hisobotlarni taqdim etadilar;
kasaba uyushmalari tashkilotlariga tashkiliy-huquqiy, uslubiy-konsultativ yordam koʻrsatadilar;
Federatsiya Kengashi tomonidan belgilangan tartibda xayriya va xomiylik faoliyatini amalga oshiradilar;
umumiy maqsadlar yoʻlida kasaba uyushmalari Respublika kengashlari bilan hamkorlik qiladilar;
birlashma kengashi tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradilar va rahbarlik qiladilar;
kasaba uyushmasi mablagʻlari, shuningdek, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlarning toʻliq va oʻz vaqtida tushishini taʼminlaydilar;
birlashma kengashi raisi oʻrinbosarlarini, ayrim (shu jumladan, oʻz hohishiga koʻra yoki boshqa ishga oʻtganligi sababli lavozimidan ozod etish haqida ariza bergan, salomatligi yomonlashgani tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolgan) hollarda konferensiyalar oraligʻida birlashma raisini saylaydilar va lavozimidan ozod qiladilar, kengashning yangi vakil qilingan aʼzolari vakolatlarini tasdiqlaydilar, birlashma kengashi aʼzolarini kooptatsiya qiladilar, shuningdek, Federatsiya Kengashi tarkibiga oʻz vakillarini saylaydilar hamda chaqirib oladilar;
Federatsiya Qurultoyi, birlashma konferensiyasi, Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini taʼminlaydilar.
Kengashlar majlislari oraligʻida joriy masalalarni hal qilish uchun kengash majlisida kengashlar rayosatlari saylanadi. Rayosatlarning vakolatlari “Hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar) kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi toʻgʻrisida Nizom”da belgilanadi.
4.5.6. Rayosatlar majlislari zaruratga qarab, lekin chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Kasaba uyushmalari tashkilotlari hududiy birlashmalari kengashlari apparatlarining tuzilmasi va shtatlari Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan belgilanadi.
Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bir vaqtning oʻzida birlashma kengashi va kengash rayosati raisi ham hisoblanadi.
4.6. Taftish komissiyalari
4.6.1. Kasaba uyushmalari tashkilotlarining taftish komissiyalari tegishli saylab qoʻyiladigan kasaba uyushmalari organlari bilan bir vaqtda yigʻilishlar, konferensiyalar, Qurultoylarda mazkur saylab qoʻyiladigan organlarning vakolat muddatiga va tartibda, komissiya raisi va aʼzolaridan iborat tarkibda saylanadigan mustaqil organlar boʻlib, ularni saylagan organga hisobdordir.
4.6.2. Taftish komissiyalari oʻz faoliyatida mazkur Ustavga, tarmoq kasaba uyushmalari ustavlariga, tegishli konferensiyalar, Respublika kasaba uyushmalari Qurultoylari tomonidan tasdiqlangan “Taftish komissiyalari toʻgʻrisida”gi Nizomlarga amal qiladilar. Taftish komissiyalarining ishi, shuningdek, Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
- FEDERATSIYA ORGANLARI
5.1. Quyidagilar Federatsiya organlari hisoblanadi:
Federatsiya Qurultoyi;
Federatsiya Kengashi;
Federatsiya Kengashi Rayosati;
Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi.
5.2. Federatsiya Qurultoyi.
5.2.1. Federatsiya Qurultoyi Federatsiyaning oliy organi hisoblanib, u besh yilda bir marta oʻtkaziladi. Qurultoy Federatsiya Kengashi qarori bilan chaqiriladi. Uni chaqirish, vakillik normasi hamda kun tartibi toʻgʻrisida Qurultoy ochilishidan kamida uch oy oldin eʼlon qilinadi.
Federatsiyaning navbatdan tashqari Qurultoyi Federatsiya Kengashi tomonidan yoki Federatsiya aʼzo tashkilotlarning kamida uchdan bir qismining talabiga binoan chaqiriladi. Federatsiya Kengashining navbatdan tashqari Qurultoyni chaqirish, vakillik normasi, kun tartibi toʻgʻrisidagi qarori uning ochilishidan kamida bir oy oldin eʼlon qilinadi.
5.2.2. Aʼzo tashkilotlarning kamida uchdan ikki qismining vakilligi taʼminlangan hamda saylangan delegatlarning uchdan ikki qismi qatnashayotgan boʻlsa, Qurultoy toʻla vakolatga ega hisoblanadi.
5.2.3. Qurultoy qarorlari qarorlar va rezolyutsiyalar shaklida qabul qilinadi.
5.2.5. Qurultoy vakolatiga:
Federatsiyani qayta tashkil etish, tugatish va faoliyatini toʻxtatish;
Ustav va Harakat dasturini qabul qilish, shuningdek, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
Federatsiya Kengashi va Federatsiya Nazorat-taftish komissiyasi faoliyati haqidagi hisobotlarni eshitish va uni tasdiqlash;
Federatsiya raisini, Federatsiya Kengashi aʼzolarini saylash, belgilangan kvotaga muvofiq aʼzo tashkilotlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri vakil yoʻllash prinsipiga binoan saylangan Federatsiya Kengashi aʼzolari vakolatlarini tasdiqlash;
Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi tarkibini saylash, uning vakolatlarini belgilash va hisobotlarini tasdiqlash;
Respublika kasaba uyushmalari harakatining muhim masalalari boʻyicha qarorlar, bayonotlar, murojaatnomalar qabul qilish;
aʼzo tashkilotlarning Kengash tomonidan rad etilgan murojaatlari yuzasidan appelyatsiyalarini koʻrib chiqish va qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa masalalari kiradi.
Qurultoy oʻzining mutloq vakolatlariga kirmaydigan ayrim masalalar yuzasidan vakolatlarni Federatsiya Kengashi, Kengash Rayosati, Federatsiya raisiga berishi mumkin.
Federatsiya raisi, Federatsiya Kengashi raisining oʻrinbosarlari lavozimlariga koʻra Federatsiya Qurultoylarining delegatlari hisoblanadilar.
5.3. Federatsiya Kengashi
5.3.1. Navbatdagi Qurultoylar oraligʻida Federatsiyaning saylab qoʻyiladigan doimiy harakatdagi rahbar organi har bir aʼzo tashkilotdan va hududiy birlashmalardan teng miqdorda-ikkitadan vakilni toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllash prinsipi boʻyicha shakllantiriladigan Federatsiya Kengashi hisoblanadi.
Vakillarni Federatsiya Kengashi tarkibiga saylash, ularni almashtirish va chaqirib olish Federatsiyaga aʼzo tashkilotlarning Qurultoylari, hududiy birlashmalar konferensiyalari yoki rahbar organlari majlislarida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Federatsiya Kengashi tarkibiga Qurultoyda saylangan aʼzolar, lavozimiga koʻra Federatsiya raisi va uning Federatsiya Kengashi boʻyicha oʻrinbosarlari kiradi.
Federatsiya Kengashi majlisi zaruriyatga koʻra, ammo bir yilda kamida bir marta chaqiriladi.
5.3.2. Federatsiya Kengashining vakolat muddati besh yil.
5.3.4. Federatsiya kengashi:
Ustavda belgilangan vazifalarni va Federatsiya Qurultoyining qarorlarini bajarish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida 5 yilda kamida bir marta Qurultoyga hisobot beradi;
xodimlarning ijtimoiy-mehnat huquqlariga aloqador, jumladan, bandlik, mehnat munosabatlarini tartibga solish, ish haqi, mehnat sharoiti, xodimlarning mehnatini, sogʻligini va atrof-muhitni muhofaza qilish, uy-joy va maishiy turmush sharoiti, madaniy xizmat koʻrsatish, xodimlarning ijtimoiy kafolatlari masalalari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va ularni qonunlarda va boshqa normativ huquqiy hujjatlarda mustahkamlash yuzasidan faoliyat olib boradi;
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish boʻyicha uch tomonlama komissiyadagi Federatsiyaning muxtor vakillari tarkibini tasdiqlaydi;
boshqa mamlakatlarning kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantiradi, ularning tajribasini oʻrganib boradi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida aʼzo tashkilotlarni muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
Federatsiyaga aʼzo tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan aʼzolik badali miqdori, toʻlov tartibi va muddatini belgilaydi, Federatsiyaning maxsus (birdamlik, sugʻurta, madaniy-maʼrifiy, kadrlarni oʻqitish va tayyorlash hamda Ustav maqsadlariga mos keladigan boshqa masalalarga oid) jamgʻarmalarini tashkil qiladi, mazkur jamgʻarmalar mablagʻlari faqat ushbu jamgʻarmalar Nizomida belgilangan maqsadlarga sarflanadi;
Federatsiya mulkiga egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Qurultoy chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Federatsiya Kengashi rahbarlari va aʼzo tashkilotlar rahbarlarining Federatsiya organlari qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglaydi. Aʼzo tashkilot tomonidan Federatsiya Ustavi, Federatsiyaning kollegial organlari qarorlari bajarilmagan, aʼzolik badallari oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanmagan hollarda ushbu tashkilotga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish va uning vakillarini Federatsiyaning kollegial organlari majlislarida ovoz berish huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, aʼzo tashkilotning tegishli saylab qoʻyiladigan organlariga aybdor shaxslarni javobgarlik masalasini hal etish yuzasidan murojaat qiladi;
Federatsiya Kengashi Rayosatiga, Federatsiya Kengashi raisiga alohida vakolatlar bera oladi;
aʼzo tashkilotlarning kasaba uyushmalari umumiy vazifalarini bajarish borasidagi harakatlarini birlashtiradi va muvofiqlashtiradi, kasaba uyushmalarining respublika miqyosidagi tadbirlarini oʻtkazadi;
qonunchilikda kasaba uyushmalariga beriladigan huquqlarni amalga oshiradi;
Federatsiya tizimida yagona va markazlashgan moliyaviy faoliyati tizimini belgilaydi va muvofiqlashtirib boradi;
Respublikada yangi qonun hujjatlari qabul qilinib, Qurultoy oʻtkazilgunga qadar Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati tugʻilganda, ushbu Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
Federatsiya Kengashi Rayosatining son tarkibini belgilaydi va saylaydi;
Qurultoylar oraligʻida Federatsiya Kengashi aʼzolarini tarkibdan chiqarish, saylash va Federatsiya Kengashi tarkibiga yangi vakil etib saylangan aʼzolarning vakolatlarini tasdiqlash huquqiga ega;
Federatsiyaning xalqaro faoliyati strategiyasini belgilaydi, uning boshqa, jumladan, xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalariga aʼzo boʻlishi va ulardan chiqishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, Federatsiya va aʼzo tashkilotlarning xalqaro faoliyatini prinsiplarini belgilaydi va muvofiqlashtirib turadi;
kasaba uyushmalari faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar tuzadi;
nashr organlariga ega boʻladi va nashriyotchilik faoliyatini olib boradi, oʻz faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikni xabardor qiladi, kasaba uyushmalarining yagona axborot xizmatini rivojlantiradi;
Federatsiya Kengashi Rayosatining Federatsiyaga yangi aʼzo tashkilotlarni qabul qilish yoki aʼzolikdan chiqarish toʻgʻrisidagi qarorlarini tasdiqlaydi, yangi aʼzo tashkilotni qabul qilish Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan rad etilgan hollarda mazkur tashkilotning appelyatsiyasini koʻrib chiqadi;
xalqaro kasaba uyushmalari markazlari tarkibiga Federatsiya vakillarini yoʻllaydi;
Federatsiya Kengashi raisi oʻrinbosarlarini saylaydi va lavozimidan ozod qiladi. Federatsiya Kengashi raisi oʻrinbosarlarini saylash masalasi keyinchalik Kengash majlisida tasdiqlash sharti bilan Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan hal qilinishi ham mumkin;
ayrim (shu jumladan, rais oʻz hohishiga koʻra yoki boshqa ishga oʻtganligi, salomatligi yomonlashgani tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolgan) hollarda Qurultoylar oraligʻida Federatsiya Kengashi raisini saylaydi va lavozimidan ozod qiladi;
Qurultoylar oraligʻidagi davrda Federatsiya raisi oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod etilgan holda, Qurultoy oʻtkazilguniga qadar Federatsiya raisi vazifasini bajarishni uning oʻrinbosarlaridan biriga yuklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
oʻz faoliyatida faqat Federatsiya Qurultoyi oldida hisobdordir.
Federatsiya Kengashining qaroriga binoan Federatsiya Kengashi ixtiyoridagi ayrim vakolatlar Kengash Rayosatiga berilishi mumkin.
5.3.5. Federatsiya Kengashining majlislari Kengash Rayosati qaroriga yoki Federatsiya Kengashi aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismining talabiga koʻra chaqiriladi va unda Federatsiya Kengashi aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda toʻla huquqli hisoblanadi.
5.3.6. Federatsiya Kengashi qarorlari, agar ushbu Ustavda boshqa holatlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, kvorum mavjud boʻlgan holda majlisda qatnashayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
5.3.7. Federatsiya Kengashi qarorlari qaror, rezolyutsiya va murojaatnomalar shaklida qabul qilinadi.
5.3.8. Federatsiya Kengashi majlislarini Federatsiya Kengashi raisi, u yoʻq boʻlgan hollarda oʻrinbosarlaridan biri olib boradi.
5.4. Federatsiya Kengashi Rayosati
5.4.1. Federatsiya Kengashi Rayosati Federatsiyaning saylab qoʻyiladigan kollegial ijroiya organi hisoblanib, Federatsiya faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi.
5.4.2. Federatsiya Kengashi Rayosati tarkibiga lavozimiga koʻra Federatsiya raisi va uning Kengash boʻyicha oʻrinbosarlari kiradi. Federatsiya Kengashi Rayosatining qolgan aʼzolari Federatsiya Kengashi majlisida Kengash aʼzolari orasidan saylanadi.
Kengash Rayosati majlisi zaruriyatga qarab, ammo har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
5.4.3. Federatsiya Kengashi Rayosati oʻz vakolati doirasida harakat qilib:
ish beruvchilarning Respublika birlashmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan kelishib ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning umumiy prinsiplarini belgilash yuzasidan Federatsiya nomidan muzokaralar olib boradi va Bosh kelishuvni tuzadi;
mehnatkashlarning ijtimoiy-mehnat huquqlari va manfaatlariga doir masalalarni qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qoʻyish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va faoliyat olib boradi;
kasaba uyushmalari tomonidan mulkdor yoki ular vakil qilgan boshqaruv idorasi mehnat va kasaba uyushmalari toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya etishlarini nazorat qilib borish, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini talab qilishni tashkil etadi va muvofiqlashtirib boradi;
aholining bandlik darajasini tahlil qiladi, ishsizlikni kamaytirish, vaqtincha ishsizlarni ijtimoiy himoyalashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va aniq ishlarni olib borishda davlat organlariga koʻmaklashadi;
ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida ishtirok etadi, respublika kasaba uyushmalari harakatiga doir muhim masalalar boʻyicha qarorlar, rezolyutsiyalar, bayonotlar, murojaatnomalar qabul qiladi;
aʼzo tashkilotlar tomonidan ilgari surilgan himoya talablarini davlat hokimiyati va boshqaruvi, shuningdek, sud organlarida qoʻllab-quvvatlaydi, mehnatkashlarning huquq hamda manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish uchun qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan huquqlaridan foydalanadi;
Federatsiya Kengashi majlisini chaqiradi, uni kun tartibi va oʻtkazish joyi yuzasidan takliflar kiritadi, muhokama qilinayotgan masalalarga oid materiallarni taqdim etadi, qabul qilingan qarorlarning bajarilishi va nazoratini tashkil qiladi;
Federatsiyaga yangi tashkilotlarni aʼzolikka qabul qilish, shuningdek, aʼzolikdan chiqarish masalalarini oldindan koʻrib chiqadi hamda Federatsiya Kengashi majlisiga taqdim qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida aʼzo tashkilotlarning kasaba uyushmasi faoliyatiga tegishli barcha yoʻnalishlardagi ishlarini tashkil qiladi, yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi, ularga amaliy yordam beradi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va tashkilotlar bilan birgalikda sanatoriy-kurortlarda davolashni, bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirishni, madaniyat, dam olish, turizm, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini rivojlantirish choralarini koʻradi;
kasaba uyushmalarining sanatoriy-kurort, sport, jismoniy tarbiya va sogʻlomlashtirish, madaniy-maʼrifiy muassasalari, shuningdek, qoʻshimcha taʼlim muassasalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
Federatsiya matbuot organining nashriyotchilik faoliyatini taʼminlaydi, boshqa nashrlar va ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Federatsiya Kengashiga Federatsiya Kengashi raisi oʻrinbosarlarini lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida taklif kiritadi, shuningdek, ayrim (shu jumladan, lavozimidan ozod etish haqida ariza bergan, salomatligi tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolgan) hollarda Kengash majlislari oraligʻida ularni lavozimidan ozod qiladi va Federatsiya Kengashi majlisi tasdigʻiga kiritadi;
Federatsiya Kengashi korxonalari va Kengash apparati boʻlinmalarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi, tugatadi va faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
qonun hujjatlari, mazkur Ustav, Qurultoy, Federatsiya Kengashi qarorlarida belgilangan doirada Federatsiya nomidan uning yuridik sifatidagi shaxs huquq va majburiyatlarini amalga oshiradi;
aʼzo tashkilotlar taqdimiga koʻra kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini Davlat mukofotlari bilan mukofotlash haqida iltimosnoma kiritadi;
Federatsiya nishoni, Faxriy yorligʻi, Faxriy unvonlarini taʼsis etadi va ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Federatsiya Faxriy yorligʻi, nishonlari, unvonlari bilan taqdirlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Federatsiyaga aʼzo tashkilotlarning saylab qoʻyiladigan rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni taklif qilishi mumkin;
kasaba uyushmasiga aʼzolik biletining yagona shaklini, shuningdek Federatsiya ramziy belgisi (timsoli)ning namunasini tasdiqlaydi;
aʼzo tashkilotlar bilan aloqada boʻladi, boshqa mamlakatlarning kasaba uyushmalari tashkilotlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro aloqalarni rivojlantiradi, ularning ish tajribasini oʻrganadi, shuningdek, oʻz faoliyatini targʻib qiladi;
har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida Federatsiya Kengashiga axborot beradi;
kasaba uyushmalari faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha, Federatsiya Kengashi vakolatiga kiradigan masalalardan tashqari uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi;
Federatsiyaga aʼzo tashkilotlarning kasaba uyushma kadrlari va faollarini oʻqitish borasidagi ishlarini tashkil qiladi, yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi;
barcha darajadagi kasaba uyushmasi organlari apparatlari, Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
har yili Federatsiya va aʼzo tashkilotlarning mulki (binolar va inshootlar) reestrini tasdiqlaydi;
Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarda belgilangan vakolatlari doirasida kasaba uyushmalari mulkini tasarruf etish tartibiga oid qarorlar qabul qiladi;
Federatsiya tizimida madaniyat, dam olish, turizm, sport va boshqa obyektlarning qurilishida yagona buyurtmachi sifatida ish koʻradi;
Federatsiya Kengashining kasaba uyushmasi byudjetini, daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Federatsiya Kengashi kasaba uyushmasi byudjetining bajarilishi toʻgʻrisidagi yarim yil va yillik hisobotlarni tasdiqlaydi;
ijtimoiy sugʻurta byudjetini va Federatsiya Kengashining ijtimoiy sugʻurta boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasini hamda byudjetning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
kasaba uyushmalari Respublika, hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari kengashlari tomonidan taqdim etilgan daromadlar va xarajatlar smetalarini maʼqullaydi;
Federatsiya Kengashi tasarrufidagi muassasa, tashkilot va korxonalarni tashkil etish, boshqa mulk shakliga aylantirish, qayta tashkil qilish, ijaraga berish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, ularning faoliyatini yoʻnaltiradi va nazorat qiladi;
yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida kasaba uyushmalari mablagʻi hisobidan tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
mazkur Ustavda koʻzda tutilgan maqsadlariga erishish uchun oʻzi taʼsis qilgan tashkilotlar, korxonalar orqali tadbirkorlik, kapital qurilish faoliyati va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyatlarni olib boradi. Federatsiya Kengashi tomonidan olingan daromad faqat Federatsiyaning Ustavida belgilangan maqsadlarga yoʻnaltiriladi;
Federatsiya Kengashiga murojaat qilingan hollarda, vakolati doirasida Federatsiyaga aʼzo tashkilotlar oʻrtasidagi nizolarni hamda korxona, tashkilot, muassasalarga homiylik va moliyaviy yordamlar koʻrsatish masalasini koʻrib chiqadi;
kasaba uyushmalari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida kasaba uyushmalarini qayta tashkil etish yoki birlashtirish yuzasidan aʼzo tashkilotlarga takliflar kiritadi;
Federatsiya tizimida hisobot-saylov kampaniyalarini oʻtkazish muddatlarini muvofiqlashtiradi;
aʼzo tashkilotlar tomonidan Federatsiya Kengashiga hisobotlar topshirish tartibini, ularni taqdim etish davriyligini belgilaydi;
ish rejasiga muvofiq yoki zaruriyatga koʻra, Federatsiya aʼzo tashkilotlari va tasarrufidagi tashkilotlarning faoliyati haqidagi axborotlarni tinglaydi;
Federatsiya Kengashi aʼzolari tarkibidan kasaba uyushmalari faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha vaqtinchalik komissiyalar, ishchi guruhlarni tashkil etishi mumkin;
Federatsiya Kengashi apparatining ish rejasini tasdiqlaydi;
Qurultoy, Federatsiya Kengashi tomonidan vakolat berilgan boshqa vazifalarni bajaradi;
Federatsiya Kengashi raisiga alohida vakolatlar bera oladi.
5.5. Federatsiyaning Nazorat-taftish komissiyasi.
5.5.1 Nazorat-taftish komissiyasi Federatsiyaning nazorat organi boʻlib, Federatsiya tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlari, korxona va muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari, Federatsiya Ustavi, Qurultoy, Kengash, Kengash Rayosati qarorlari va tizimda amalda boʻlgan boshqa (shu jumladan, moliyaviy intizomga oid) tartib va meʼyorlarga rioya etilishi, mulkdan samarali foydalanilishini tekshiradi, taftishdan oʻtkazadi va nazorat qiladi.
Federatsiya Kengashini ikki yilda kamida bir marta, aʼzo va tasarrufdagi tashkilotlar faoliyatini rejaga asosan taftishdan oʻtkazadi.
Komissiya oʻz faoliyatida mustaqil boʻlib, Qurultoy oldida hisobdordir.
5.5.2. Nazorat-taftish komissiyasi Federatsiya Kengashi shakllantiriladigan tartibda va uning vakolat muddatiga Qurultoyda saylanadi. Nazorat-taftish komissiyasining faoliyati Qurultoy qaroriga koʻra yoki Federatsiyaning faoliyati toʻxtatilgan taqdirda toʻxtatiladi.
5.5.3. Oʻz faoliyatida Mazkur Ustav va Qurultoy tomonidan tasdiqlanadigan Nazorat-taftish komissiyasi haqidagi Nizomga amal qiladi.
5.6. Federatsiya raisi Federatsiyaga boshchilik qiladi, bir vaqtning oʻzida Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati raisi ham hisoblanadi.
5.7. Federatsiya Kengashi raisi:
Ustav vazifalari, Qurultoy, Federatsiya Kengashi, Kengash Rayosati qarorlarining bajarilishini tashkil qilish yuzasidan faoliyat koʻrsatadi;
Qurultoy, Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati oldida hisobdordir;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlarida, oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, ish beruvchilar, jamoat birlashmalarida, boshqa tashkilotlarda, ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda Federatsiyaning vakili sifatida qatnashadi;
ishonchnomasiz Federatsiya nomidan ish koʻradi;
Federatsiya Kengashi raisi oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Federatsiya Kengashi va Nazorat-taftish komissiyasining qoʻshma majlislarini oʻtkazadi;
kasaba uyushmalari faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni tahlil qiladi va umumlashtiradi;
zarur hollarda Federatsiya Kengashi nomidan bayonotlar beradi, murojaatnoma va taqdimnomalar yuboradi;
mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazishda Federatsiya Kengashining ishtirokini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va ish beruvchilar birlashmalari bilan oʻzaro munosabatlar haqida kelishuvlar tuzadi, keyinchalik bu haqda Federatsiya Kengashi Rayosatini xabardor qiladi;
Federatsiya mulkini tasarruf etadi, Qurultoy, Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati tomonidan berilgan vakolatlar doirasida boshqa tashkiliy boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik ishlariga oid funksiyalarni amalga oshiradi;
kasaba uyushmasi byudjetining, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirishga, maʼnaviyat va jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan mablagʻlar joriy ijrosini, shuningdek, Federatsiya Kengashining moliyaviy xoʻjalik faoliyatini taʼminlaydi;
yagona ijtimoiy toʻlovlardan xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishni nazorat qiladi;
Federatsiya Kengashi raisi oʻrinbosarlarini saylash yoki lavozimidan ozod etish boʻyicha Federatsiya Kengashiga takliflar kiritadi;
Federatsiya Kengashi apparatining tuzilmasini, shtatlar jadvalini, boʻlimlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlaydi, Federatsiya Kengashi apparati tuzilmaviy boʻlinmalari xodimlari va rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, ularning vazifalarini belgilaydi, ularga nisbatan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi;
Federatsiya Kengashi tomonidan taʼsis etilgan korxona, muassasa va tashkilotlarga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularning rahbarlari bilan mehnat shartnomasi tuzadi va bekor qiladi, ularni ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarligi masalasini hal etadi;
chet el xizmat safariga boradiganlar nomzodlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
mazkur Ustavda belgilangan vakolati doirasida farmoyishlar chiqaradi;
Federatsiya Kengashi nomidan ishonchnoma beradi;
Rayosatni chaqiradi, muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan majlisga materiallar tayyorlanishini tashkillashtiradi, Rayosat majlisiga masalalarni kiritadi, qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlaydi va nazorat qiladi;
Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati qarorlarini imzolaydi;
Federatsiya Kengashi nomidan xoʻjalik shartnomalari va boshqa shartnomalarni tuzadi;
Qurultoy, Federatsiya Kengashi va Kengash Rayosati vakolat bergan boshqa vazifalarni bajaradi.
5.8. Federatsiya raisi etib Federatsiyaga kirgan kasaba uyushmasi aʼzosi saylanishi mumkin. Federatsiya Kengashi raisi Qurultoy tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Federatsiya raisi bilan mehnat shartnomasini Federatsiya nomidan Qurultoy vakolat bergan shaxs imzolaydi.
5.9. Qurultoylar oraligʻida navbatdan tashqari Qurultoyni chaqirish va unda koʻrib chiqish uchun qonunchilikda belgilangan asoslarga koʻra, jumladan, mazkur Ustav, Qurultoy va Kengash qarorlarini buzgan hollarda, Federatsiya Kengashi raisining vakolatini belgilangan muddatdan ilgari toʻxtatish va lavozimdan ozod etish toʻgʻrisida masala kiritish haqidagi qaror aʼzo tashkilotlarning kamida uchdan ikki qismining talabiga koʻra, Federatsiya Kengashining majlisida qabul qilinishi mumkin.
5.10. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar Federatsiya Kengashi Rayosati qaroriga asosan tuziladi.
Tasarrufdagi tashkilotlar mazkur Ustav, Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz taʼsis hujjatlari asosida faoliyat yuritadilar.
- FEDERATSIYA QURULTOYLARI, HUDUDIY BIRLASHMALAR KONFERENSIYALARI, SAYLAB QOʻYILADIGAN ORGANLAR MAJLISLARINING TOʻLA QONUNIY HUQUQLI BOʻLISHI,
ULARDA QARORLAR QABUL QILISH
6.1. Federatsiya Qurultoylari, hududiy birlashmalar konferensiyalari ularga saylangan delegatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina toʻla qonuniy huquqli hisoblanadi.
Federatsiya Qurultoyi delegatlarining vakolatlari Federatsiya Kengashi Rayosati, hududiy birlashma konferensiyasi delegatlarining vakolatlari birlashma kengashi rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
6.2. Federatsiya Kengashi, birlashma kengashi va ularning rayosatlari majlislari mazkur saylab qoʻyiladigan organlar aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda toʻla qonuniy huquqli hisoblanadi.
6.3. Federatsiya Qurultoyi, hududiy birlashma konferensiyasi, Federatsiya Kengashi va uning Rayosati, hududiy birlashma kengashi va uning rayosati majlislari kvorum mavjud boʻlgani holda ularda qatnashayotgan delegatlar, saylab qoʻyiladigan organlar aʼzolarining yarmidan koʻpi yoqlab ovoz berganda qabul qilingan hisoblanadi.
6.4. Ovoz berish shakli Qurultoy, konferensiya delegatlari, saylab qoʻyiladigan organ aʼzolari tomonidan bedgilanadi.
6.5. Qurultoy, konferensiya, saylab qoʻyiladigan organ majlislarida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi va yakuni boʻyicha bayonnomalar rasmiylashtiriladi.
- MULK VA MABLAGʻLAR
7.1. Federatsiyaning mulki va mablagʻlari aʼzolarning kirish va doimiy aʼzolik badallaridan, qonunlarda belgilangan tartibda tadbirkorlik, xoʻjalik va boshqa tijorat faoliyatidan olingan, ustav maqsadlariga yoʻnaltiriluvchi daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy mulkiy badallari va ehsonlari, qonunlarda taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantiriladi.
Federatsiyaga aʼzolik badalining miqdori, toʻlash va sarflash tartibi Federatsiya Kengashi tomonidan belgilanadi.
7.2. Kasaba uyushmalariga kirish va aʼzolik badallari oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar (stipendiya)ning kamida bir foizi miqdorida Federatsiya Kengashi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Kasaba uyushmasida hisobda turgan ishlamaydigan pensionerlar respublikada belgilangan yoshga doir eng kam pensiyaning, ishni vaqtincha toʻxtatgan shaxslar mehnatga haq toʻlash Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga nisbatan hisoblangan ish haqining bir foizi miqdorida badal toʻlaydilar, stipendiya olmaydigan talabalar, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarining oʻquvchilari, uch yoshgacha bolasini parvarishlash bilan band boʻlgan ayollar aʼzolik badali toʻlashdan ozod etiladilar.
Kasaba uyushmalari aʼzolari boʻlgan dehqon xoʻjaliklari egalari, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanadigan shaxslar aʼzolik badallarini yilda bir marta, ular tomonidan deklaratsiyada koʻrsatilgan summaning kamida bir foizi miqdorida toʻlashlari mumkin.
7.3. Kasaba uyushmalari oʻz mablagʻlarini tasdiqlangan byudjetga muvofiq amaldagi qonunchilik doirasida Ustav maqsadlariga sarflaydilar.
7.4. Qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarni ishlab topish va kelgusida ulardan kasaba uyushmasi aʼzolarining mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun foydalanish maqsadida kasaba uyushmalari belgilangan tartibda ishlab chiqarish-xoʻjalik, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari, banklar, sugʻurta kompaniyalari va aksiyadorlik jamiyatlari, oʻziga tegishli va qoʻshma korxonalarni yaratishlari, maqsadli jamgʻarmalarni shakllantirishlari mumkin. Bu faoliyatdan tushgan daromad Ustav maqsadlariga sarflanadi.
7.5. Federatsiya Kengashi kasaba uyushmalari manfaati yoʻlida yaratilgan yoki sotib olingan, shuningdek, belgilangan tartibda unga boshqa mulkiy huquq asosida berilgan mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi.
Federatsiya mulki obyektlariga binolar, inshootlar, yer uchastkalari, mexanizmlar, jihozlar, transport va texnik vositalar, inventar, madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya, sport va sogʻlomlashtirish maqsadlariga moʻljallangan mulk, pul mablagʻlari, qimmatbaho qogʻozlar, korxonalar va xoʻjaliklar, ommaviy axborot vositalari, bosmaxonalar, sanatoriy-kurort, dam olish uyi, sogʻlomlashtirish, sport, oʻquv muassasalari, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari, intellektual mulk, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mol-mulklar kiradi.
Federatsiya Kengashi tasarrufidagi tashkilotlar Federatsiya mulkini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish, sotish masalalarini hal qilishda faqat Federatsiya Kengashi Rayosatining ruxsati bilan ish koʻradilar.
7.6. Federatsiya Kengashi mulkni ishonchli boshqaruv uchun boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) berishi mumkin. Mulkning ishonchli boshqaruvga berilishi ishonchli boshqaruvchiga unga egalik qilish huquqini bermaydi, u Federatsiya manfaatlarini hisobga olib mulkni boshqarishi kerak.
7.7. Federatsiya Kengashi xohishiga koʻra mulkga nisbatan qonunga va boshqa huquqiy hujjatlarga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni amalga oshirishga, jumladan, homiylik va moliyaviy yordam mablagʻlarini ajratishga, oʻz mulkini ajratib berishga, mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqini boshqa shaxslarga berishga, mulkni garovga qoʻyishga, undan boshqacha tarzda foydalanishga haqli.
7.8. Federatsiya mulki hisoblangan yoki uning ishonchli boshqaruvida, begʻaraz foydalanishida yoki boshqa mulkiy huquq asosida uning foydalanishida boʻlgan mol-mulkka egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, Federatsiya tomonidan mol-mulkni sotib olish va boshqalar ixtiyoriga ajratib berish, oʻtkazish, vaqtincha foydalanishga berish masalasi boʻyicha qarorni Federatsiya Kengashi qabul qiladi.
7.9. Federatsiya aʼzo tashkilotlarning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, aʼzo tashkilotlar ham Federatsiyaning majburiyatlari boʻyicha javobgar emas.
7.10. Mablagʻlar har yili Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida sarflanadi.
7.11. Federatsiya moliyaviy faoliyatining mustaqilligi, mulk huquqining daxlsizligi va himoyasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan kafolatlanadi.
Federatsiyaning mol-mulki uning roziligisiz faqatgina sud qaroriga binoan olib qoʻyilishi mumkin.
- FEDERATSIYADA MEHNAT MUNOSABATLARI
8.1. Kasaba uyushmalari organlarining mehnat shartnomasi tuzish yoʻli bilan lavozimga qabul qilingan xodimlari bilan mehnat munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
8.2. Federatsiya Kengashi apparati Federatsiya saylanma organlarining faoliyatini taʼminlash uchun tuziladi va oʻz faoliyatini Kengash Rayosati tomonidan tasdiqlangan reglament asosida amalga oshiradi.
8.3. Saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan xodimlar bilan vakolat muddatiga mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuziladi. Mehnat shartnomasi tegishli saylagan organ vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi.
8.4. Shtatdagi kasaba uyushmasi xodimlarining shaxsiy hujjatlari yigʻmajildi va mehnat daftarchalari xodimlar bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzgan kasaba uyushmasi tashkilotida saqlanadi.
- HISOB VA HISOBOT
9.1. Federatsiya oʻz faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda roʻyxatdan oʻtkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.
- FEDERATSIYANING HUQUQIY MAQOMI
10.1. Federatsiya yuridik shaxs hisoblanib, oʻz muhri, shtamp va blanklari, banklarda oʻz hisob raqamlariga (shu jumladan milliy va xorijiy valyutada) ega.
Federatsiya belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oʻz ramzlari (timsoli)ga ega boʻlishlari mumkin.
10.2 Federatsiyaning yuridik shaxs sifatidagi huquq va majburiyatlari Ustavda belgilangan vakolatlar doirasida Qurultoy, Kengash, Rayosat va Federatsiya raisi tomonidan amalga oshiriladi.
- FEDERATSIYANI QAYTA TASHKIL ETISH VA
TUGATISH TARTIBI
11.1. Federatsiyani qayta tashkil etish, (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror Federatsiyaning Qurultoyida qabul qilinadi. Kvorum mavjud boʻlgan holda Qurultoyda qatnashayotgan delegatlarning kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz berganda, qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Federatsiyani qayta tashkil etish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11.2. Federatsiyani tugatish haqida Qurultoy tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, Federatsiya Qurultoyi qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish komissiyasini tayinlaydi, shuningdek, kreditorlar talabi qanoatlantirilgandan soʻng qolgan mulkni Federatsiya Ustaviga muvofiq qaysi maqsadga yoʻnaltirishni belgilaydi.
11.3. Federatsiya faoliyatini toʻxtatish, shuningdek, Federatsiyani tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
- YAKUNIY QOIDALAR
12.1. Ustav qoidalari talqinini berish Federatsiya Kengashining, uning majlislari oraligʻida Kengash Rayosatining mutlaq vakolatiga kiradi.
12.2. Ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Ustavning 5.2.5 va
5.3.4-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ustavga kiritilgan barcha oʻzgartish va qoʻshimchalar belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
12.3. Barcha boʻgʻindagi kasaba uyushmalari tashkilotlari oʻz faoliyatida Federatsiya Ustavi va kasaba uyushmalari Ustavlari hamda tegishli Nizomlarga amal qiladi.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: