O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI KUNI E’ZOZ, E’TIBOR VA HAMJIHATLIK MUJASSAM BO‘LGAN BAYRAM

Бош саҳифа

11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni mamlakatimizda xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning fidokorona mehnatini qadrlash, ijtimoiy hamkorlik va birdamlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim sana sifatida keng nishonlandi.

Ushbu sana munosabati bilan Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston — yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida qator madaniy-maʼrifiy va sport-sogʻlomlashtirish tadbirlar tashkil etildi. Ularning har birida insonga boʻlgan hurmat, xodimlarni qoʻllab-quvvatlash va jamoaviy hamjihatlik gʻoyalari oʻz ifodasini topdi.

Bayram tadbirlarining eng quvonarli jihatlaridan biri — kasaba uyushmalari faoliyatida tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan alohida oʻringa ega boʻlgan xodimlarni munosib taqdirlash boʻldi. Jumladan, tarmoq tizimidagi “Navoiyazot” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Jayxun Invest” MCHJ hamda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutida mehnat qilayotgan bir guruh faol xodimlarga Respublika kengashining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bayramning fayzi esa milliy qadriyatlarimizga xos boʻlgan saxovat va mehr-oqibat anʼanalari bilan yanada ortdi. Katta qozonda tayyorlangan osh bayramona kayfiyatda xodimlarga ulashildi. Shuningdek, xodimlarning maʼnaviy hordiq chiqarishlari uchun kasaba uyushmasi aʼzolariga “Turkiston” saroyida namoyish etilgan “Asl xazina” spektakliga chiptalar taqdim etildi.

11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirlar inson qadrini yuksaltirish, uning salohiyati va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlarning yorqin namunasidir.

Shavkat Toirov

Madaniy-maʼrifiy va sport ishlari boʻyicha yetakchi mutaxassis

Print Friendly, PDF & Email