KORXONALARDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN XOTIN-QIZLAR “AYOLLARNI EʼZOZLASH” OYLIGINI BAYRAMONA KAYFIYATDA OʻTKAZMOQDALAR

Бош саҳифа

8-mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va tizimdagi korxonalarda “Ayolni eʼzozlash—ezgulik va adolat mezoni”, “Ayolga ehtirom” mavzularida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalari va tantanali bayram tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tizimdagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan faol xotin-qizlar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida tashkil etilgan “Aziz ayol” nomli konsert dasturiga chiptalar olinib korxonalar faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga tarqatildi.

 Korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlar erta tongdan tashkilotchilar tomonidan kutib olinib bayram bilan samimiy tabriklandilar. Jumladan, “Navoiyazot” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maxam” AJ, “Qoʻngʻirod soda zavodi” MCHJ QK, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ QK, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Qizilqum fosforit kompleksi” AJ kabi koʻp sonli xodimlarni birlashtirgan korxonalarda bayram tadbirlari koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

“Ayollarni eʼzozlash” oyligi doirasida korxonalarda xotin-qizlar oʻrtasida “Zulfiyaxonim izdoshlari” koʻrik-tanlovi va “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi. Tanlovlarda xotin-qizlar faollik bilan ishtirok etdilar. Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

Xotin-qizlar oʻrtasida “Sport sogʻliq garovi” shiori ostida sportning shashka, stol tennisi va badminton turlari  boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Xotin-qizlar musobaqalarda faol ishtirok etdilar. Barcha gʻolib va sovrindorlar kasaba uyushmalari qoʻmitalari tomonidan qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

 “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJda “Korxonamizning ijodkor xotin-qizlari” tanlovi oʻtkazildi. Tanlovda korxona boʻlim va sexlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlardan tashkil topgan jamoalar oʻz kasbi, ish jarayoni hamda korxona faoliyatini ijodiy, sahnaviy va yumoristik chiqishlar orqali namoyish etib, nafaqat kasbiy mahoratlari, balki sanʼat va ijoddagi isteʼdodlarini ham koʻrsatib berdilar. Tanlov yakuniga koʻra jamoalar “Eng kreativ jamoa”, “Eng nafosatli jamoa” va  “Eng quvnoq jamoa” nominatsiyalari boʻyicha tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Korxonalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun tantanali bayram tadbirlari tashkil etildi. Bayram dasturlarida yangragan kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Bayram tadbirlari barcha korxonalarda yuqori kayfiyatda davom etmoqda.

Shavkat Toirov

Yoshlar masalalari boʻyicha rais maslahatchisi

Print Friendly, PDF & Email