Yangi yil bayrami yurtimiz boʻylab keng nishonlandi. Bayram tadbirlari har bir ishlab chiqarish korxonalari va xizmat koʻrsatish tashkilotlarida ham tantanali oʻtkazildi.
Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Navoiyazot” AJ korxonasida ham yangi yil bayrami tadbirlari koʻtarinki bayramona kayfiyatda tashkil etildi.

Korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan yangi yil arafasida xodimlarga bayram kayfiyatni ulashish, ularning samarali faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida yangi yil bayrami sovgʻalar topshirildi.


Bayramning asosiy tadbiri korxonaning faollar zalida boʻlib oʻtdi. Jamiyat boshqaruvi raisi Farrux Samadov tantana ishtirokchilarini bayram bilan muborakbod etib, 2025-yilda erishilgan natijalarda mehnatkash, fidoyi, masʼuliyatli xodimlarning samarali hissasi beqiyos ekanligini taʼkidladi.
Korxonaning har bir sexida bayram tadbirlari xodimlarning uyushqoqligi va faoli ishtirokida tashkil etildi. Jumladan, korxonaning 30-sexida yangi yil munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda xodimlar kasb masʼuliyati, ishlab chiqarish jarayonida soha vakillarining bilimi, tajribasini sheʼriy, musiqiy chiqishlarda ifoda etdilar.

Sahna koʻrinishlari mutaxassislarning iqtidorini namoyon etishga xizmat qilgan boʻlsa, jamiyat kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakillari tomonidan topshirilgan sovgʻalar kasb fidoyilarini yanada ruhlantirdi.

Korxonaning iqtidorli xodimlaridan iborat jamoalar “Rais kubogi” uchun oʻtkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovida bellashdilar. Gʻolib jamoalar tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Korxona tomonidan Xatirchi tumanidagi “Qoʻrgʻontepa” MFYda jamiyatga biriktirilgan manzilda yil davomida koʻplab bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, hudud ahlining murojaatlari oʻrganildi, ularga ijobiy yechim topildi.

Yangi yil arafasida mahallada istiqomat qiluvchi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bunday eʼtibor qoʻrgʻontepaliklarning yangi yilni yaxshi kayfiyatda, toʻkin dasturxon atrofida qarshi olishiga xizmat qildi.
Bolajonlar yangi yilni sabrsizlik bilan kutadilar. Bayram qahramonlari va sovgʻalar bolajonlar uchun kutilgan va munosib tuhfa. “Navoiyazot” AJ masʼullari tomonidan bolajonlarni xursand etish maqsadida “Qoʻrgʻontepa” MFYda yangi yil bayrami tadbiri tashkil etildi. Tadbir tashkilotchilari bayram ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab, bolajonlarga yangi yil sovgʻalarini topshirdilar.

Korxona hududidagi bayramona bezatilgan archa atrofida xodimlar ishtirokida tadbirlar tashkil etildi. Unda kimyogarlar oʻz iqtidor hamda qobiliyatlarini koʻrsatishdi.

Yangi yilga mos sheʼriy, musiqiy chiqishlar, qiziqarli sahnalashtirilgan koʻrinishlar tadbirning esda qolarli oʻtishini taʼminladi. Bayram qahramonlari qiyofasida gavdalangan soha vakillari poyoniga yetgan yilda erishilgan yutuq va natijalardan ruhlangan holda yangi yilga yangi orzular bilan qadam qoʻyishdek shijoatni oʻz chiqishlarida ifoda etishdi. Qoʻshiqlar kuylandi, sovgʻalar ulashildi, raqslar esa katta jamoaning hamjihatligini namoyon etdi.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: