Hurmatli Vatandoshlar!
Sizlarni, ona tilimiz – O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ona tilimiz xalqimizning ma’naviy boyligi, milliy g‘ururi va iftixoridir. Uni qanchalik ardoqlasak, ulug‘lasak arziydi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini oshirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, o‘zbek tilidagi matnlarni sun’iy intellekt yordamida tahrirlash hamda o‘zbek tilida muloqot qilish imkonini beruvchi “aqlli” dasturlar ishlab chiqildi, shuningdek, “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning veb-sayti ishga tushirildi. Shu bilan birga, matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuvlari orasida o‘girish hamda so‘zlarning ma’nolarini aniqlashga xizmat qiluvchi elektron dasturlar keng qo‘llanilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tilimizning zamon bilan hamnafas rivojlanayotganini va tobora boyib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Bir qancha teleradiokanal hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zbek tilini o‘rganishga, tilimizning beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatuv va eshittirishlarning muntazam berib borilayotgani boshqa millat vakillarining o‘zbek tilini o‘zlashtirishiga katta hissa qo‘shmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning natijasi o‘laroq dunyodagi eng nufuzli ta’lim maskanlaridan biri hisoblanuvchi Oksford universitetining “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakultetida endilikda o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘rganiladi. Bu, shubhasiz, bizning milliy tilimiz sha’ni va obro‘yining yuksak ifodasidir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi.
Aziz yurtdoshlar, Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, faoliyatingizda zafarlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Barchamizga bayram muborak bo‘lsin!
Hurmat va ehtirom bilan,
O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi
Respublika kengashi raisi N.A. Alimdjanova
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: