PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING OʻZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FAOLLARI VA FAXRIYLARI BILAN UCHRASHUVDAGI NUTQI

Бош саҳифа

Assalomu alaykum, qadrli doʻstlar, muhtaram mehmonlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari faxriylari va faollari!

Sizlar bilan mana shunday samimiy, koʻtarinki kayfiyatda koʻrishib turganimdan xursandman.

Barchangizga, kasaba uyushmalarining koʻp millionli aʼzolariga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bugungi kunda oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.

Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, koʻp millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bogʻlaganmiz.

Bular, albatta, oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq.

Qanchalik qiyin boʻlmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda oʻtib bormoqdamiz. Bu borada mehnatkash va bagʻrikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning oʻrni, qoʻshayotgan hissasi beqiyos, albatta.

Bugungi davramizda oʻz hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bagʻishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va eʼtibor topgan koʻplab odamlarni koʻrib turibman.

Inson mehnati, uning qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan koʻra yaxshi bilasiz.

Yurtimizda xalqparvar, ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulugʻlash barcha islohotlarimizning bosh maqsadiga aylangan  hozirgi kunda siz, azizlarning boy bilim va tajribangiz biz uchun juda muhim.

Fursatdan foydalanib, har bir korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – ragʻbat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz doʻstlar!

Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy: “Biz oʻz hayotimizni oʻzgartirmoqchi boʻlsak, avvalo, odamlarning haq-huquqini tan olishni oʻrganishimiz kerak”, degan edi.

Bu – haq gap. Chindan ham, huquq va erkinliklar taʼminlangan, odamlari emin-erkin yashab, mehnat qilib, daromad topadigan mamlakatda davlat ham, jamiyat ham albatta rivojlanadi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan ilk kunlardan “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalga oshirish uchun, avvalo, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik.

Bu yoʻldagi saʼy-harakatlarimiz tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi, millionlab doimiy ish oʻrinlari yaratildi.

Xususiy sektorga keng yoʻl ochib, chin yurakdan ishlayman degan odamlarga munosib mehnat sharoitini yaratib berganimiz uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.

Har bir insonning huquq va erkinligini taʼminlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratdik. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamiz, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingani bu yoʻnalishdagi muhim qadamlar boʻldi.

Parlamentimiz huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham biz uchun yetakchi yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard soʻmga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini koʻrib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Bir soʻz bilan aytganda, milliy huquq tizimimiz xalqaro standartlarga moslashib, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining barqaror kafolatiga aylandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Eʼtibor bering, sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

Har bir ratifikatsiya orqali Oʻzbekiston oʻz zimmasiga katta majburiyat olmoqda.

Nima uchun hech ikkilanmasdan oʻzimizga bunday ulkan masʼuliyatni olyapmiz?

Chunki, barcha islohotlarimiz zamirida inson qadrini ulugʻlash mujassamdir. Va bu – mamlakatimiz qoʻshilayotgan xalqaro hujjatlar mazmuni bilan toʻla hamohangdir.

Aynan inson qadriga eʼtibor – barcha yutuqlarimiz asosi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz!

Qadrli doʻstlar!

Bir eslab koʻring, bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish uzoq yillar biz uchun eng ogʻriqli masala boʻlib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qatʼiy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik.

Yangi Oʻzbekistonning insonparvarlik tamoyillariga sodiq ekanini koʻrsatadigan bu oʻzgarish ijtimoiy hayotimizda mutlaqo yangi sahifa ochmoqda. Mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha ilgʻor tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

Oʻzbek paxtasi dunyodagi koʻplab nufuzli brend kompaniyalarning “qora roʻyxati”dan chiqarildi. Cotton campaign tashkiloti Oʻzbekistonga qoʻyilgan taqiqni butunlay bekor qildi. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonga ushbu siyosiy tuzilma davlatlari bozoriga imtiyozli kirib borish imkonini beradigan GSP+ tizimini taqdim etdi. Milliy mahsulotlarimiz uchun 26 ta yangi bozor ochildi, Yevropaga eksportimiz 5 karra oshib, 1,5 milliard dollarga yetdi.

Ilgari bunday raqamlarni orzu ham qilolmas edik. Bugun bu ishlar davom etmoqda. Masalan, keyingi haftada Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga imzo chekamiz. Bu – tashqi siyosat, xavfsizlik, korrupsiya, terrorizmga qarshi kurashish va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, Yevropa davlatlari hamda mamlakatimiz oʻrtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz erishayotgan yutuqlar xalqaro miqyosda munosib eʼtirof etilayotgani barchamizga mamnuniyat bagʻishlaydi. 

Oʻzbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli oʻtish jarayonlari uchun ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy himoya boʻyicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda; Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat boʻyicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda; mamlakatimiz oʻtgan yili ushbu tashkilotning Maʼmuriy kengashi aʼzoligiga saylandi.

Xalqaro maydonda Vatanimizga boʻlgan hurmat va ishonch tobora ortib, dunyoning barcha mintaqalarida doʻstlarimiz, hamkorlarimiz koʻpaymoqda.

Bularning barchasi islohotlarimizga katta ishonch va eʼtirof ifodasi emasmi?

Fursatdan foydalanib, ana shu masalalar boʻyicha biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalarga minnatdorlik bildiraman.

Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti boʻlgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz Oʻzbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik boʻyicha siyosatni bundan buyon ham qatʼiy davom ettiramiz.

Shu oʻrinda kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida eʼtirofga sazovor. Buni keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ularning foydasiga 267 milliard soʻm undirib berilgani ham tasdiqlaydi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard soʻm tovon puli toʻlab berilgan. Bundan tashqari, nohaq boʻshatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

Toʻrt yil oldin sizlarning tashabbusingiz bilan ilk bor Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etdik. Bu kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yoʻnalish boʻldi.

Ishonchim komil, oliygoh bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.

Umuman, kasaba uyushmalari faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ularning oʻrni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda. Federatsiya tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi. 

Federatsiyamiz oʻtgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga aʼzo boʻlgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea boʻldi. Federatsiyaning ijtimoiy himoya, gender tenglikni taʼminlash, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini ham toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Yangi Oʻzbekistonda har bir insonga munosib mehnat, kasb sohasida oʻsish, dam olish va salomatligini tiklashi uchun zarur sharoit yaratish – gʻoyat muhim masala.

Biz shu maqsadda ijtimoiy davlatning yangi modelini yaratyapmiz. “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi” degan tashabbus asosida sizlar bu jarayonda oldingi safda boʻlishingiz kerak.

Endi, sizlar bilan kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha kelgusi vazifalarni belgilab olsak, nima deysizlar?

Birinchidan, odamlarning oʻz mehnatidan manfaatdorligi qancha oshsa, islohotlar samaradorligi ham shuncha yuqori boʻladi.

Yaxshi bilasiz, 2023-yildan birinchi marta minimal isteʼmol xarajatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Iqtisodiyotimiz barqaror oʻsib bormoqda. Aholimizning turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini ham har yili koʻpaytirib boryapmiz.

Lekin, ochiq aytish kerak, bu masalalar koʻpincha bir tomonlama, yaʼni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda. Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasini ham (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) jalb qilsak, oʻylaymanki, bu juda toʻgʻri boʻladi.

Bu – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish boʻyicha yangicha yondashuv boʻladi.

Shu oʻrinda bir haqiqatni yaxshi tushunib olishimiz kerak: inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli taʼlim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli taʼminlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, har bir ishchi, har bir oila oʻz hayotida sifat darajasini his etishi, davlat va jamiyat esa buni kafolatlashi lozim.

Kasaba uyushmalari bu ishlarda faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Ikkinchidan, globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.

Imkoniyat va sharoit yaratib berganimiz tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi oʻzini oʻzi band qilib, roʻzgʻor tebratmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz IT dasturchisi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi oʻnlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda. Koʻplab fuqarolarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni oʻrgandi.

Bundan tashqari, biz mahalla institutini tubdan isloh qilib, barcha darajadagi rahbarlar eng quyi boʻgʻinga tushib ishlaydigan xalqchil tizim yaratdik.

Mahallalarni drayver sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila oʻz xonadonida ishlab, daromad olmoqda.

Bugun ushbu yoʻnalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.

Endi, Kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yoʻlga qoʻysa, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi.

Bandlik vazirligi (B. Zohidov) ham kasaba uyushmalari bilan birga platformalarda faoliyat yuritayotgan odamlarimizning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash; ularning hayoti, xavfsizligini sugʻurtalash boʻyicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Uchinchidan, kasaba uyushmalari oʻtgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish boʻyicha katta tajriba toʻpladi.

Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar ehtiyojmand, kam taʼminlangan opa-singillarimizga yordam koʻrsatishda bosh-qosh boʻldi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam boʻlib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yoʻlida” degan shior asosida yangi tizimni yoʻlga qoʻyishni taklif etaman.

Ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya va Federatsiya mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy etsa; uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qoʻllab-quvvatlashni yoʻlga qoʻysa; qishloq joylarda ayollar bandligi va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirsa; har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratsa; 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari boʻyicha gender tenglikni taʼminlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish choralarini koʻrib borsa, oʻylaymanki, hurmatli ayollarimiz mamnun boʻladi.

Toʻrtinchidan, kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi boʻyicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.

Soʻnggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida bunday holatlar ancha koʻp.

Misol uchun, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari koʻrib chiqilgan. Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi boʻgʻin sifatida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik koʻrsatsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Shu bilan birga, ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻq. Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini oʻrganish oʻttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qogʻozda yuritilmoqda.

Bugun, barcha sohalar raqamlashayotgan bir paytda sunʼiy intellektni joriy etib, bunday holatlarni tezkorlik bilan aniqlash kerakligini sizlar, albatta, yaxshi tushunasiz.

Bandlik vaziri B. Zohidov, sogʻliqni saqlash vaziri A. Xudayarov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Kasaba uyushmalari bilan birga ikki oy muddatda baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirsin; bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va ularga yechim topish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Beshinchidan, hozirgi vaqtda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritmoqda.

Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli taʼminlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.

Koʻryapsizlar, iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yoʻnalishlar, shunga mos tarzda yangi kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Ana shunday sharoitda tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning oldiga aniq vazifalar qoʻyib borishi kerak emasmi?

Shuning uchun, vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qoʻshma yigʻilishini doimiy ravishda oʻtkazib boradigan tizimni yoʻlga qoʻyishni taklif etaman.

Ishonchim komil, bunday muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanadi.

Oltinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sugʻurta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida eʼtibor qaratishi zarur, deb hisoblayman.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan uygʻunlashtiradigan strategik “yoʻl xaritasi” boʻladi.

Yettinchidan, turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtirokini aniq belgilab bersak, oʻylaymanki, adolatdan boʻladi.

Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli maʼlumotlarni oʻz vaqtida, toʻgʻri yetkazish juda muhim.

Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli.

Eng katta auditoriyaga ega boʻlgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targʻib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan boʻlib yetkazib borishi kerak.

Qadrli mehmonlar!

Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

Soʻnggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi oʻz salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.

Yaqinda Issiqkoʻlda “Boʻston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik boʻldi. Shu bilan birga, bu Oʻzbekiston va Qirgʻiziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.

Ayni vaqtda kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini toʻliq qamrab olmayapti, desak, buyam haqiqat boʻladi.

Bu masalada hokimlar ham chetda turmasligi kerak. Ular har yili oʻz hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish boʻyicha alohida dastur tasdiqlasa, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi.

Aziz doʻstlar!

Hayot bir haqiqatni doimo taʼkidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib boʻlmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini oʻrganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz.

Shu maqsadda olimlarimiz, soha faxriylari va faollari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi.

Bundan toʻrt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid maʼlumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol oʻynamoqda.

Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz boʻylab kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Mana shu qutlugʻ sana munosabati bilan mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qilaman.

Hozir topshiriq beraman, viloyat hokimlari sizlar bilan maslahatlashib, ikki hafta ichida joyini ajratib beradi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi – Toshkent shahrida, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari – viloyat markazlarida ushbu bogʻlarni tashkil qilishga oʻzlari bosh-qosh boʻlib, ularni soʻlim goʻshaga aylantirsa, bu ham mehnatsevarlikning ramziy ifodasi boʻlib xizmat qiladi.

Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, oʻylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha boʻladi.

Hurmatli vatandoshlar, qadrli doʻstlar!

Bugungi muloqotimizda aytilgan taklif va tashabbuslar soha rivoji uchun foydali boʻldi, deb oʻylayman.

Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli boʻlayotganiga yana bir bor amin boʻldim.

“Inson qadri uchun”, degan ezgu gʻoya bundan buyon ham Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxt-saodat, fayzu baraka tilayman.

El-yurtimiz doimo tinch va obod boʻlsin!

president.uz

Print Friendly, PDF & Email