“QIZILQUM FOSFORIT KOMPLEKSI” MCHJ KASABA UYUSHMASI QOʻMITASINING HISOBOT-SAYLOV KONFERENSIYASI BOʻLIB OʻTDI

Бош саҳифа

      Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylovi boʻlib oʻtdi.

      Hisobot-saylovda “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ direktori R.Saliyev, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati kengashi raisi Nazira Togʻayeva, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Raxmiddin Muxammedov, korxonaning masʼul xodimlari va sexlardan saylangan delegatlar ishtirok etdilar.

     

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi N. Alimdjanova soʻzga chiqib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar va “Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” bayrami toʻgʻrisida maʼruza qildi. Shuningdek, har besh yilda oʻtkaziladigan hisobot-saylov konferensiyalarining ahamiyati haqida gapirib, “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ hisobot-saylov konferensiyasini oʻtkazish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi.

Konferensiya kun tartibiga koʻra, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Raxmiddin Muxammedovning 5 yil davomida olib borilgan faoliyat yakunlari toʻgʻrisidagi hisoboti va kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyati yuzasidan taftish komissiyasining hisoboti eshitildi.

       Maʼlumotlarga koʻra kasaba uyushmasi aʼzolari tomonidan jami 580 dan ortiq murojaat kelib tushgan, shundan 506 ta murojaat yozma va 81 tasi ogʻzaki murojaatlardir.

       Murojaatlar mazmuni boʻyicha, huquqiy himoya, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish, mehnat muhofazasi,  sogʻlomlashtirish, moddiy yordam ajratish, ijtimoiy-mehnat munosabatlariga tegishli masalalar uy-joy olish uchun boshlangʻich badalni toʻlab berish va boshqa maishiy masalalarga oid mavzularda boʻlgan va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan murojaat mualliflari ishtirokida oʻrganilib, qonunda belgilangan  tartibda va muddatlarda tushuntirish berilgan hamda ijobiy hal etilgan. 

        Jamoa shartnomasida belgilangan imtiyoz va kafolatlardan deyarli barcha xodimlar foydalanganlar.

        Jamoa shartnomasi bandlarini bajarilishi orqali birgina 2024-yilda har bir xodimga oʻrta hisobda 23 mln 542,5 ming soʻmdan mablagʻ sarflanishiga erishilgan.

         Hisobot davrida jamoa shartnomasida koʻrsatilgan imtiyozlar uchun jami  5 mlrd 527 mln soʻm mablagʻ sarflangan.

Har yilgi yozgi sogʻlomlashtirish mavsumi davomida bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga xodimlarning farzandlari korxona mablagʻlari hisobidan 412 mln soʻm ortiq, kasaba uyushma mablagʻlari hisobidan 247 mln soʻm mablagʻ sarflangan.

   Maʼruzalar oʻz nihoyasiga yetkach muhokamaga oʻtildi. Delegatlar tomonidan boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasiga oid hisobotlar “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Shundan soʻng vakolat muddatining tugashi munosabati bilan boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi va uning raisi, shuningdek, yuqori kasaba uyushmasi organiga delegatlar saylandi.

Yashirin ovoz berish yoʻli bilan muqobillik asosida oʻtkazilgan saylovda koʻpchilik ovoz bilan Raxmiddin Muxammedov “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ kasaba uyushmasi qoʻmitasining raisi etib qayta saylandi.

Print Friendly, PDF & Email