Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 28-oktabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023-yil 30-aprel sanasidan kuchga kiradi.
Shu munosabat bilan Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimidagi “Birinchi rezina zavodi” MChJ korxonasida yangi mehnat kodeksidagi o‘zgarishlar va yangiliklar bo‘yicha ma’lumot berish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu mavzu ish beruvchilar, xodimlar bo‘limi va mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassislari va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalarning xodimlari uchun ham dolzarbdir.
Seminar davomida Respublika kengashining mehnat huquqi inspektori A.Xasanbayev va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis N. Muzapparovalar ishtirokchilarga Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining ahamiyatini tushuntirish, uni jamoa shartnomalariga tatbiq qilinishi hamda yangi Mehnat kodeksining kuchga kirishi xodimlarning ish sharoitlarini yanada yaxshilashga, ularning mehnatlari uchun adolatli haq to‘lanishiga, mehnatga majburlashning oldini olishga, xodimlarning dam olishga bo‘lgan huquqlarini yanada kengaytirishga va yana ko‘plab boshqa imkoniyatlar uchun xizmat qilishi haqida ma’lumotlar berib o‘tildi.
Yangi tahrirdagi mehnat kodeksi 7 bo‘lim 34 bob 581 ta moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shilganligi soha mutaxassislari tomonidan aytib o‘tildi.
Seminar yakunida alohida ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mehnat munosabatlari sohasidagi qator muammolar, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilish imkonini beradi.
Rixsiboyev Shuxratilla,
Mehnat muhofazasi masalalari bo‘yicha
bosh mutaxassisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: