|
OʻZBEKISTON KIMYO VA FARMATSEVTIKA SANOATI XODIMLARI KASABA UYUSHMASI USTAVI (YANGI TAHRIR) |
I.UMUMIY QOIDALAR
1.1. Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi (keyingi oʻrinlarda kasaba uyushmasi deb yuritiladi) xoʻjalik yuritish va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, muassasalar (keyingi oʻrinlarda korxonalar deb yuritiladi)da sohaga qarashli ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarida xodimlarni hamda sohaga taalluqli oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim, oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, oʻn besh yoshga toʻlgan shuningdek, qisman band boʻlgan shaxslarni hamda ishlamaydigan pensionerlarni (keyingi oʻrinlarda aʼzolar deb yuritiladi) kasbi, lavozimi, irqi, millati, jinsi, yoshi, diniy eʼtiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, ixtiyoriylik asosida birlashtiradigan oʻzini oʻzi boshqaruvchi nodavlat notijorat tashkilot boʻlib, uning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasi hisoblanadi.
1.2. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlar, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining (keyingi oʻrinlarda Federatsiya deb yuritiladi) taʼsis hujjatlari, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
Mazkur Ustav kasaba uyushmasining barcha aʼzolari uchun majburiydir.
1.3. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatida, shu jumladan moliyaviy faoliyatida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas hamda ular tomonidan nazorat qilinmaydi. Bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
1.4. Kasaba uyushmasi yuridik shaxs hisoblanadi. Oʻz muhr, shtamp, blank va hisobvaraqlariga ega boʻladi. Oʻz nomidan bitimlar, shartnomalar tuzishi, shuningdek, sudda daʼvogar yoki javobgar boʻlishi mumkin.
Kasaba uyushmasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan oʻz ramzlari (timsoli)ga ega boʻlishi mumkin.
Kasaba uyushmasi mustaqil ravishda oʻz tarkibini, tuzilmasini hamda organlarini shakllantiradi va ularning vakolatlarini belgilaydi.
Kasaba uyushmasi va uning tashkiliy tuzilmasi oʻz faoliyatida, shu jumladan moliyaviy faoliyatida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas hamda ular tomonidan nazorat qilinmaydi. Bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
1.5. Kasaba uyushmasi faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ixtiyoriylik;
kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish;
teng huquqlilik;
oshkoralik va ochiqlik;
kollegiallik;
kamchilikni koʻpchilikka boʻysunishligi;
barcha darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlarining rahbar organlari saylash asosida shakllantirilishi.
1.6. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatini quyidagi asosda tashkil etadi:
kasaba uyushmasining barcha rahbar organlari pastdan yuqoriga saylov yoʻli bilan saylab qoʻyilishi;
kasaba uyushmasi organlarining ularni saylagan kasaba uyushmasi tashkilotlari va kasaba uyushmasi yuqori organlari oldida hisobot berishi;
kasaba uyushmasining barcha tashkilotlari va organlarining ishlaridagi hamkorlik;
qaror qabul qilinayotganda munozara erkinligi;
kasaba uyushmasi yuqori organlarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari quyi tashkilotlar tomonidan bajarilishining majburiyligi.
1.7. Kasaba uyushmasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek ish beruvchilar, ularning birlashmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, jismoniy hamda yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
1.8. Kasaba uyushmasi mazkur Ustavda belgilangan maqsadlarga hamda vazifalarga muvofiq boshqa mamlakatlarning kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilishi, xalqaro va boshqa kasaba uyushmalari birlashmalari hamda tashkilotlariga aʼzo boʻlishi, shuningdek xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalarining (Federatsiya, Konfederatsiya, Assotsiatsiya va boshqalar) taʼsischisi boʻlishi mumkin.
Kasaba uyushmasining boshqa mamlakatlar kasaba uyushmalari bilan hamkorlikdagi, shuningdek, xalqaro va boshqa kasaba uyushmalari birlashmalari hamda tashkilotlaridagi faoliyati Federatsiyaning Ustaviga, uning rahbar organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlariga, Federatsiyaning kasaba uyushmalari umumiy faoliyatidagi siyosatiga zid boʻlishi mumkin emas.
1.9. Mazkur Ustav qoidalariga sharh va talqinini berish kasaba uyushmasi Respublika kengashining (keyingi oʻrinlarda Respublika kengashi deb yuritiladi), uning majlislari oraligʻida esa kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroiya qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda tarmoq Ijroiya qoʻmitasi deb yuritiladi) huquqi hisoblanadi.
Mazkur Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari normalariga zid, zarar yetkazadigan tarzda talqin qilinishi mumkin emas.
Ustav qoidalari talqin, tarjima qilinishi boʻyicha har xil fikrlar, kelishmovchiliklar kelib chiqqan hollarda, Ustavning davlat tilidagi matni ustunlikka egadir.
Mazkur Ustav qoidalariga berilgan sharh va talqindan norozi boʻlgan manfaatdor taraf Federatsiyaga murojaat qilishga haqli boʻlib, bunda Federatsiya tomonidan berilgan sharh va talqin yakuniy talqin hisoblanadi.
1.10. Mazkur Ustav zaruriyatga qarab boshqa tillarga norasmiy tarjima qilinishi mumkin.
Kasaba uyushmasining davlat, rus va ingliz tillaridagi toʻliq nomlanishi:
Davlat tilida: Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi. (Kirill alifbosida: Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi).
Rus tilida: Профсоюз работников химической и фармацевтической промышленности Узбекистана.
Ingliz tilida: The Trade Union of workers chemical and pharmaceutical industry of Uzbekistan.
Mazkur kasaba uyushmasi muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2015-yil 30-sentabr kuni 763-p son bilan “Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi” nomi bilan Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
1.11. Kasaba uyushmasining doimiy faoliyat yurituvchi, rahbar organi joylashgan yeri (pochta manzili): 100011. Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 38-uy.
II.KASABA UYUSHMASINING ASOSIY MAQSAD VA VAZIFALARI
2.1. Kasaba uyushmasining asosiy maqsadi oʻz aʼzolarining faoliyati yoki oʻqishi turi boʻyicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, mehnat, mehnatni muhofaza qilish munosabatlariga oid huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilishdan iboratdir.
2.2. Kasaba uyushmasining asosiy vazifalari:
kasaba uyushmasiga birlashish istagini bildirgan har bir shaxsning birlashish huquqini hech qanday cheklovlar va toʻsiqlarsiz amalga oshirish hamda kasaba uyushmasi harakatining birligi va birdamligini mustahkamlash;
kasaba uyushmasining aʼzosining mehnat huquqlariga rioya etilishi uchun kurashish, kasaba uyushmasi aʼzolariga bepul huquqiy yordam va maslahatlar berish;
ish beruvchilar bilan tarmoq (lozim boʻlganda hududiy) kelishuvlari, jamoa shartnomalari tuzilishiga erishish, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ish beruvchilar bilan ijtimoiy sheriklik koʻlamini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ish beruvchilar va mansabdor shaxslar tomonidan mehnat qonunchiligi, mehnat muhofazasi qoidalari va meʼyorlariga rioya qilinishi, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalari, tavsiyalari talablariga amal qilinishi, ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilishi, kasaba uyushmasi aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi, mehnat va dam olish sharoitlarini yaratilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan tartibda ish beruvchilar tomonidan xodimlarning manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinguniga qadar kasaba uyushmasi bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilishiga, jamoa kelishuvlarida hamda shartnomalarida belgilangan maqsadlar uchun va miqdorlarda mablagʻlar ajratilishiga erishish;
kasaba uyushmasining aʼzolari oʻrtasida madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya va sport- sogʻlomlashtirish, bolalarni sogʻlomlashtirish va dam oldirishni rivojlantirish tadbirlarini tashkil etish, ushbu masalalarda davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, birlashmalar va korxonalar bilan hamkorlik qilish;
xalqaro va boshqa mamlakatlarning turdosh kasaba uyushmalari, kasaba uyushmalari birlashmalari bilan aʼzolar manfaati va tajriba almashish yoʻlida hamkorlik qilish.
faoliyatining oshkoraligini taʼminlash, oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmogʻida, rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda yoritib borishda iboratdir.
Kasaba uyushmasi oʻz maqsadlariga erishish uchun boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III.KASABA UYUSHMASINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
3.1. Kasaba uyushmasi quyidagi huquqlarga ega:
xodimlar nomidan jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa shartnomalari va kelishuvlarini tuzish;
oʻz aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
oʻz aʼzolarining mehnat munosabatlarida huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilib sudga murojaat qilish;
insonning munosib hayot kechirishini va erkin rivojlanishini taʼminlovchi shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirishda, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, turmush darajasining asosiy mezonlarini va tirikchilik uchun zarur boʻlgan narsalarning eng kam miqdorini belgilashda ishtirok etish;
xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
davlat bandlik dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, bandlikni taʼminlash, shu jumladan yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish va mavjudlarini saqlab qolish, korxonalarning faoliyatini yaxshilash, xodimlarning ommaviy ravishda ishdan ozod etilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni taklif etish;
qonun hujjatlarida tashkil etilishi hamda faoliyat koʻrsatishi tartibi belgilanadigan mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarning ishida, shuningdek jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishda ishtirok etish;
ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritish;
Ustav faoliyatini amalga oshirish uchun davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilardan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari masalalari yuzasidan, shuningdek boshqa zarur boʻlgan axborotlarni bepul olish;
ommaviy axborot vositalarida, bosma (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va elektron tarzda (tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar, Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlar va boshqalar) oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot tarqatish;
Ustavda belgilangan maqsad hamda vazifalariga muvofiq belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, tijorat tashkilotlarini tashkil etish, noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish, turli jamgʻarmalarni shakllantirish;
maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan tanlov, tadbir va anjumanlar tashkil etish, oʻtkazish, kasaba uyushmasi xodimlari va faollarini ragʻbatlantirish va mukofotlash;
ramziy belgilarini taʼsis etish;
oʻz faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yigʻilishlar, konferensiyalar, Qurultoylar oʻtkazish.
Kasaba uyushmasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
3.2. Kasaba uyushmasining majburiyatlari:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga rioya etish;
ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
oʻz mol-mulki va pul mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi axborot bilan tanishish erkinligini taʼminlash;
Kasaba uyushmasini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida oldindan xabar qilish va uning vakiliga ushbu tadbirlarga erkin kirish imkonini berish;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi, davlat soliq va statistika organlariga oʻz faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish;
oʻz faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
bitimlar va shartnomalar, dasturlar va loyihalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish;
oʻz aʼzolari oldida kamida bir yilda bir marta oʻz faoliyati haqida hisobot berish;
Kasaba uyushmasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
IV. KASABA UYUSHMASI AʼZOLARI, ULARNING
HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
4.1. Kasaba uyushmasiga aʼzo boʻlish ixtiyoriydir.
Kasaba uyushmasi Ustavi talablarini tan oluvchi va bajaruvchi, aʼzolik badallarini muntazam toʻlab boruvchi 15 yoshga toʻlgan xohlagan jismoniy shaxs kasaba uyushmasi aʼzosi boʻlishi mumkin.
4.2. Kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilish yakka tartibda, aʼzolikka kiruvchining shaxsiy arizasiga binoan boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yigʻilishi yoki saylab qoʻyiladigan organi majlisida amalga oshiriladi.
Yirik boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining saylab qoʻyiladigan organi kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilish vakolatini sex kasaba uyushmasi tashkilotlari (bundan buyon matnda sex tashkiloti deb yuritiladi), kasaba uyushmasi guruhlariga berishi mumkin.
4.3. Boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilmagan tashkilotlar xodimlarini kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilish birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitalarining Rayosatlari tomonidan amalga oshiriladi.
4.4. Kasaba uyushmasiga aʼzolik staji bu haqda tegishli qaror qabul qilingan kundan hisoblanadi. Kasaba uyushmasiga qabul qilingan shaxsga Federatsiya tomonidan tasdiqlangan yagona namunadagi aʼzolik bileti beriladi.
4.5. Boshqa kasaba uyushmasi aʼzosi boʻlib, kimyo va farmatsevtika sohasidagi tashkilotda oʻrindoshlik asosida ishlayotgan xodim mazkur ustavning
4.13-bandida koʻzda tutilgan majburiyatlarni toʻliq bajarish sharti bilan kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinishi mumkin. Bunda kasaba uyushmasi aʼzosi asosiy ish joyidagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotida hisobda turadi.
4.6. Quyidagi kasaba uyushma aʼzolari boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti umumiy yigʻilishi, kasaba uyushmasi qoʻmitasi qaroriga muvofiq kasaba uyushmasiga aʼzolikni saqlab qolishlari mumkin:
bolani, kasal va nogironlarni parvarish qilish sababli vaqtincha ish faoliyatini toʻxtatganlar;
salomatligi yomonlashganligi yoki pensiyaga chiqib, mehnat faoliyatini toʻxtatgan hamda kasaba uyushmasi tashkiloti bilan aloqani uzmagan va aʼzolik badallarini muntazam toʻlab borayotganlar;
xodim ish beruvchi tomonidan noqonuniy ravishda ishdan boʻshatilgan hollarda – qayta ishga tiklanguniga qadar;
Respublika hududidan tashqariga oʻqish va xizmat vazifasi bilan bogʻliq vaqtincha ishga ketganlar – qaytish davriga qadar.
Xodim u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan soʻng xam arizasiga asosan, aʼzolik badallarini toʻlab turish sharti bilan kasaba uyushmasi aʼzoligini davom ettirishi mumkin. Bunday shaxslarning arizasi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti organi tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli qaror asosida amalga oshiriladi. Qabul qilingan qaror xaqida amaldagi qonunlarda belgilangan muddatlarda yozma javob berilishi shart.
4.7. Qurolli kuchlar safidan harbiy xizmatdan qaytganlar tarmoq tizimidagi korxonalarga ishga joylashganda, aʼzolik tiklanadi.
4.8. Boshqa kasaba uyushmasi aʼzosi boʻlgan shaxs kimyo va farmatsevtika xodimlari boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilgan tashkilotga ishga oʻtgan taqdirda, qaytadan kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinishi lozim.
4.9. Kasaba uyushmasi aʼzolari, qoida tariqasida, asosiy ish (oʻqish) joylaridagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilot hisobida turadilar.
Agar, kasaba uyushmasi aʼzosi boʻlgan xodim ishlayotgan (talaba oʻqiyotgan) tashkilotda boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilmagan boʻlsa, bu xodim (talaba) tegishli kasaba uyushma birlashgan qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda birlashgan qoʻmita deb yuritiladi)da hisobga olinadi.
4.10. Ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqish kasaba uyushmasi aʼzosining bu haqdagi arizasiga asosan, u qaysi organning qarori bilan aʼzolikka qabul qilinganligidan qatʼi nazar, boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yigʻilishi yoki saylab qoʻyiladigan organi majlisida (agar aʼzolikka qabul qilish sex tashkiloti, kasaba uyushmasi guruhi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ularning umumiy yigʻilishi (saylab qoʻyiladigan organi majlisi)da amalga oshiriladi va tegishli qaror qabul qilingandan kundan boshlab kasaba uyushmasi aʼzosi aʼzolikdan chiqqan hisoblanadi.
4.11. Kasaba uyushmasi aʼzolari ushbu Ustavda belgilangan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar.
4.12. Kasaba uyushmasi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
kasaba uyushmasi organlaridan bepul huquqiy yordam olish hamda davlat, sud va mulk shaklidan qatʼi nazar xoʻjalik organlarida mehnat munosabatlariga oid masalalar boʻyicha kasaba uyushmasining himoyasida boʻlish;
oʻzining mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab har qanday darajadagi kasaba uyushmasi organlariga murojaat etish va murojaati boʻyicha tegishli javobni talab qilish;
kasaba uyushmasi tashkilotlarining saylab qoʻyiladigan organlariga saylash, saylanish;
kasaba uyushmasining tadbirlarida ishtirok etish, oʻz fikrini erkin bayon qilish, oʻz faoliyati va (yoki) xulq-atvoriga taalluqli masala koʻrilayotgan majlis, yigʻilish, konferensiyalarda shaxsan ishtirok etish;
tegishli kasaba uyushmasi tashkilotlarining rahbar organlari tomonidan belgilangan tartibda maʼnaviy va moddiy jihatdan ragʻbatlantirilish;
Federatsiya va kasaba uyushmasi organlari tasarrufidagi sogʻlomlashtirish muassasalari (sanatoriy-kurortlar, dam olish uylari, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari)ga belgilangan tartibda imtiyozli yoʻllanmalar olish, madaniyat muassasalari va sport inshootlaridan foydalanish;
shaxsiy arizasiga koʻra, kasaba uyushmasi aʼzoligidan erkin chiqish.
4.13. Kasaba uyushmasi aʼzolarining majburiyatlari:
kasaba uyushmasi Ustaviga rioya qilish va kasaba uyushmasi organlari qarorlarini belgilangan muddatida va sifatli bajarish;
kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish;
jamoa shartnomalari va kelishuvlari majburiyatlarining bajarilishiga koʻmaklashish;
kasaba uyushmasi faoliyatiga toʻsqinlik qiladigan va zarar keltiradigan, kasaba uyushmasining shaʼniga ziyon yetkazadigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik.
4.14. Ustavda belgilangan majburiyatlarni bajarmagan kasaba uyushmasi aʼzosiga nisbatan quyidagi jamoatchilik taʼsir choralari qoʻllanishi mumkin:
ogohlantirish;
saylanma organ tarkibida boʻlsa – organ tarkibidan chaqirib olish yoki chiqarish;
kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqarish.
Jamoatchilik taʼsir choralari bevosita nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan soʻng bir oy ichida, lekin u sodir etilgan kunidan olti oydan kechikmasdan qoʻllaniladi, bunda kasaba uyushma aʼzosining vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri (tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan kasallik varaqasiga asosan) yoki taʼtilda boʻlgan vaqt hisoblanmaydi.
Har bir nojoʻya xatti-harakat uchun kasaba uyushma aʼzosiga faqat bitta jamoatchilik taʼsir chorasi qoʻllaniladi.
4.15. Kasaba uyushmasi aʼzosiga jamoatchilik taʼsir choralarini qoʻllash masalasi uning ishtirokida, uzrli sabablarsiz kelmagan hollarda esa uning ishtirokisiz, kasaba uyushmasi guruhi, sex tashkiloti, boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yigʻilishida yoki ularning saylab qoʻyiladigan organlari majlislarida, shuningdek, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlari rahbar (ijroiya) organlarining majlislarida hal qilinadi.
Kasaba uyushmasi aʼzosiga qoʻllanilgan jamoatchilik taʼsir chorasi haqida qaror qabul qilgan yuqori kasaba uyushmasi organi 10 ish kunidan kechikmay ushbu kasaba uyushmasi aʼzosi hisobda turgan boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotini (birlashgan qoʻmitani) xabardor qilishi lozim. Xabardor qilish qaror nusxasini (qarordan koʻchirmani) yoki alohida xat yoxud elektron xabarnoma yoʻllash shaklida boʻlishi mumkin. Xatda yoki elektron xabarnomada qarorning tartib raqami, sanasi, qoʻllanilgan jamoatchilik taʼsir chorasining turi va sababi koʻrsatilishi kerak.
Kasaba uyushmasi aʼzosi qaror qabul qilgan organga yozma ravishda murojaat etgan taqdirda, murojaat olingan kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay, unga jamoatchilik taʼsir chorasi qoʻllash toʻgʻrisida qaror nusxasi taqdim etiladi yoki murojaatida koʻrsatgan manzilga pochta orqali yoxud elektron koʻrinishda yuboriladi.
4.16. Kasaba uyushmasi aʼzosi jamoatchilik taʼsir chorasi qoʻllanilishi ustidan, bu toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab bir oy ichida, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotining rahbar (ijroiya) organiga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Murojaat mazkur kasaba uyushmasi rahbar (ijroiya) organi tomonidan bir oydan koʻp boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
4.17. Kasaba uyushmasi aʼzosiga nisbatan ogohlantirish turidagi jamoatchilik taʼsir chorasini qoʻllagan kasaba uyushmasi organi, oʻz tashabbusiga koʻra, qaror qabul qilingan kundan boshlab kamida uch oydan soʻng taʼsir chorasini olib tashlashi mumkin.
4.18. Sud tomonidan jinoyat sodir etganlikda ayblangan va ozodlikdan mahrum etilgan kasaba uyushmasi aʼzosi oʻzi hisobda turgan boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining umumiy yigʻilishi, saylab qoʻyiladigan organi yoki yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti rahbar (ijroiya) organining qarori bilan aʼzolikdan chiqariladi.
4.19. Kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqarilgan yoki chiqqan shaxs kasaba uyushmasi tomonidan oʻzining ijtimoiy-mehnat huquqi va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi, bepul huquqiy yordam olish huquqiga ega emas.
6 oydan ortiq uzrsiz sabablarga koʻra aʼzolik badalini toʻlamagan kasaba uyushmasi aʼzosi kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqqan hisoblanadi (mazkur ustavning 4.6-4.7-bandida koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno).
4.20. Kasaba uyushmasi tashkilotining saylangan organi tarkibiga (rahbarligiga) saylangan kasaba uyushmasi aʼzosi aʼzolikdan chiqsa (chiqarilsa), shu vaqtdan eʼtiboran ushbu organ tarkibidan chiqarilgan (lavozimdan ozod etilgan) hisoblanadi.
Agar kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqarilgan shaxs kasaba uyushmasi tashkilotining saylangan organida ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan holda vazifani bajaradigan lavozimga (rais, uning oʻrinbosari va boshqalar) saylangan boʻlsa, u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmasi aʼzoligidan chiqarilgan shaxs kasaba uyushmasi tashkilotining saylangan organida ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan holda vazifani bajaradigan lavozimga (rais, uning oʻrinbosari va boshqalar) saylangan boʻlsa, uni bu lavozimdan ozod etishda mazkur bandning ikkinchi qismida belgilangan qoida qoʻllanilmaydi.
4.21. Kasaba uyushmasi faoliyatida faol qatnashganligi uchun kasaba uyushmasi aʼzolari kasaba uyushmasi organlari tomonidan belgilangan tartibda maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirilishi mumkin.
V. KASABA UYUSHMASINING TASHKILIY TUZILISHI
5.1. Kasaba uyushmasining tashkiliy tuzilmasini quyidagilar tashkil etadi:
boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda “boshlangʻich tashkilot” deb yuritiladi);
birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda “birlashgan qoʻmita” deb yuritiladi);
kasaba uyushmasi Respublika kengashi apparati (keyingi oʻrinlarda “Respublika kengashi apparati” deb yuritiladi);
kasaba uyushmasi Respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda “Respublika kengashi” deb yuritiladi).
5.2. Kasaba uyushmasi tizimida xotin-qizlar, yoshlar bilan ishlash va boshqa kengashlar, komissiyalar tuzilishi mumkin, ularning faoliyati tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarori bilan tasdiqlanadigan tegishli Nizomlar asosida amalga oshiriladi.
VI. KASABA UYUSHMASINING BOSHLANGʻICH TASHKILOTLARI, ULARNING HUQUQLARI, MAJBURIYATLARI VA VAZIFALARI
6.1. Boshlangʻich tashkilot bir yoki bir nechta ish beruvchida ishlaydigan yoki taʼlim muassasasida oʻqiydigan kasaba uyushmasi aʼzolari tomonidan, umumiy yigʻilish yoki konferensiyada ixtiyoriy birlashish asosida tashkil etiladi.
Boshlangʻich tashkilot tuzilmagan tashkilotlarda kamida 2 nafar xodim mazkur ustavning 4.3-bandida belgilangan tartibda kasaba uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinadi va ular tomonidan ushbu bandning birinchi qismida koʻzda tutilgan tartibda boshlangʻich tashkilot tashkil etiladi.
Boshlangʻich tashkilot, qoida tariqasida, ishlab chiqarish yoki kasb-kor tamoyili boʻyicha, biroq mulk shakli va kimga boʻysunishidan qatʼi nazar, korxonalarda tuziladi.
Boshlangʻich tashkilotni tuzish toʻgʻrisidagi qaror kasaba uyushmasi aʼzolarining taʼsis (umumiy) yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi va 2 nusxada rasmiylashtiriladi hamda qarorning bir nusxasi ikki ish kunidan kechiktirmay tegishli yuqori kasaba uyushmasi organiga taqdim etiladi.
Boshlangʻich tashkilot mazkur Ustav hamda tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan “Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti toʻgʻrisida”gi Nizom yoki tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan oʻz Nizomi asosida faoliyat yuritadi.
Boshlangʻich tashkilot berilgan huquqlar doirasida ishlab chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, mehnatni muhofaza qilish, maishiy, dam olish, madaniy-maʼrifiy, turizm, jismoniy tarbiya va sport hamda boshqa masalalarda kasaba uyushmasi aʼzolarining manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi.
6.2. Boshlangʻich tashkilot yuridik shaxs maqomiga ega yoki yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etilishi mumkin. Yuridik shaxs boʻlgan boshlangʻich tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan va ega boʻlmagan boshlangʻich tashkilotlarni hisobga olish kasaba uyushmasining tegishli birlashgan kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi hamda hisobi yuritiladi. Respublika kengashi apparatida ularning umumiylashtirilgan hisoboti yuritiladi.
6.3. Boshlangʻich tashkilot qoʻmitasining qaroriga muvofiq tashkilotning tuzilmaviy boʻlinmalarida sex tashkilotlari, kasaba uyushmasi guruhlari tuzilishi hamda ularning vakolatlari belgilanishi mumkin.
Quyidagilar boshlangʻich tashkilot qoʻmitasining tuzilmasiga kiradi:
kasaba uyushmasi guruhlari;
kasaba uyushmasi sex tashkilotlari.
6.4. Quyidagilar boshlangʻich tashkilotning organlari hisoblanadi:
umumiy yigʻilish (konferensiya) – oliy organi;
kasaba uyushmasi qoʻmitasi – kollegial rahbar organi;
kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi;
kasaba uyushmasi tashkilotchisi – faoliyatini vakolati doirasida yakkaboshchilik asosida amalga oshiruvchi rahbar organi;
taftish komissiyasi (bankda oʻz hisobvaragʻiga ega boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda) – kollegial nazorat organi.
Yirik boshlangʻich tashkilotlarda kollegial ijroiya organi – kasaba uyushmasi qoʻmitasining rayosati saylanishi mumkin. Bunda uning vakolatlari tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan “Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti toʻgʻrisida”gi Nizomda belgilanadi.
6.5. Kasaba uyushmasi aʼzolari soni 15 nafar va undan ortiq boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda – kasaba uyushmasi qoʻmitasi, 15 nafargacha boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda kasaba uyushmasi tashkilotchisi saylanadi.
Kasaba uyushmasi aʼzolari soni 15 nafar va undan ortiq boʻlgan bankda oʻz hisobvaragʻiga ega boshlangʻich tashkilotlarda taftish komissiyasi saylanadi.
Kasaba uyushmasi aʼzolari soni 15 nafargacha boʻlgan bankda oʻz hisobvaragʻiga ega boshlangʻich tashkilotlarda umumiy yigʻilish gʻaznachini tayinlashi mumkin.
Boshlangʻich tashkilot kollegial rahbar, ijroiya va nazorat organlari tarkibiga, shuningdek kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi va rais oʻrinbosari, kasaba uyushmasi tashkilotchisi lavozimlariga faqat ushbu boshlangʻich tashkilotda hisobda turgan kasaba uyushmasi aʼzolari saylanishi mumkin.
6.6. Boshlangʻich tashkilotning umumiy yigʻilishi (konferensiya):
boshlangʻich tashkilot kasaba uyushmasi qoʻmitasi aʼzolarini, qoʻmita raisi, rais oʻrinbosari, kasaba uyushmasi tashkilotchisini, shuningdek bankda oʻz hisobvaragʻiga ega boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda taftish komissiyasi aʼzolari va uning raisini saylaydi (gʻaznachini tayinlaydi);
kasaba uyushmasi qoʻmitasi, kasaba uyushmasi tashkilotchisining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi va baho beradi;
Federatsiya va kasaba uyushmasi tizimida amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga zid boʻlmagan oʻz meʼyoriy hujjatlarini qabul qiladi, shuningdek, ularga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritadi;
jamoa shartnomasi loyihasini maʼqullaydi;
yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti konferensiyaciga delegatlar, saylab qoʻyiladigan organlari tarkibiga vakillarni va ularning oʻrinbosarlarini saylaydi (yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan shunday tartib belgilangan taqdirda);
boshlangʻich tashkilotni qayta tashkil etish, tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
boshlangʻich tashkilot tasarrufida tijorat tashkilot(lar)ini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi (faqat yuridik shaxs boʻlgan boshlangʻich tashkilotlarda).
6.7. Umumiy yigʻilishni oʻtkazish imkoniyati boʻlmagan boshlangʻich tashkilotlarda (tarkibiy tuzilmalari tarqoq holda joylashgan, shuningdek yirik tashkilotlarda) kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori bilan konferensiya chaqirilishi mumkin. Konferensiyaga vakillik meʼyori va delegatlarni saylash tartibi konferensiyani chaqirayotgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Konferensiya boshlangʻich tashkilotning umumiy yigʻilishi uchun belgilangan vakolatlarga ega.
Boshlangʻich tashkilot kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi va rais oʻrinbosari (agar mavjud boʻlsa) lavozimiga koʻra, boshlangʻich tashkilot konferensiyasining delegati hisoblanadi.
6.8. Boshlangʻich tashkilot hisobot-saylov konferensiyasi qaroriga muvofiq delegatlarning vakolatlari boshlangʻich tashkilot rahbar organining vakolat muddatiga teng muddatgacha saqlab qolinishi mumkin.
6.9. Boshlangʻich tashkilotning navbatdagi umumiy yigʻilishi, konferensiyasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi) tomonidan zaruriyatga koʻra, lekin bir yilda kamida bir marotaba chaqiriladi, mazkur ustavning 12.1-bandida koʻzda tutilgan hisobot-saylov yigʻilishlari, konferensiyalari bundan mustasno.
Umumiy yigʻilish, konferensiyani oʻtkazish sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi haqida kamida 1 oy avval maʼlum qilinadi. Agar mazkur Ustavning 6.8-bandidagi norma talabi bajarilgan boʻlsa, konferensiyani oʻtkazish sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi haqida kamida 15 kun avval maʼlum qilinadi.
6.10. Boshlangʻich tashkilotning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi (konferensiyasi) quyidagilar tomonidan chaqirilishi mumkin:
faoliyatni yakkaboshchilik asosida olib boruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, kasaba uyushmasi tashkilotchisi oʻz tashabbusiga koʻra;
yuqori kasaba uyushmasi organining qaroriga binoan;
ushbu boshlangʻich tashkilotda hisobda turgan kasaba uyushmasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismining talabiga koʻra.
Navbatdan tashqari umumiy yigʻilish (konferensiya) kasaba uyushmasi tashkilotchisi, kasaba uyushmasi qoʻmitasining oʻz tashabbusiga koʻra chaqirilganda, uni oʻtkazish sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi toʻgʻrisida mazkur Ustavning 6.9-band 2-qismida keltirilgan muddatlarda maʼlum qilinadi.
Navbatdan tashqari umumiy yigʻilish (konferensiya) yuqori kasaba uyushmasi organining qaroriga binoan oʻtkazilishi talab qilingan hollarda, kasaba uyushmasi qoʻmitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi) yuqori tashkilotning qarori olingan kundan boshlab 3 (uch) ish kunida umumiy yigʻilish (konferensiya)ni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi va nusxasini talab qilgan yuqori organga yoʻllashi shart.
Boshlangʻich tashkilotda hisobda turgan kasaba uyushmasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish (konferensiya)ni oʻtkazishni talab qilgan hollarda, kasaba uyushmasi qoʻmitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi) talab kelib tushgan vaqtdan boshlab 15 (oʻn besh) kun muddatda navbatdan tashqari umumiy yigʻilishni (konferensiyani) chaqirishi shart.
Navbatdan tashqari konferensiyaga vakillik meʼyori uni chaqirayotgan organ tomonidan belgilanadi.
6.11. Boshlangʻich tashkilot kasaba uyushmasi qoʻmitasining yigʻilishlari zaruratga qarab, lekin har chorakda 1-marta oʻtkaziladi.
6.12. Kasaba uyushmasi qoʻmitasi (tashkilotchisi):
mehnat, mehnat muhofazasi, maʼnaviyat va maʼrifat, jismoniy tarbiya va sport, sogʻlomlashtirish sohalarida tashkilot xodimlarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini ifodalaydi hamda himoya qiladi;
yuqori kasaba uyushmasi organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlaydi;
mehnat jamoasini ijtimoiy rivojlantirishning joriy va istiqbol rejalarini ishlab chiqishda, yakka tartibdagi va jamoalarga doir mehnat nizolarini hal qilishda qatnashadi;
oʻrnatilgan tartibda jamoa shartnomasi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etadi, loyihani tegishli yuqori kasaba uyushmasi organi ekspertizasidan oʻtkazadi va maʼqullash uchun umumiy yigʻilish (konferensiya)ga kiritadi;
ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan mehnatga oid lokal hujjatlar loyihalarini qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va eʼtirozlar boʻlmagan taqdirda kelishib beradi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, xodimlarning manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinguniga qadar, ish beruvchidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi (kasaba uyushmasi tashkilotchisi) bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilishini talab qiladi va oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilishiga rozilik berish yoki bermaslik masalalarini koʻrib chiqadi;
jamoa shartnomasida yoki tarmoq kelishuvida nazarda tutilgan hollarda, ish beruvchining tashabbusiga koʻra, xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish yoki bermaslik masalasini hal qiladi;
ish beruvchining amaldagi qonunchilikka zid tarzda qabul qilgan qarorlari, buyruqlarini belgilangan tartibda bekor qilinishiga erishadi;
amaldagi qonunchilikka binoan, mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi, mehnat huquqi, mehnat va salomatlik muhofazasi masalalari boʻyicha meʼyoriy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, ularga rioya etilishini nazorat qiladi;
boshlangʻich tashkilot faollarini oʻqitishni tashkil etadi;
kasaba uyushmasi qoʻmitasi zarur (sogʻligi tufayli oʻz vazifalarini bajara olmagan, lavozimidan ozod etish haqida ariza bergan) hollarda umumiy yigʻilish (konferensiya) oraligʻida kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, rais oʻrinbosarini lavozimidan ozod etish va saylash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin;
yuridik maqomga ega boʻlgan taqdirda, oʻz ixtiyorida qoldirilgan mablagʻ doirasida, yuqori kasaba uyushma organi tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarga muvofiq, kasaba uyushmasi byudjetini, daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi hamda bu mablagʻlarni Ustavda belgilangan maqsadlarga sarflaydi;
aʼzolik badallari mablagʻlarini belgilangan tartibda va miqdorda yuqori kasaba uyushmasi organlariga oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini taʼminlaydi;
amaldagi Nizomlar asosida xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish ishlarini, ular oʻrtasida madaniy-maʼrifiy, ommaviy-sport tadbirlarini tashkil qiladi;
oʻrnatilgan tartibda kasaba uyushmasi faollarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish ishlarini tashkil qiladi;
Kasaba uyushmasi qoʻmitasi (tashkilotchisi) tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻzining ayrim vakolatlarini sex tashkilotlariga (sex qoʻmitalariga), kasaba uyushmasi guruhlariga, qoʻmita raisiga berishi mumkin, qonunchilikda bevosita kasaba uyushmasi qoʻmitasiga berilgan vakolatlar (masalan, xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga rozilik soʻrab kiritilgan ish beruvchining taqdimnomasini koʻrib chiqish vakolati) bundan mustasno.
6.13. Sex qoʻmitasi oʻz faoliyatini tashkilot boʻlinmasida tashkil qiladi, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlari rahbar organlari qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi, kasaba uyushmasi guruh tashkilotchilari ishini yoʻnaltirib va muvofiqlashtirib boradi.
Oʻz vakolati doirasida sex tashkilotining umumiy yigʻilishini chaqiradi, yigʻilish kun tartib boʻyicha takliflarni kiritadi, koʻriladigan masalalar boʻyicha hujjatlar loyihalari tayyorlanishini tashkil qiladi.
6.14. Kasaba uyushmasi guruh tashkilotchisi aʼzolar bilan yakka tartibda ish olib boradi, ularni jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishga jalb qiladi, mehnat, oʻqish, malaka oshirish, maishiy xizmat hamda dam olish sharoitlarini yaxshilash borasida kasaba uyushmasi qoʻmitasiga takliflar kiritadi.
Oʻz vakolati doirasida yakka tartibda qarorlar qabul qiladi.
6.15. Boshlangʻich tashkilot faoliyatini qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror oʻzining tegishincha yuqori organ boʻlgan birlashgan qoʻmita (hudud tashkilotchisi, hududiy boʻlinma, Respublika kengashi)ni xabardor qilgan holda boshlangʻich tashkilotning umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)da qabul qilinadi. Kvorum mavjud boʻlgani holda, umumiy yigʻilishda ishtirok etayotgan kasaba uyushmasi aʼzolarining, konferensiyada ishtirok etayotgan delegatlarning uchdan ikki qismi qoʻllab-quvvatlaganda qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Qabul qilingan qaror nusxasi umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida, mazkur boshlangʻich kasaba uyushmasining tegishincha yuqori organ boʻlgan birlashgan qoʻmita (hudud tashkilotchisi, hududiy boʻlinma, Respublika kengashi)ga yoʻllanadi.
6.16. Korxona tugatilgan holda, agar mazkur ustavning 6.17.-bandida koʻzda tutilgan tartibda boshlangʻich tashkilot faoliyatini tugatish uchun umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazish imkoni boʻlmasa, boshlangʻich tashkilot faoliyatini tugatish mazkur boshlangʻich tashkilot kasaba uyushmasi yuqori kasaba uyushmasi organi boʻlgan birlashgan qoʻmita (hudud tashkilotchisi, Respublika kengashi) uni davlat reestridan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot asosida hisobdan chiqaradi.
6.17. Boshlangʻich tashkilot tugatilganda barcha moliyaviy majburiyatlar bajarilgandan soʻng, qolgan uning mol-mulki va mablagʻlari Ustavda belgilangan maqsadlarga sarflash uchun mazkur boshlangʻich tashkilot kasaba uyushmasi tegishli dalolatnoma asosida yuqori kasaba uyushmasi organi boʻlgan birlashgan qoʻmitaga, ular mavjud boʻlmaganda Respublika kengashiga oʻtkaziladi.
6.18. Boshlangʻich tashkilot boshqa kasaba uyushmasi aʼzoligiga oʻtgan hollarda uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmaydi.
Bunda, kasaba uyushmasi aʼzolik badallaridan yuqori kasaba uyushmasi organiga oʻtkazib berilishi kerak boʻlgan pul mablagʻlaridan qarzdorlik soʻndirilishi va boshqa mulkiy majburiyatlar bajarilishi, shu jumladan kasaba uyushmasiga tegishli boʻlgan barcha mol-mulk mulkdorga qaytarilishi shart.
6.19. Boshlangʻich tashkilot tugatilgan, shuningdek boshqa kasaba uyushmasi aʼzoligiga oʻtkazilgan holda, yuqori kasaba uyushmasi organi boʻlgan birlashgan qoʻmita (hudud tashkilotchisi, Respublika kengashi)ning vakolatli organi boshlangʻich tashkilotni kasaba uyushmasi aʼzoligi va roʻyxatidan chiqarish haqida qaror qabul qilishi lozim.
6.20. Tashkilotda mulkchilik shakli oʻzgargan, qayta tashkil etilgan taqdirda, boshlangʻich tashkilot va uning organlari oʻz huquqiy maqomini saqlab qolgan holda faoliyat koʻrsatishni davom ettiradi.
VII. KASABA UYUSHMASINING BIRLASHGAN QOʻMITALARI, ULARNING HUQUQLARI, MAJBURIYATLARI VA VAZIFALARI
7.1. Yirik xoʻjalik, ilmiy birlashmalarning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan yoki yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan tarkibiy tuzilmalaridagi boshlangʻich tashkilotlarning tashabbusi bilan birlashgan qoʻmitalar tashkil qilinishi mumkin.
Birlashgan qoʻmitani tashkil etish tarmoq Ijroiya qoʻmita qarori bilan chaqiriladigan taʼsis konferensiyasida amalga oshiriladi. Konferensiyani oʻtkazish muddati va vakillik meʼyori uni chaqirayotgan tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Birlashgan qoʻmita oʻz kasaba uyushmasi xizmatidagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib va yoʻnaltirib boradi, ularga faoliyatini samarali tashkil etishda muntazam ravishda amaliy hamda uslubiy yordam koʻrsatadi.
7.2. Birlashgan qoʻmita yuridik shaxs maqomiga ega yoki yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etilishi mumkin. Yuridik shaxs boʻlgan birlashgan qoʻmita davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan hisoblanadi.
7.3. Birlashgan qoʻmitani moliyalashtirish tartibi, shtatlar jadvali hamda xodimlarning ish haqi miqdorlari Federatsiya tomonidan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlar asosida tarmoq Ijroiya qoʻmita tomonidan belgilanadi.
7.4. Birlashgan qoʻmitaning rahbar organlari tarkibini shakllantirish uning konferensiyasida amalga oshiriladi.
7.5. Quyidagilar Birlashgan qoʻmitaning organlari hisoblanadi:
Konferensiya – oliy rahbar organi;
Birlashgan qoʻmita – konferensiyalar oraligʻida doimiy harakatdagi kollegial rahbar organi;
Birlashgan qoʻmita rayosati – konferensiyalar oraligʻida doimiy harakatdagi kollegial ijroiya organi;
Birlashgan qoʻmita raisi – faoliyatini vakolati doirasida yakkaboshchilik asosida amalga oshiruvchi ijro organi;
Taftish komissiyasi – faoliyatini kollegiallik asosida amalga oshiruvchi nazorat organi.
7.6. Birlashgan qoʻmita konferensiyasi besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.
Konferensiyani oʻtkazish sanasi va kun tartibi haqida kamida bir oy oldin maʼlum qilinadi. Konferensiyaga vakillik meʼyori, ularni saylash tartibi tegishli Birlashgan qoʻmita tomonidan belgilanadi.
Hisobot-saylov konferensiyasi Birlashgan qoʻmita qaroriga muvofiq delegatlarning vakolatlari keyingi hisobot-saylov konferensiyasigacha saqlab qolinishi mumkin (navbatdan tashqari konferensiya bundan mustasno).
7.7. Navbatdan tashqari konferensiya birlashgan qoʻmitaning boshlangʻich tashkilot aʼzolarining kamida uchdan bir qismining talabiga muvofiq, Birlashgan qoʻmitaning oʻz tashabbusiga koʻra yoki tarmoq Ijroiya qoʻmita qaroriga muvofiq chaqirilishi mumkin.
Bunda uni oʻtkazish sanasi hamda kun tartibi, vakillik meʼyori va ularni saylash tartibi toʻgʻrisida qaror konferensiyani chaqirayotgan kasaba uyushmasi organi tomonidan, kamida 15 (oʻn besh) kun oldin eʼlon qilinadi.
Birlashgan qoʻmita raisi (rais oʻrinbosari) lavozimiga koʻra, birlashgan qoʻmita konferensiyasining delegati hisoblanadi.
7.8. Birlashgan qoʻmita konferensiyasi:
Birlashgan qoʻmita, shuningdek Birlashgan qoʻmita taftish komissiyasining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi, baho beradi, tasdiqlaydi, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Birlashgan qoʻmita tarkibini saylaydi;
Birlashgan qoʻmita raisi va uning oʻrinbosarini (zarur hollarda) saylaydi;
Birlashgan qoʻmita taftish komissiyasining yangi tarkibini hamda raisini saylaydi;
belgilangan vakillik meʼyoriga muvofiq yuqori kasaba uyushmasi tashkilotining konferensiyasi, Qurultoyiga delegatlarni saylaydi;
yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti organlari tarkibiga nomzodlarni tavsiya qilishi (saylashi) mumkin (agar yuqori tashkilot tomonidan shunday tartib va vakillik meʼyori belgilangan boʻlsa).
Konferensiya Birlashgan qoʻmitaga oʻzining ayrim vakolatlarini berishi mumkin.
7.9. Birlashgan qoʻmita majlislari zaruratga qarab, lekin bir yilda kamida bir oʻtkaziladi.
Birlashgan qoʻmita majlislari tegishli birlashgan qoʻmitaning rayosati tomonidan chaqiriladi.
7.10. Birlashgan qoʻmita quyidagi vakolatlarga ega:
Ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish, birlashgan qoʻmita va yuqori kasaba uyushma tashkilotlarining konferensiyalari, Qurultoylari qarorlarini bajarish boʻyicha ish olib borish;
birlashgan qoʻmita aʼzolari orasidan qoʻmita rayosatini saylash, uning son tarkibini belgilash, zarur hollarda uning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish;
birlashgan qoʻmitasi rayosatining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish va natijalari boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilish;
konferensiyalar oraligʻida birlashgan qoʻmitasi tarkibidan aʼzolarni chiqarish, saylash, shuningdek uning son jihatdan tarkibini oʻzgartirish;
konferensiyalar oraligʻida Birlashgan qoʻmita raisining oʻrinbosarini saylash va lavozimidan ozod qilish (konferensiyalar oraligʻida birlashgan qoʻmita raisi oʻrinbosarini saylash masalasi keyinchalik birlashgan qoʻmita majlisida tasdiqlash sharti bilan tegishlicha tuman birlashgan qoʻmitasi rayosati tomonidan hal qilinishi mumkin);
zarurat tugʻilganda (jumladan, rais boshqa ishga oʻtgani, salomatligi yomonlashgani, isteʼfoga chiqqani yoki boshqa holatlar tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda) konferensiyalar oraligʻida birlashgan qoʻmita raisini lavozimidan ozod qilish va yangi raisni saylash;
yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti organlari tarkibiga saylangan vakillarini chaqirib olish va yangi vakilni yoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Federatsiya va kasaba uyushmasi tizimida amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga zid boʻlmagan oʻz meʼyoriy hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, ularga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish;
konferensiya vakolat bergan boshqa vazifalarni bajarish.
7.11. Birlashgan qoʻmitaning rayosati:
oʻz ishini amaldagi qonun hujjatlari va mazkur Ustav, yuqori kasaba uyushmasi organlarining qarorlari asosida, kasaba uyushmasi tashkilotlari oldida turgan maqsad va vazifalarni hisobga olgan holda tashkil qiladi;
hududda soha xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratilishiga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirishda, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirishda, tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi majlislarida ishtirok etadi;
ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek jamoa shartnomalari va kelishuvlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ish oʻrinlarida amalga oshiradi;
belgilangan tartibda mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarning ishida qatnashadi;
boshlangʻich tashkilotlarni kasaba uyushmasiga qabul qilish va chiqarish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda boshlangʻich tashkilotlarga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatadi;
boshlangʻich tashkilotlarning faoliyatini oʻrganadi, zarur hollarda oʻrganish yakunlarini oʻz majlislarida koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi;
faollar oʻquvlarini tashkil qiladi, kasaba uyushmalari faoliyatining yoʻnalishlari boʻyicha seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazadi;
aʼzolik badallari tushumi toʻliqligini taʼminlash choralarini koʻradi, oʻrnatilgan tartibda birlashgan qoʻmitaning sarf-xarajatlar smetasini (konsolidatsiyalashgan sarf-xarajatlar smetasini) tasdiqlaydi va ijrosini taʼminlaydi;
Federatsiya tizimida amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga asosan ijtimoiy sugʻurta byudjeti mablagʻlari va kasaba uyushmasiga aʼzolik badallari hisobidan xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirishga ajratilgan mablagʻlar maqsadli sarflanishini taʼminlaydi;
kasaba uyushmasi xizmatidagi boshlangʻich tashkilotlar roʻyxatini yuritadi;
yuqori kasaba uyushmasi organi bilan kelishgan holda, kasaba uyushmasi byudjeti mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil qilishi mumkin;
birlashgan qoʻmita majlisini chaqirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, majlis oʻtkazish kunini belgilaydi va kun tartibi yuzasidan takliflarni kiritadi;
birlashgan qoʻmitaning ish rejasini tasdiqlaydi va bajarilishini tashkillashtiradi;
birlashgan qoʻmita konferensiyasiga saylangan delegatlarga birlashgan qoʻmitasi rayosati nomidan guvohnomalar beradi;
zarurat tugʻilgan (xususan, oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod etish haqida ariza bergan, rais boshqa ishga oʻtgani, salomatligi yomonlashgani, isteʼfoga chiqqani yoki boshqa holatlar tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda) rais, rais oʻrinbosarini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin;
Federatsiya tizimida amalda boʻlgan meʼyoriy hujjatlarga muvofiq kasaba uyushma xodimlari hamda faollarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlarining Faxriy yorliqlari, nishonlari bilan taqdirlashga tavsiya etish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
birlashgan qoʻmita vakolat bergan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
7.12. Birlashgan qoʻmitani qayta tashkil etish yoki tugatish tarmoq Ijroiya qoʻmita qaroriga yoki birlashgan qoʻmita konferensiyasining qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Konferensiya qarori kvorum mavjud boʻlganda, delegatlarning uchdan ikki qismi qoʻllab-quvvatlaganda, qabul qilingan hisoblanadi va kuchga kiradi.
Tugatish komissiyasi tarkibi birlashgan qoʻmita faoliyatini tugatish haqida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi.
7.13. Birlashgan qoʻmita faoliyati tugatilgan holda barcha moliyaviy majburiyatlar bajarilganidan soʻng, qolgan mol-mulki va mablagʻlari Ustavda belgilangan maqsadlarga sarflash uchun tegishli dalolatnoma asosida Respublika kengashiga oʻtkaziladi.
VIII. KASABA UYUSHMASI VA UNING RAHBAR ORGANLARI
8.1. Quyidagilar kasaba uyushmasining rahbar organlari hisoblanadi:
Qurultoy – kasaba uyushmasining oliy rahbar organi;
Respublika kengashi – Qurultoylar oraligʻida kasaba uyushmasining doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial rahbar organi;
tarmoq Ijroiya qoʻmitasi – kasaba uyushmasi faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiruvchi kollegial ijro organi;
kasaba uyushmasi raisi – faoliyatini yakkaboshchilik asosida amalga oshiruvchi ijro organi;
kasaba uyushmasi taftish komissiyasi – kasaba uyushmasining kollegial nazorat organi.
8.2. Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmasi rahbar organlarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
8.3. Kasaba uyushmasi Qurultoyi:
Navbatdagi Qurultoy Respublika kengashi tomonidan besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. Qurultoyni chaqirish muddati, vakillik meʼyori, delegatlarni saylash tartibi va kun tartibi kamida 1 oy oldin eʼlon qilinadi.
Qurultoy qaroriga muvofiq, delegatlarning vakolatlari navbatdagi Qurultoygacha saqlab qolinishi mumkin (navbatdan tashqari Qurultoy bundan mustasno).
Navbatdagi Qurultoyni chaqirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda (favqulodda holatlar, karantin eʼlon qilinganda va boshqa uzrli sabablar) kasaba uyushmasi rahbar organlarning, kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosar(lar)ining vakolat muddati oʻz-oʻzidan uzaytirilgan hisoblanadi. Bu muddat bir yildan oshishi mumkin emas.
Kasaba uyushmasining navbatdan tashqari Qurultoyi Respublika kengashining oʻz tashabbusi bilan yoki kasaba uyushmasi aʼzolarining 1/3 (uchdan bir) qismining talabiga, shuningdek Federatsiyaning tavsiyasiga koʻra chaqirilishi mumkin.
Navbatdan tashqari Qurultoyni chaqirish muddati va uning kun tartibi kamida kamida 1 oy avval eʼlon qilinadi. Mazkur band 2-qismida nazarda tutilgan norma talabi bajarilgan boʻlsa, navbatdan tashqari Qurultoyni chaqirish muddati va uning kun tartibi kamida kamida 15 kun avval eʼlon qilinadi.
8.4. Kasaba uyushmasi Qurultoyining huquq va majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) Respublika kengashi, taftish komissiyasining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;
2) kasaba uyushmasining ustavi va “Taftish komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom”ini tasdiqlash, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda tasdiqlash;
3) kasaba uyushmasini qayta nomlash, qayta tashkil etish va tugatish;
4) kasaba uyushmasi faoliyatining strategik yoʻnalishlarini belgilash, harakat dasturini va boshqa dasturiy hujjatlarni qabul qilish;
5) kasaba uyushmasi raisini saylash;
6) taftish komissiyasi tarkibi va uning raisini saylash;
7) Respublika kengashining son jihatdan tarkibini belgilash, aʼzolarini saylash, belgilangan meʼyorga muvofiq boshlangʻich tashkilotlar (birlashgan qoʻmitalar)dan Respublika kengashi tarkibiga saylanganlarning vakolatlarini tasdiqlash;
8) Federatsiya bilan kelishgan holda kasaba uyushmasi tuzilmasini belgilash;
9) kasaba uyushmasining taftish komissiyasi raisini hamda aʼzolarini saylash, zarurat boʻlganda muddatidan oldin ushbu tarkibga oʻzgartirish kiritish;
10) kasaba uyushmasi harakatining muhim masalalari, jumladan Respublika kengashi, Ijroiya qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar, murojaatnomalar qabul qilish;
11) kasaba uyushmalari birlashmalariga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning kasaba uyushmasi tashkilotiga (Birlashmasiga), kasaba uyushmasi xalqaro tashkilotlariga ixtiyoriy ravishda aʼzo boʻlish va aʼzolikdan chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
12) Federatsiya Qurultoyiga delegatlar, shuningdek, belgilangan kvota boʻyicha Federatsiya Bosh kengashi tarkibiga vakillarni saylash.
Mazkur band birinchi qismining 1-, 3-, 4-kichik bandlarida koʻrsatilgan vakolatlar Qurultoyning mutlaq vakolatiga kiradi.
Qurultoy oliy rahbar organ sifatida Respublika kengashi, tarmoq Ijroiya qoʻmitasi masalalariga doir hamda kasaba uyushmasi faoliyatiga oid har qanday qarorlarni qabul qilishi mumkin.
Qurultoy hujjatlari qaror, rezolyutsiya, deklaratsiya, shuningdek murojaat shaklida qabul qilinishi mumkin.
8.5. Qurultoy oʻzining mutlaq vakolatiga kirmaydigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolatini Respublika kengashiga, tarmoq Ijroiya qoʻmitaga berishi mumkin.
8.6. Kasaba uyushmasi raisi va uning oʻrinbosari (oʻrinbosarlari) oʻz lavozimlariga koʻra, kasaba uyushmasi Qurultoyi delegati hisoblanadi.
8.7. Respublika kengashi Qurultoylar oraligʻida kasaba uyushmasining kollegial rahbar organi hisoblanadi.
Respublika kengashi uning tarkibiga kasaba uyushmasining boshlangʻich tashkilotlaridan (birlashgan qoʻmitalardan) teng miqdorda vakil yoʻllash (saylash) yoki aʼzolarini bevosita Qurultoyda saylash yoʻli bilan shakllantirilishi mumkin.
Respublika kyengashi hujjatlari qaror shaklida qabul qilinadi.
Kasaba uyushmasi raisi va uning oʻrinbosar(lar)i lavozimiga koʻra Respublika kengashi tarkibiga kiradi.
8.8. Respublika kengashining huquq va majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Ustavda belgilangan vazifalarni, kasaba uyushmasi Qurultoyi qarorlarini bajarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish;
- kasaba uyushmasi Qurultoyini chaqiradi, Qurultoyga vakillik meʼyori va ularni saylash tartibini, uni oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni belgilash;
- Qurultoy, shu jumladan navbatdan tashqari Qurultoyni, chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, Qurultoyga hisobot maʼruzasi va maʼruzachini tasdiqlash;
- kasaba uyushmasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
- Qurultoylar oraligʻida Respublika kengashi aʼzolarini tarkibdan chiqarish va ularning oʻrniga yangi aʼzolarni saylash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, zarur hollarda Respublika kengashining son jihatdan tarkibiga oʻzgartirish kiritish;
- kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosar(lar)ini saylaydi va lavozimidan ozod qilish (Respublika kengashi majlislari oraligʻida rais oʻrinbosar(lar)ini saylash masalasi tarmoq Ijroiya qoʻmita tomonidan hal qilinishi ham mumkin);
- zarurat tugʻilganda (oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod etish haqida ariza bergan, rais boshqa ishga oʻtgani, salomatligi yomonlashgani, isteʼfoga chiqqani yoki boshqa holatlar tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda) Qurultoylar oraligʻida kasaba uyushmasi raisini lavozimidan ozod qilishi va yangi raisni saylash (bunga zarurat boʻlmaganda esa uning vazifasini oʻrinbosar (oʻrinbosardan biri) bajaradi);
- Qurultoy oraligʻida Federatsiya Bosh kengashi tarkibidan vakillarini chaqirib olish va ularning oʻrniga yangi vakillarni yoʻllash (saylash) toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
- Respublika kengashi aʼzolari orasidan tarmoq Ijroiya qoʻmita aʼzolarini saylaydi, Ijroiya qoʻmitaning son tarkibini belgilash;
- kasaba uyushmasi xalqaro faoliyatining asosiy yoʻnalishlarni belgilaydi, turdosh kasaba uyushmalarining xalqaro birlashmalariga aʼzo boʻlish va undan chiqish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi aʼzolik badallari tushumini foizlar hisobida taqsimlanish meʼyorlarini belgilash;
- boshqa mamlakatlar va xalqaro kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ularning tajribasini oʻrganib borish;
- oʻz faoliyati toʻgʻrisida Kasaba uyushmasi aʼzolarini muntazam ravishda, ammo bir yilda kamida bir marta xabardor qilib borish;
- kasaba uyushmasi mulkiga egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi tashkiliy tuzilmasi rahbarlarining kasaba uyushmasi organlari qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglash;
- kasaba uyushmasi aʼzolarining kasaba uyushmasi tashkilotlarining umumiy vazifalarni bajarish borasidagi harakatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish, kasaba uyushmalarining respublika miqyosidagi tadbirlarini oʻtkazish;
- qonunchilikda kasaba uyushmasi va kasaba uyushmasi tashkilotlariga beriladigan huquqlarni amalga oshirish;
- oʻz faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikni xabardor qilish;
Respublika kengashi Ustav maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, vakolati doirasida boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Respublika kengashi oʻz faoliyati toʻgʻrisida 5 yilda kamida bir marotaba Qurultoyga hisobot beradi.
Ustav vazifalaridan kelib chiqqan holda xayriya hamda boshqa markazlashgan jamgʻarmalarini tashkil qilish, kasaba uyushmasining tashkiliy tuzilmasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi, jumladan kasaba uyushmasining hudud boʻyicha masʼul tashkilotchilari (keyingi oʻrinlarda “hudud tashkilotchisi” deb yuritiladi), kasaba uyushmasining hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda “hududiy boʻlinma” deb yuritiladi) tuzish haqida qarorlar qabul qilishi mumkin.
Xayriya hamda boshqa markazlashgan jamgʻarmalar, hudud tashkilotchisi va hududiy boʻlinmalar kasaba uyushmasi tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan oʻz Nizomlari asosida ish olib boradi.
Respublika kengashi oʻzining mutlaq vakolatiga kirmagan, boshqa masalalar boʻyicha Respublika kengashi Majlisining qarori bilan oʻzining ayrim vakolatlarini tarmoq Ijroiya qoʻmitasiga, raisiga berishi mumkin.
8.9. Respublika kengashi majlislari zaruratga qarab, lekin bir yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Respublika kengashining vakolat muddati 5 yil.
Respublika kengashining majlislari tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qaroriga muvofiq yoki Respublika kengashi aʼzolarining kamida 1/3 (uchdan bir) qismi talabiga koʻra chaqirilishi mumkin.
Respublika kengashining majlislarini kasaba uyushmasi raisi, u boʻlmagan vaqtda oʻrinbosari (oʻrinbosarlaridan biri), u boʻlmagan vaqtda Respublika kengashi qaroriga koʻra, uning aʼzolaridan biri olib boradi.
Respublika kengashi majlisida (Plenumida) koʻrilgan masalalar boʻyicha xulosalar qaror shaklida qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Respublika kengashi tarmoq Ijroiya qoʻmitasining vakolatlariga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishi, shuningdek oʻzining ayrim vakolatlarini tarmoq Ijroiya qoʻmitasiga, kasaba uyushmasi raisiga berishi mumkin.
8.10. Tarmoq Ijroiya qoʻmitasi kasaba uyushmasining saylab qoʻyiladigan kollegial ijroiya organi hisoblanib, kasaba uyushmasi faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Qurultoy va Respublika kengashining mutlaq vakolatlaridan tashqari kasaba uyushmasining barcha masalalariga doir qarorlar qabul qiladi.
Kasaba uyushmasi raisi va uning oʻrinbosar(lar)i lavozimiga koʻra tarmoq Ijroiya qoʻmita aʼzosi hisoblanadi. Shuningdek, tarmoq Ijroiya qoʻmita tarkibiga Federatsiya tomonidan vakil qilingan 1 (bir) nafar aʼzo kiritiladi. Tarmoq Ijroiya qoʻmitasining qolgan aʼzolari, ularning oʻrinbosarlari Respublika kengashi Majlisida saylanadi.
Ijroiya qoʻmita majlislari zaruratga qarab, ammo har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
8.11. Tarmoq Ijroiya qoʻmitasining huquq va majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- ish beruvchilar bilan tuziladigan tarmoq kelishuvlari loyihalarini maʼqullash;
- tarmoq xodimlarining ijtimoiy-mehnat huquqlari va manfaatlariga doir masalalarni qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlash yuzasidan takliflar bilan chiqish;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan tarmoqqa qarashli korxonalar xodimlari uchun mehnat sharoiti, bandlik va ijtimoiy kafolatlar boʻyicha majburiyatlarni, shuningdek, xodimlar hamda talaba va oʻquvchilarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, ularni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish masalalarini oʻzida aks ettiruvchi qoʻshma qarorlar qabul qilish;
- ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha tarmoq komissiyalaridagi kasaba uyushmasining muxtor vakillari tarkibini tasdiqlash;
- ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida ishtirok etadi, kasaba uyushmalari harakatiga doir muhim masalalar boʻyicha qarorlar, bayonotlar, murojaatnomalar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi aʼzolari tomonidan ilgari surilgan himoya talablarini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, sud organlarida oʻz vakili orqali qoʻllab-quvvatlaydi, xodimlarning huquq hamda manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish uchun qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan huquqlaridan foydalanadi;
- kasaba uyushmasining faoliyati bilan bogʻliq turli yoʻnalishlardagi inspeksiya, birlashma, kengash, komissiya va hokazolarni tuzish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasining mehnat inspeksiyasini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
- Respublika kengashi Majlisini chaqiradi, uning kun tartibi va oʻtkazish joyi yuzasidan takliflar kiritadi, muhokama qilinayotgan masalalarga oid materiallarni taqdim etadi, qabul qilingan qarorlarning bajarilishi va nazoratini tashkil qilish;
- belgilangan tartibda kasaba uyushmasi bilan kelishish uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishib beradi;
- Respublika kengashi majlislari oraligʻida kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosarini saylaydi va lavozimidan ozod qilish;
- kasaba uyushmasiga yangi boshlangʻich tashkilotlarni qabul qilish va chiqarish masalalarini hal qilish;
- kasaba uyushmasi tizimidagi organlar, jumladan kasaba uyushmasining tuman (shahar), hududiy boʻlinmalarini tashkil qilish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni, shtat jadvallarini va xodimlarining ish haqi miqdorlarini belgilash;
- kasaba uyushmasining Faxriy yorligʻini, faxriy unvonlarini, esdalik va koʻkrak nishonlarini taʼsis etish, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
- kasaba uyushmasi xodimlari va faollarini davlat mukofotiga tavsiya qilish, ularga faxriy unvonlar berish haqida Federatsiyaga taklif kiritish;
- Federatsiya bilan kelishgan holda Respublika kengashining daromadlar va xarajatlari smetasini tasdiqlash;
- kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilotlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini oʻrganish maqsadida auditor tashkilotlarni jalb qilish;
- turdosh kasaba uyushmalarining xalqaro birlashmalari organlari tarkibiga kasaba uyushmasi vakillarini yoʻllash, chaqirtirib olish;
- kasaba uyushmasi nomidan xalqaro shartnoma va bitimlar, Memorandumlar tuzadi;
- kasaba uyushmasi xodimlarini Respublika kengashining Kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan xorijiy xizmat safariga yuborish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi Respublika kengashi apparatining ish rejasini, Respublika kengashi apparati faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash;
- ayrim kechiktirib boʻlmaydigan (masalan, oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod etish haqida ariza berganda, boshqa ishga oʻtgani, salomatligi yomonlashgani, isteʼfoga chiqqani yoki boshqa holatlar tufayli oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda) hollarda kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosar(lar)ini lavozimidan ozod qilish, shuningdek Respublika kengashi raisi mehnat taʼtiliga chiqqanda, xizmat safariga ketganda va shu kabi boshqa holatlar tufayli oʻz vazifalarini vaqtincha bajara olmay qolganda, kasaba uyushmasi raisi lavozimiga rais oʻrinbosar(lar)i yoki tarmoq Ijroiya qoʻmitasi aʼzolaridan biriga vaqtincha vazifa bajarish vakolati berish;
- hududiy boʻlinmalarning saylab qoʻyiladigan rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni taklif qilish;
- kasaba uyushmasi tizimida hisobot-saylov kampaniyasini muvofiqlashtirib borish;
- kasaba uyushmasining ramzlarini tasdiqlash;
- kasaba uyushmasi kadrlari va faollari oʻquvlarini tashkil qilish, kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
- kasaba uyushmasi xodimlari, aʼzolari va faollarini Davlat mukofotlari bilan mukofotlash haqida Federatsiyaga iltimosnoma kiritish;
- yillik statistik hisobotlarni tasdiqlash;
- boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlarining, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlarining hisobini yuritish;
- Federatsiya bilan kelishgan holda, Ustavda koʻzda tutilgan maqsadlarga erishish uchun tijorat tashkilotlarini taʼsis etish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi tijorat faoliyatlarini olib borish;
- murojaat qilingan hollarda, vakolati doirasida, Kasaba uyushmasi tashkilotlari oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqish;
- ish rejasiga muvofiq yoki zaruratga koʻra, boshlangʻich tashkilotlar, hududiy boʻlinmalar faoliyatini oʻrganish va natijalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;
- kasaba uyushmasi Birlashgan qoʻmitasini va boshqa quyi organlarini qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
- quyi kasaba uyushmasi tashkilotlarining taklifiga asosan markazlashgan holda kasaba uyushmasi quyi tashkilotlarining tovar moddiy boyliklarini xarid qilish;
- quyi kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan Respublika kengashi apparatiga hisobotlar topshirish tartibini, ularni taqdim etish davriyligini belgilash;
- Respublika kengashi boʻlinmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining hisobotlarini tinglash;
- quyi kasaba uyushmasi tashkilotlari, jumladan, boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari organlari qarorlarida qonun buzilishi holatlari aniqlansa, uni 10 kun muddatda qayta koʻrib chiqadi va qonunga muvofiqlashtirish boʻyicha qaror qabul qilish;
- oʻz faoliyatida kamchiliklarga yoʻq qoʻygan kasaba uyushmasi organlari, kasaba uyushmasi tasarrufidagi korxonalar rahbar va masʼul shaxslariga nisbatan vakolat doirasida chora koʻrish.
Tarmoq Ijroiya qoʻmitasiga Qurultoy, Respublika kengashi tomonidan boshqa huquq va majburiyatlar xam berilishi mumkin.
Tarmoq Ijroiya qoʻmitasi kasaba uyushmasi raisi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishi, shuningdek oʻzining ayrim vakolatlarini Kasaba uyushmasi raisiga berishi mumkin.
8.12. Tarmoq Ijroiya qoʻmitasi majlisida koʻrilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilinadi va bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Tarmoq Ijroiya qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari Respublika kengashi raisi, uning oʻrinbosarlari, Respublika kengashi apparatining masʼul xodimlari hamda barcha quyi kasaba uyushmasi tashkilotlari organlari uchun bajarilishi majburiy hujjat hisoblanadi.
8.13. Kasaba uyushmasi raisi kasaba uyushmasiga rahbarlik qiladi, bir vaqtning oʻzida Respublika kengashi va tarmoq Ijroiya qoʻmitasi raisi ham hisoblanadi. Kasaba uyushmasi Ustavi va organlari qaroriga muvofiq berilgan vakolatlar doirasida kasaba uyushmasi nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi.
Kasaba uyushmasi raisi Qurultoy tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qurultoy nomidan kasaba uyushmasi raisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi Qurultoy qarori bilan vakolat berilgan shaxs tomonidan imzolanadi.
8.14. Kasaba uyushmasi raisining huquq va majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- kasaba uyushmasi Ustavi boʻyicha vazifalarini, shuningdek, kasaba uyushmasi organlari qarorlarining bajarilishini tashkil etadi va uning oldida hisobdordir;
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, ish beruvchilar, jamoat birlashmalarida, boshqa tashkilotlarda, ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda kasaba uyushmasi nomidan qatnashadi;
- davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarining, ish beruvchilarning, ular birlashmalarining (ittifoqlarining, uyushmalarining) ochiq hayʼat majlislarida kasaba uyushmasi nomidan ishtirok etadi;
- kasaba uyushmasi nomidan ishonchnoma beradi;
- soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda kasaba uyushmasi vakillarining ishtirokini taʼminlaydi;
- belgilangan tartibda kasaba uyushmasi bilan kelishish uchun kiritilgan normativ va normativ-huquqiy hujjat loyihalarni oʻz imzosi bilan kelishib beradi yoki oʻz taklif va eʼtirozlarini bildiradi;
- oʻrnatilgan tartibda ish beruvchilar va ularning birlashmalari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda boshqa tashkilotlar, xorijiy kasaba uyushma tashkilotlari bilan kelishuvlar, bitimlar, memorandumlar va boshqa hujjatlarni imzolaydi;
- Respublika kengashi va taftish komissiyasining qoʻshma majlislarini oʻtkazadi;
- Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari va qonunchiligiga zid keladigan, kasaba uyushmasi aʼzolarining huquq va manfaatlarini buzuvchi harakatlar sodir etilganda davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, ish beruvchi va ularning birlashmalariga, ushbu harakatlarni bekor qilish boʻyicha talablar qoʻyadi;
- korxonalarning rahbarlariga hamda boshqa mansabdor shaxslariga kasaba uyushmasi aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarda hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda aniqlangan qonunbuzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritishga, shuningdek, tashkilotlarning rahbarlariga mazkur qoidabuzarliklarda aybdor boʻlgan shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish haqida taqdimnomalar kiritadi;
- zarur hollarda kasaba uyushmasi nomidan bayonotlar beradi, tegishli tashkilotlarga murojaatnoma va taqdimnomalar yoʻllaydi;
- kasaba uyushmasi va uning organlari nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqada ishonchnomasiz harakat qiladi hamda muloqot olib boradi;
- Respublika kengashi apparatida ichki mehnat tartibini belgilovchi hujjatlarni, Respublika kengashi apparati xodimlarning lavozim yoʻriqnomalarini (funksional vazifalarini) tasdiqlaydi;
- Respublika kengashining apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, oʻzgartiradi, bekor qiladi, ularga nisbatan ragʻbatlantirish, mukofotlash va intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi, Respublika kengashi apparatining maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlaydi;
- kasaba uyushmasi byudjetining, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirishga, maʼnaviyat, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan mablagʻlar joriy ijrosini taʼminlaydi,
- kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish, mukofotlash masalalarini koʻrib chiqadi;
- kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosar(lar)ini saylash yoki lavozimidan ozod etish boʻyicha Respublika kengashiga, lozim boʻlganda tarmoq Ijroiya qoʻmitasiga takliflar kiritadi;
- mazkur Ustavda belgilangan vakolatlari doirasida farmoyishlar chiqaradi;
- Respublika kengashi Ijroiya qoʻmitasini chaqiradi, muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan Respublika kengashi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishiga materiallar tayyorlanishini tashkillashtiradi, Respublika kengashi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishiga masalalarni kiritadi, qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlaydi va nazorat qiladi;
- Respublika kengashi va tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarorlarini imzolaydi;
- Respublika kengashi nomidan xoʻjalik shartnomalari va boshqa shartnomalarni imzolaydi;
- tasdiqlangan smeta va tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarorlariga muvofiq mulk va pul mablagʻlarini tasarruf etadi;
- Qurultoy, Respublika kengashi va tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida boshqa tashkiliy boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik ishlariga oid funksiyalarni ham amalga oshiradi;
- kasaba uyushmasi tizimida quyi kasaba uyushmasi tashkilotlarining saylab qoʻyiladigan rahbarlik (rais, rais oʻrinbosari) lavozimlariga nomzodlarni taklif qilish, ularni lavozimlaridan ozod etish yoki ularga nisbatan ragʻbatlantirish, mukofotlash va intizomiy jazo choralarini qoʻllash taklifini kiritishi, Taftish komissiyasiga oʻrganish boʻyicha murojaat etishi mumkin;
- kasaba uyushmasi tomonidan taʼsis etilgan tashkilotlarga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularning rahbarlari bilan belgilangan tartibda mehnat munosabatlarini olib boradi;
- chet el xizmat safariga boradiganlar nomzodlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
- mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari hamda davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqish, koʻrib chiqish va jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazishda kasaba uyushmasining vakillari ishtirokini taʼminlaydi.
Kasaba uyushmasi raisi oʻzining ayrim vakolatlarini oʻz oʻrinbosar(lar)iga, quyi kasaba uyushmasi tashkilotlari rahbarlariga berishi mumkin.
Kasaba uyushmasi vakolatli organining quyi kasaba uyushmasi tashkilotlarining saylab qoʻyiladigan rahbarlik (rais, rais oʻrinbosari) lavozimlariga nomzodlarni lavozimidan ozod etish yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori 10 (oʻn) kun muddatdan kechikmay tegishli kasaba uyushmasi tashkiloti rahbar organining navbatdan tashqari majlisida koʻrib chiqilishi va qabul qilingan qaror haqida 3 (uch) kun muddatda kasaba uyushmasi raisiga yozma xabar berilishi shart.
Respublika kengashi va (yoki) tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan kasaba uyushmasi raisiga berilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Kasaba uyushmasi raisining qarorlari farmoyishlar shaklida qabul qilinadi.
Qurultoylar oraligʻida Respublika kengashi raisining vakolatini belgilangan muddatdan ilgari toʻxtatish va lavozimdan ozod etish toʻgʻrisida qaror Respublika kengashining majlisida, uning oraligʻida esa Ijroiya qoʻmita tomonidan qabul qilinishi mumkin.
8.15. Taftish komissiyasi kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilotlarda mazkur Ustav, tizimda amalda boʻlgan nizom, tartib, yoʻriqnoma va normativ hujjatlarga rioya etilishini, Qurultoy, Respublika kengashi, tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarorlari ijrosini, mulkdan samarali foydalanilishini tekshiradi, taftishdan oʻtkazadi va nazorat qiladi.
8.16. Taftish komissiyasi Respublika kengashining vakolatiga teng muddatga Qurultoyda saylanadi. Taftish komissiyasi oʻz faoliyatida mustaqil boʻlib, Qurultoy oldida hisobdordir.
Taftish komissiyasining faoliyati Qurultoy qaroriga koʻra yoki kasaba uyushmasining faoliyati toʻxtatilgan taqdirda toʻxtatiladi.
Qurultoylar oraligʻida zarurat tugʻilganda, taftish komissiyasi aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish kiritish, jumladan komissiya raisini lavozimidan ozod etish va yangi raisini saylash Respublika kengashi va taftish komissiyasining qoʻshma Majlisi qarori bilan amalga oshiriladi.
Taftish komissiyasi quyi kasaba uyushmasi tashkilotlarini taftish qilish huquqiga ega.
Taftish komissiyasi oʻz faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlarga, mazkur Ustav va Qurultoy tomonidan tasdiqlanadigan “Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi taftish komissiyalari toʻgʻrisida”gi Nizomga amal qiladi.
8.17. Respublika kengashining apparati kasaba uyushmasi organlari maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun shakllantiriladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi.
Respublika kengashi apparati oʻz faoliyatini tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan Ish tartibi (Reglamenti) asosida amalga oshiradi.
IX. QURULTOYLAR, KONFERENSIYALAR, SAYLAB QOʻYILADIGAN RAHBAR ORGANLAR MAJLISLARI, UMUMIY YIGʻILISHLARNING VAKOLATLI BOʻLISHI, ULARDA QARORLAR QABUL QILISH
9.1. Boshlangʻich tashkilotning umumiy yigʻilishlari, ularda mazkur boshlangʻich tashkilotda hisobda turgan kasaba uyushmasi aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
9.2. Kasaba uyushmasi Qurultoylari, boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalarning konferensiyalari ularga saylangan delegatlarning uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
9.3. Kasaba uyushmasi, boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalar saylab qoʻyiladigan organlari (qoʻmita, kengash, rayosat, ijroiya qoʻmita)ning majlis (yigʻilish)lari mazkur saylab qoʻyiladigan organ aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
9.4. Kasaba uyushmasi, boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalar organlari (Qurultoy, qoʻmita, kengash, rayosat, ijroiya qoʻmita)ning qarorlari kvorum mavjud boʻlgani holda, ularda ishtirok etgan aʼzolarining yarmidan koʻpi yoqlab ovoz berganda qabul qilingan hisoblanadi.
Ovoz berish shakli tegishli umumiy yigʻilish qatnashchilari, Qurultoy, konferensiya delegatlari, saylab qoʻyiladigan organ aʼzolari sonining uchdan ikki qismi roziligi asosida ochiq yoki yopiq shaklda oʻtkaziladi.
9.5. Umumiy yigʻilish, Qurultoy, konferensiya, saylab qoʻyiladigan organ majlislari (yigʻilishlari)da muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi va yakuni boʻyicha bayonnomalar rasmiylashtiriladi.
9.6. Kasaba uyushmasi kollegial organlarining ish tartibi tarmoq Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan Ish tartibi (Reglament) asosida belgilanadi.
9.7. Zarur hollarda, kasaba uyushmasi Qurultoyi, birlashgan qoʻmita, hududiy boʻlinmalar konferensiyalari va ularning kollegial organlari majlislari video-konferens-aloqa tartibida oʻtkazilishi mumkin.
9.8. Tezkor ravishda hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar boʻyicha Respublika kengashi, tarmoq Ijroiya qoʻmitasi, birlashgan qoʻmitalar kollegial organlarining qarorlari ularning loyihalariga rozilik belgisi (viza) qoʻyish orqali, jumladan, elektron raqamli imzo, pochta, telegraf, teletayp, faks, elektron va boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda, soʻrov yoʻli bilan qabul qilinishi mumkin.
X.KASABA UYUSHMASI TIZIMIDA HISOBOT-SAYLOVLARNI OʻTKAZISH VA KASABA UYUSHMASI TASHKILOTLARI ORGANLARINING VAKOLAT MUDDATLARI
10.1. Kasaba uyushmasi tizimidagi boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalarda hisobot-saylov yigʻilishlari, konferensiyalari, shuningdek kasaba uyushmasining Qurultoyi Federatsiyasining vakolatli organi qarori asosida Respublika kengashi (tarmoq Ijroiya qoʻmitasi) qarori bilan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
Mazkur jarayonda saylangan kasaba uyushmasi guruhi tashkilotchilari, sex qoʻmitalari raislari, kasaba uyushmasi tashkilotchilari, boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalar, shuningdek kasaba uyushmasining kollegial rahbar, ijroiya va nazorat organlari, ularning raislari hamda rais oʻrinbosarlari vakolat muddati 5 yil.
10.2. Hisobot-saylov kampaniyalari oraligʻida tashkil etilgan boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalarda navbatdagi hisobot-saylov kampaniyasi jarayonida, umumiy tartibda, hisobot-saylov yigʻilishlari, konferensiyalari oʻtkaziladi va kollegial rahbar, ijroiya, nazorat organlari, shuningdek ularning raislari (rais oʻrinbosarlari) saylanadi.
Ushbu qoida navbatdagi hisobot-saylovlar oraligʻida boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, hududiy boʻlinmalarning kollegial rahbar, ijroiya, nazorat organlari tarkibiga saylangan aʼzolariga, shuningdek ularning raislari (rais oʻrinbosarlari)ga nisbatan ham tatbiq etiladi.
- Fors-major holatlarida yoki qonunchilikda belgilangan boshqa cheklovlar joriy qilinganda, shuningdek boshqa uzrli holatlarda Respublika kengashi (tarmoq Ijroiya qoʻmitasi)ning qaroriga muvofiq boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, tuman va hududiy boʻlinmalar, shuningdek kasaba uyushmasi rahbar, ijroiya va nazorat organlarining, ularning rahbarlari hamda rahbar oʻrinbosarlarining vakolat muddatlari uzaytirilishi mumkin.
- Kasaba uyushmasining ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan kollegial organi rahbari (raisi) va rahbar oʻrinbosari, shuningdek oʻrinbosarlari (ushbu bandning keyingi oʻrinlarida xodim deb yuritiladi) oʻz xohishiga koʻra, lavozimdan ozod etishni (mehnat shartnomasini bekor qilishni) soʻrab ariza bergan hollarda, shuningdek Mehnat kodeksning 161-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga hamda Mehnat kodeksining 168-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biriga koʻra, uni (ularni) lavozimdan ozod etish (mehnat shartnomasini bekor qilish) uchun mazkur organning qarori talab etilmaydi. Bunday hollarda, vakolatli kollegial organ xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelgan sababni maʼlumot uchun qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Kollegial organ raisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi farmoyish vakolatli organ vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi. Rais oʻrinbosar(lar)i bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi farmoyish rais tomonidan imzolanadi. Rais va rais oʻrinbosar(lar)i bir vaqtda lavozimdan ozod etish toʻgʻrisida ariza bergan boʻlsalar, vakolatli organ vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi.
XI. KASABA UYUSHMASIDA MEHNAT MUNOSABATLARI
11.1. Barcha darajadagi kasaba uyushmasi tashkilotlarida saylab qoʻyiladigan lavozimga saylangani munosabati bilan ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan shaxslar, shuningdek, kasaba uyushmasi tashkilotlari apparatlarida mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar, jamoa shartnomalari, jamoa kelishuvlari va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
11.2. Lavozimga saylangani munosabati bilan ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlar bilan tegishli saylangan organning (mazkur ustavning 10.1 – 10.2-bandlaridagi qoidalarni inobatga olgan holda) vakolat muddatiga teng muddatga mehnat shartnomalari tuziladi.
11.3. Shtatdagi kasaba uyushmasi xodimlarining shaxsiy hujjatlari yigʻmajildi va mehnat daftarchalari xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzgan kasaba uyushmasi tashkilotida saqlanadi.
XII. KASABA UYUSHMASINING MULKI VA MABLAGʻLARI HAMDA ULARNI SHAKLLANTIRISH MANBALARI
12.1. Kasaba uyushmasi va uning tuzilmasidagi tashkilotlari Ustavdagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan oʻziga tegishli mulki va mablagʻlariga belgilangan tartibda egalik qiladilar, foydalanadilar va tasarruf etadilar.
12.2. Kasaba uyushmasi va uning tuzilmasidagi tashkilotlarining mulki va mablagʻlari kasaba uyushmasi aʼzolarining har oylik aʼzolik badallari, ixtiyoriy mulkiy badallar va xayriyalar, qonunlarda belgilangan tartibda tadbirkorlik, xoʻjalik va boshqa tijorat faoliyatidan olingan, ustav maqsadlariga yoʻnaltiriluvchi daromadlar, ijtimoiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy, turizm, jismoniy tarbiya-sport va boshqa tadbirlarini oʻtkazish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻtkaziladigan, shuningdek, qonunlarda taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantiriladi.
Kasaba uyushmasi aʼzolik badallari va boshqa manbalardan tushgan mablagʻlar madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlariga, turizm yoʻnalishiga, kasaba uyushmasi aʼzolariga moddiy yordam koʻrsatish, ragʻbatlantirish va mukofotlashga, kasaba uyushmasi organlarida ishlaydigan xodimlarga haq toʻlash va amaldagi qonunchilik doirasida mazkur Ustavning boshqa maqsadlari uchun sarflanadi.
12.3. Ish beruvchilar kasaba uyushmasi tashkilotiga jamoa shartnomasida, kelishuvida belgilangan maqsadlar uchun va miqdorlarda mablagʻlar oʻtkazishi mumkin.
Ish beruvchilar, korxonalar kasaba uyushmasi va uning boʻlinmalari balansiga xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, kasaba uyushmasini ragʻbatlantirish, mukofotlash va uning salohiyatini oshirish maqsadida oʻzlarining balansida boʻlgan obyektlar, bino va inshootlar, asosiy vositalar, aktivlarni begʻaraz oʻtkazib berishi mumkin.
12.4. Kasaba uyushmasi va uning boʻlinmalari Ustav faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan qimmatbaho qogʻozlar, aksiya va boshqa mulklar sotib olish huquqiga ega.
12.5. Kasaba uyushmasi va uning boʻlinmalari belgilangan tartibda oʻzlarining mustaqil balansi, banklarda oʻz hisob varaqalariga (shu jumladan, milliy va xorijiy valyutada) ega boʻlishlari mumkin.
12.6. Kasaba uyushmasi aʼzolarining har oylik badallari quyidagicha yigʻiladi:
ishlovchilardan, shu jumladan, mavsumiy va oʻrindoshlik asosida ishlovchilardan ish joyida barcha turdagi ish haqlari va unga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlardan, stipendiya, mehnatga haq toʻlash fondiga kiruvchi qoʻshimcha, mukofotlaridan bir foizdan kam boʻlmagan miqdorda;
pensionerlardan pensiya miqdorining yoki respublikada belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorining bir foizidan kam boʻlmagan miqdorida;
vaqtincha ishlamaydiganlardan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir foizidan kam boʻlmagan miqdorida.
Kasaba uyushmasi aʼzosi arizasiga asosan oʻz xohishi bilan belgilangan miqdordan ortiq badal toʻlashi mumkin.
12.7. Kasaba uyushmasi qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarni ishlab topish va kelgusida ulardan kasaba uyushmasi aʼzolarining mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun foydalanish maqsadida, belgilangan tartibda ishlab chiqarish, xoʻjalik, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi, sugʻurta kompaniyasi va aksiyadorlik jamiyati, maqsadli jamgʻarmalar va boshqa tashkilotlarni tashkil etishi mumkin. Mazkur faoliyatdan tushgan daromad, shuningdek, kasaba uyushmasiga aʼzolik badallari, kasaba uyushmasi va boʻlinmalarining mulki, pul va chet el valyutasidagi mablagʻlari aʼzolar oʻrtasida taqsimlanmaydi va Ustav maqsadlariga sarflanadi.
12.8. Kasaba uyushmasi mablagʻlarini maqsadli va samarali sarflash tartibi Respublika kengashi qarori bilan belgilanadi. Kasaba uyushmasining barcha organlari uchun ushbu tartibni bajarish majburiydir. Moliyaviy intizomga amal qilmagan kasaba uyushmasi organlari rahbarlari, masʼul shaxslari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Kasaba uyushmasi va uning boʻlinmalari organlari rahbarlari, masʼul shaxslari tomonidan sodir etilgan qonunbuzilish holatlari aniqlanganda, ushbu shaxslar xatti-harakati natijasida vujudga kelgan kamomad va majburiyatlar boʻyicha kasaba uyushmasi javobgar boʻlmaydi.
12.9. Respublika kengashi apparati, boshlangʻich tashkilotlar, birlashgan qoʻmitalar, shuningdek tasarrufidagi korxonalarning mablagʻlari va mol-mulklari kasaba uyushmasining umumiy mulkidir.
Kasaba uyushmasi boʻlinmalari va tasarrufidagi tashkilotlari faoliyati tugatilganda yoki kasaba uyushmasi aʼzosi uning safidan chiqqanda kasaba uyushmasi mablagʻlari va mol-mulki boʻlinmaydi va qaytarilmaydi.
12.10. Kasaba uyushmasi mulki obyektlariga binolar, inshootlar, yer uchastkalari, mexanizmlar, jihozlar, transport va texnika vositalari, inventar, madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya, sport va sogʻlomlashtirish maqsadlariga moʻljallangan mulk, turar va noturar joylar, mablagʻlar, shu jumladan, chet el valyutasidagi mablagʻlari, qimmatbaho qogʻozlar, korxonalar va xoʻjaliklar, ommaviy axborot vositalari, bosmaxonalar, sanatoriy-kurort, dam olish uyi, sogʻlomlashtirish, sport, oʻquv muassasalari, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari, intellektual mulk, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mol-mulklar kiradi.
12.11. Kasaba uyushmasining mulki daxlsizdir va u qonun bilan qoʻriqlanadi. Uning mol-mulki natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
12.12. Kasaba uyushmasi oʻz mulkiga nisbatan qonunga va boshqa huquqiy hujjatlarga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni amalga oshirishga, jumladan, homiylik va moliyaviy yordam mablagʻlarini ajratishga, oʻz mulkini ajratib berishga, mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqini boshqa shaxslarga berishga, sotishga, mulkni garovga qoʻyishga, undan boshqacha tarzda foydalanishga haqli.
Kasaba uyushmasi mulkining shaklini oʻzgartirish, tasarruf etish masalasi qonun bilan oʻrnatilgan tartibda, mazkur Ustavda belgilangan vakolatlar doirasida Respublika kengashining Ijroiya qoʻmitasi tomonidan hal etiladi.
12.13. Kasaba uyushmasi mulkining ishonchli boshqaruv uchun boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) berilishi mulkiy huquqlarning oʻtishiga asos boʻlmaydi, ishonchli boshqaruvchi kasaba uyushmasi manfaatlarini hisobga olib mulkni boshqarishi shart.
12.14. Kasaba uyushmasi, hududiy boʻlinmalari va tasarrufidagi tashkilotlari tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarori (ruxsati) bilan yoki vakolat berilgan kasaba uyushmasi boʻlinmasi kollegial organining qarori (ruxsati) bilan mol-mulk va aktivlar (bino va inshootlar, qurilmalar, avtotransport vositalari, turli qimmatbaho apparatura va texnika vositalari va hokazo)ni sotib olishi mumkin.
12.15. Kasaba uyushmasi, hududiy boʻlinmalari va tasarrufidagi tashkilotlari qonunchilikda taqiqlanmagan tarzda har qanday mol-mulkni hadya (begʻaraz) ravishda qabul qilib olishi mumkin.
Kasaba uyushmasi aʼzolari va boshqa tashkilotlar kasaba uyushmasiga bergan mol-mulkiga va aʼzolik badallariga egalik qilish huquqini saqlab qolmaydilar.
12.16. Kasaba uyushmasining hududiy boʻlinmalari oʻz balansidagi aktivlari, mol-mulklar ustidan joriy boshqaruvni (egalik qilish huquqisiz) amalga oshiradi.
Kasaba uyushmasi mol-mulklari va aktivlari (bino va inshootlar, qurilmalar, avtotransport vositalari, turli qimmatbaho apparatura va texnika vositalari va hokazo) tarmoq Ijroiya qoʻmitasi qarori bilan hisobdan chiqarilishi, sotilishi, ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga yoxud begʻaraz berilishi mumkin.
XIII. KASABA UYUSHMASINING HISOB VA HISOBOTI
13.1. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda roʻyxatdan oʻtkazuvchi, davlat soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.
13.2. Kasaba uyushmasi barcha organlari oʻzlarini saylagan organlar hamda aʼzolar oldida hisob berib boradilar.
XIV. KASABA UYUSHMASI USTAVIGA OʻZGARTIRISH
VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI
14.1. Ushbu Ustavga kasaba uyushmasi Qurultoyi tomonidan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Qurultoy oraligʻida Ustavga qoʻshimcha yoki oʻzgartirishlar kiritish Respublika kengashi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
14.2. Ustavga kiritilgan barcha oʻzgartish, qoʻshimcha va tuzatishlar belgilangan tartibda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
XV. KASABA UYUSHMASINI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH TARTIBI
15.1. Kasaba uyushmasini qayta tashkil etish, (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror kasaba uyushmasining Qurultoyida qabul qilinadi. Kvorum mavjud boʻlgan holda, Qurultoyda qatnashayotgan delegatlarning 2/3 (uchdan ikki) qismi yoqlab ovoz berganda, qaror qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kasaba uyushmasini qayta tashkil etishda, Qurultoy kasaba uyushmasining huquqiy vorisini belgilaydi.
Kasaba uyushmasi faoliyatini toʻxtatish yoki uni tugatish Qurultoy qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshirilishi mumkin.
15.2. Kasaba uyushmasini qayta tashkil etish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15.3. Kasaba uyushmasini tugatish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi organ qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi, shuningdek, kreditorlar talablari qanoatlantirilgandan soʻng qolgan mulkni kasaba uyushmasi Ustaviga muvofiq qaysi maqsadga yoʻnaltirishni belgilaydi.
15.4. Kasaba uyushmasi faoliyatini toʻxtatish, shuningdek, kasaba uyushmasini tugatish qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Kasaba uyushmasining faoliyatini davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar tashabbusiga koʻra tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15.5. Kasaba uyushmasi tugatilgan holda uning hujjatlari belgilangan tartibda arxiv tashkilotlariga saqlash uchun topshiriladi.
XVI. YAKUNIY QOIDALAR
16.1. Mazkur Ustav talablarini bajarish kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilotlar uchun majburiydir.
16.2. Mazkur Ustav boʻyicha yuqori turuvchi organ qaror qabul qilish davomida boʻysunuv boʻyicha quyi turuvchi organ vakolatlariga doir masalalarni ham hal etishi mumkin.
Yuqori turuvchi organ boʻysunuv boʻyicha quyi turuvchi organning qonun va mazkur Ustav talablariga zid qarorlarini qayta koʻrib chiqish uchun tegishli organ yoki vakolatli shaxsga yuborishi, kollegial organlar vakolatiga doir masalalar yuzasidan esa uning navbatdan tashqari yigʻilishini belgilangan tartibda chaqirishi mumkin.
16.3. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, quyi turuvchi organning qonun va Ustav talablariga zid qarorlari yuqori turuvchi organ tomonidan qisman yoki toʻliq bekor qilinishi mumkin.
16.4. Mazkur Ustavda nazarda tutilmagan qoidalar, tartibga solinmay qolgan munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga asosan tartibga solinadi.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: