DELEGATLAR MUNOSIB NOMZODGA OVOZ BERDILAR

Бош саҳифа

Oʻtgan besh yillikning eng muhim pallasi hisoblangan hisobot-saylov yigʻilishlari va konferensiyalari sex, boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hamda birlashgan kasaba uyushmalari qoʻmitalari faoliyatida muhim voqelik boʻlib, ushbu jarayonda hisobot davrida kasaba uyushmasi tashkilotining erishgan natijalari va oʻtgan faoliyat davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilinadi hamda kelgusidagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olinadi.

Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ham ushbu jarayon katta tayyorgarlik bilan oʻtkazib kelinmoqda.

Kuni kecha tarmoq tizimidagi “Maxam-Chirchiq” AJ kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi “Kimyogar” madaniyat saroyida oʻtkazildi.

Konferensiya ishida “Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruvi raisi Xotam Saidaxmedov, tarmoq Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova, Respublika kengashi raisining oʻrinbosari Ibrohim Isoqov, korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Baxtiyor Abdullayev va ishlab chiqarish sexlaridan saylangan delegatlar ishtirok etdilar.

Konferensiyada tashkilotning 2020-yil fevraldan 2025-yil martgacha boʻlgan davr mobaynidagi faoliyati yakunlari yuzasidan ish beruvchi, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi va taftish komissiyasining hisobotlari eshitildi.

  Maʼruzalar oʻz nihoyasiga yetkach muhokamaga oʻtilib, delegatlar tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasining hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Konferensiya kun tartibiga koʻra tashkiliy masala koʻrildi. Unda yashirin ovoz berish yoʻli bilan muqobillik asosida oʻtkazilgan saylovda “Maxam-Chirchiq” AJ boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi lavozimiga koʻpchilik ovoz bilan Abdullayev Baxtiyor Muhammedovich qayta saylandi. Shuningdek, kasaba uyushmasi qoʻmitasining tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi hamda yuqori tashkilotlarning konferensiya va qurultoylariga delegatlar saylab olindi.

Konferensiyada tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova soʻzga chiqib “Maxam-Chirchiq” AJ kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov Konferensiyasi Nizom talablari asosida yuqori saviyada oʻtkazilganligini taʼkidladi. N.Alimdjanova korxonada xodimlar manfaati yoʻlida ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasida ijtimoiy sherikchilik asosida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovar ekanligini aytib, korxona rahbari N.Saidaxmedovga va kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi B.Abdullayevga oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Konferensiya davomida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida va Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yilligini munosib oʻtkazish boʻyicha maʼlumotlar berildi va fikr-mulohazalar bildirildi.

Delegatlar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida  kelgusida amalga oshirish zarur boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Print Friendly, PDF & Email