“MARKAZIY OSIYO YANGI DAVR OSTONASIDA” MAQOLASI KASABA UYUSHMASI FAOLLARI VA AʼZOLARI TOMONIDAN KENG OʻRGANILMOQDA

Бош саҳифа

      Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi va “Ammofos-Maxam” AJ kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan korxonaning majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi yuzasidan seminar tashkil etildi.

    Unda kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari,  Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston Respublikasi Turon fanlar akademiyasining akademigi, professor Qobilbek Karimbekov, “Ammofos-Maxam” AJ boshqaruv raisining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi R. Abdukadirova, korxona kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi M.Usmanova, korxona xodimlari, shuningdek, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK, “Biokimyo” AJ, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ,  Muxtor Auezov nomidagi janubiy Qozogʻiston universiteti kasaba uyushmasi tashkilotlari faollari ishtirok etdilar.

   Seminarda siyosiy sharhlovchi, professor Qobilbek Karimbekov “Markaziy Osiyo Yangi davr ostonasida” maqolasining mazmun-mohiyati va bugungi kundagi dolzarbligi yuzasidan maʼruza oʻqidi.

   U oʻz maʼruzasi davomida uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini qiynab kelgan masalalar va muammolarning yechimi Maslahatlashuv yigʻilishlari davomida oʻzaro muloqotlarda tinch yoʻl bilan hal boʻlayotganligiga eʼtibor qaratdi.

    Jumladan, 2025-yil mart oyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta toʻgʻrisidagi Shartnoma va Xoʻjand deklaratsiyasining imzolangani, Fargʻona tinchlik forumi mamlakatlarimizning Fargʻona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro intilishining yaqqol amaliy tasdigʻi ekanligi, ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy oʻzgarishlar roʻy berayotganligi, Toshkent va Bishkek oʻrtasida Chashma bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv, Oʻzbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish boʻyicha hamkorlik oldinga siljimoqda, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻiston oʻrtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish boʻyicha kelishuvlarga erishilganligi kabi koʻplab yutuqlar sanab oʻtildi.

       Seminar davomida kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy masalalar boʻyicha bosh mutaxassisi Nilufar Muzapparova “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan oʻtkazgan uchrashuvi” toʻgʻrisida va kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari boʻyicha rais maslahatchisi Shavkat Toirov “Yangi Oʻzbekiston-yangi kasaba uyushmalari” mavzusida maʼruza qildilar.

    Tadbir soʻnggida mavzular yuzasidan xodimlar va kasaba uyushmasi faollari tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi va savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Print Friendly, PDF & Email