“BOʻZATOV” SANATORIYASI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Бош саҳифа

2025-yil 17-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari soha vakillari bilan samimiy muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini  tingladi.

Ushbu muloqot Qoraqalpogʻistonliklar uchun haqiqiy shodiyonaga aylandi, chunki Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng chekka ovulida “Boʻzatov” sanatoriyasi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi A.Orinboyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpogʻiston kengashi raisi U.Jalmenov, mehnat faxriylari, nuroniylar, kasaba uyushmalari faollari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdilar.

– Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga alohida eʼtibori tufayli bir paytlar eʼtibordan chetda qolgan Boʻzatov tumani qisqa fursatda qaytadan chiroy ochdi. Shu asno unda sanatoriy qurilib,foydalanishga topshirildi,– deydi Boʻzatov tumanining “Erkindaryo” ovul fuqarolar yigʻinida  istiqomat qiluvchi  Xudaybergen Tileuliyev.

Nuroniy otaxonning soʻzlarida haqiqat mujassam. Bugungi kunda Boʻzatov aholisining quvonchida chek yoʻq. Yangi sanatoriy nafaqat dam olish, balki sogʻlomlashtirish, maʼnaviy xuzur bagʻishlash maskani sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyihaga koʻra, sanatoriy 200 nafar dam oluvchiga bir vaqtning oʻzida xizmat koʻrsata oladi. Yiliga 6000 nafar fuqaro suv muolajalari, fizioterapiya va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlar orqali sogʻligini tiklash imkoniga ega boʻladi.

Bu yerda 6 qavatli shinam yotoqxona, 2 qavatli davolash markazi, zamonaviy oshxona va madaniy klub, fin va turk hammomi, yopiq basseyn, shuningdek, oilaviy kottejlar va boshqa infratuzilmalar mavjud.

12,5 gektar maydonni egallab turgan sanatoriyning 6,3 gektari mevali bogʻlar, 4 gektari manzarali  daraxtlar bilan yanada fayzli. Olisdan koʻzga tashlanib turuvchi goʻzal  manzara nafaqat goʻzallik, balki ekologik muvozanat, sogʻlom muhit demakdir. Qolaversa, quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 123 milliard soʻmga moliyalashtirilgan  ushbu   loyiha nafaqat sogʻlomlashtirish sohasini rivojlantiradi, balki 120 nafar mutaxassis uchun doimiy ish oʻrinlarini yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, tuman aholisining turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qoraqalpogʻistonda mana shunday mahobatli sanatoriy qurilishi – bu yangi hayot, yangi nafas, yangi imkoniyatlar demakdir.

 

Print Friendly, PDF & Email