“MENING VATANIM — OʻZBEKISTON” MAVZUSIDA RASM TANLOVI TASHKIL ETILDI

Бош саҳифа

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik shonli sanasini chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida koʻtarinki kayfiyatda kutib olish maqsadida Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va tarmoq tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi asosida tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, tarmoq tizimidagi “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK rahbariyati va kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorligida korxona xodimlarining birinchi sinfga qadam qoʻyayotgan farzandlari uchun tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda korxonaning bosh direktori Gʻulomjon Ibragimov soʻzga chiqib bolajonlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami hamda maktabga birinchi tashlayotgan qadamlari bilan muborakbod etib, samimiy tilaklarini bildirdi va ularga maktab oʻquv qurollari jamlanmasi solingan maktab sumkalarini sovgʻa qildi.

Bayram dasturida bolajonlar uchun “Mening Vatanim — Oʻzbekiston” mavzusida rasm tanlovi tashkil etildi va shirinliklar bilan bezatilgan dasturxon atrofida mehmon qilindilar. Bayramona musiqa, rang-barang sharlar va yorqin bezaklar bayramona muhitni yaratdi.

“Bayram juda chiroyli oʻtdi, farzandlarimiz koʻzidagi quvonchni koʻrib, oʻzimning bolalik chogʻlarimga qaytib qolgim keldi. Xodimlar oilalariga hurmat va eʼtibor uchun korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz,-deydi korxona xodimi Ozodbek Mirzayev.

Print Friendly, PDF & Email