Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining IV Qurultoyi oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston kasaba ushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari Maxmadaliyev Baxtiyor Xasanovich, Respublika kengashi raisi Alimdjanova Nigora Adxamovna, “Oʻzkimyosanoat” AJ raisining birinchi oʻrinbosari Mustafayev Jaxongir Ibodullayevich, boshlangʻich kasaba uyushmalari tomonidan saylangan delegatlar va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan soʻnggi 8-9 yil ichida mamlakatimizda har bir sohada inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli tub islohotlar amalga oshirilmoqda va ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Bu borada Yangi Oʻzbekistonning yangi kasaba uyushmalari ham yurtimizdagi tub islohotlarda faol ishtirok etmoqda va turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat huquqlarini himoya qilish borasida tizimli ishlarni olib bormoqda.
Xususan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va yangi hujjatlarni qabul qilish, qonunchilik hujjatlarini targʻib etish, xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish, xalqaro va milliy mehnat standartlarini joriy etish yoʻnalishlaridagi ishlarga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.
Qurultoyda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova oʻtgan besh yillik faoliyat yuzasidan maʼruza qildi.
Maʼruza davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi oʻrtasida 2023–2025-yillar uchun ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha imzolangan Bosh jamoa kelishuvidan kelib chiqqan holda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida 2023–2025-yillarga moʻljallangan Tarmoq jamoa kelishuvi, “Oʻzfarmsanoat” Assotsiatsiyasi bilan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi oʻrtasida 2025–2027-yillarga moʻljallangan Tarmoq jamoa kelishuvi imzolanib, amaliyotga joriy etilganligi taʼkidlandi.Jumladan, tarmoq jamoa kelishuvlari asosida tarmoq tizimidagi barcha korxonalarda tuzilgan jamoa shartnomalari imkoniyatlaridan keng foydalanilib, bu borada kimyo va farmatsevtika tarmogʻi tizimidagi yuridik shaxs moqomiga ega boʻlgan barcha korxonalar jamoa shartnomalari bilan toʻliq qamrab olinishiga erishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2021-yilda 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yoʻllagan tabriklarida “…Har qaysi korxonada yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat koʻrsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart”. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi”, deya alohida taʼkidlaganlar.
Bundan kelib chiqqan holda, tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan kimyo hamda farmatsevtika tarmoqlari tizimidagi korxona va tashkilotlarning barchasida kasaba uyushma qoʻmitalarini tuzish, bu orqali ushbu korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi xuquqlari himoyasini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, nodavlat sektoridagi korxona va tashkilotlari xodimlarini kasaba uyushmasiga jalb etish, ularda faol kasaba uyushma hayotini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, xodimlar oʻrtasida kasaba uyushmasiga aʼzolikning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy afzalliklarini tushuntirish borasida tizimli ishlar olib borildi.
Natijada hisobot davrida tarmoq kasaba uyushmasiga aʼzo tashkilotlar sonini 38,8% ga oshirishga erishilgan.
Oʻtgan besh yillikda yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar olib borilganligi aytib oʻtildi. Xususan, Hisobot davrida xotin-qizlar va yoshlarning mehnat huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini kuchaytirish, maʼnaviy va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tarmoq jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilib, ish beruvchilar bilan ijtimoiy sheriklik asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, oʻtgan davr ichida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun taʼtilda boʻlgan 4 ming 877 nafar yosh onaga xoʻjalik organlari xisobidan 12 mlrd. 218 mln. 400 ming soʻm moddiy yordam berilgan.
Nodavlat mulk shaklidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 516 nafar yosh bolali ayollarga oylik maoshlari saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soat qilib belgilangan. 669 nafar yosh xodimga esa safarbarlik zahirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan jami 2 mlrd. 585 mln 200 ming soʻmlik foizsiz ssudalar berilgan.
Shuningdek, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan 1 ming 462 nafar iqtidorli, kam taʼminlangan va chin yetim talabaga jami 9 mlrd. 968 mln. 400 ming soʻmlik oʻquv shartnoma pullari kisman toʻlab berilgan.
Yosh oila vakillaridan 616 nafariga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni harid kilish uchun jami 6 mlrd. 740 mln. 200 ming soʻm foizsiz ssuda ajratilgan.
Yosh kadrlar faolligini oshirish, tashabbus va qiziqishlarini yaqindan oʻrganish maqsadida “Rahbar va yosh xodimlar” mavzusida ochiq muloqotlar oʻtkazildi va ularga amaliy yordamlar koʻrsatildi.
Yoshlarning bilim olishga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash, sohadagi ilmiy tadqiqot faoliyatini ragʻbatlantirish, kasbiy mahoratini oshirish maqsadida “Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi stipendiyasi” taʼsis etildi. Shuningdek, “Kimyoviy tahlil laboranti” va “Yilning eng faol yosh kimyogari” koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi.
Qurultoyda delegatlar tomonidan Respublika kengashining faoliyati qoniqarli, deb baholandi.
Qurultoy kun tartibiga koʻra Respublika kengashi raisi va oʻrinbosari muqobillik asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazildi. Unga koʻra, Nigora Alimdjanova Respublika kengashi raisi etib, Ibrohim Isoqov rais oʻrinbosari etib saylandilar. Shuningdek, Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining kelgusi besh yillikda bajarilishi lozim boʻlgan qator ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Shuningdek, kun tartibiga koʻra tarmoq taftish komissiyasi va komissiya raisi, kengash va ijroiya qoʻmita aʼzolari saylanib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga delegatlar va Federatsiya Bosh kengashi vakilligiga nomzodlar koʻrsatildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: