FAOLIYAT SARHISOB QILINDI VA MUNOSIB BAHOLANDI

Бош саҳифа

Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlari tubdan oʻzgarib, aholimiz farovonligi tez surʼatlarda oʻsib bormoqda. Eng muhimi faol fuqarolik jamiyati shakllanmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining ham oʻrni borligi quvonarli, albatta. Bu borada kasaba uyushmalari faollari xodimlar manfaatlarini himoya qilish orqali jamiyatimiz farovonligining oshishiga xizmat qilmoqdalar.

Konferensiya ishida “Navoiyazot” AJ boshqaruvi raisi Farrux Samadov, Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi raisi Nazira Togʻayeva va ishlab chiqarish sexlaridan saylangan 200 nafar delegat ishtirok etdilar.

Konferensiyada tashkilotning 5 yillik faoliyati yuzasidan ish beruvchi, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi va taftish komissiyasining hisobotlari eshitildi. Xususan, maʼlumotlarga koʻra ijtimoiy sherikchilik asosida ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni oʻz vaqtida berilishini taʼminlash, xodimlar va ularning farzandlarini sogʻlomlashtirish ishlari tashkil etilgan.

   Maʼruzalar oʻz nihoyasiga yetkach muhokamaga oʻtildi. Delegatlar tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasining hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Konferensiya kun tartibiga koʻra tashkiliy masala koʻrildi. Unda yashirin ovoz berish yoʻli bilan muqobillik asosida “Navoiyazot” AJ boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi lavozimiga qoʻpchilik ovoz bilan Fayziyeva Feruza Xamidovna qayta saylandi. Shuningdek, kasaba uyushmasi qoʻmitasining tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi hamda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining IV Qurultoyiga delegatlar saylab olindi.

Konferensiya yakunida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Nigora Alimdjanova soʻzga chiqdi. U oʻz nutqida “Navoiyazot” AJ korxonasida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi xuquqlari ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasining ijtimoiy sherikligida mustahkam himoyaga aylanganligini, jumladan, jamoa shartnomasida xodimlar daromadini oshirish, ularga qoʻshimcha mehnat taʼtillari berish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mehnat muhofazasi, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, salomatliklarini mustahkamlash masalalari oʻrin olganligini taʼkidlab oʻtdi.

Nigora Alimdjanova oʻz nutqida davom etib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, joriy yilda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi keng nishonlanishi toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Delegatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda kelgusidagi faoliyat yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tadbir davomida xodimlar masʼullardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

 

Shavkat Toirov

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari

kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining

yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi

Print Friendly, PDF & Email