KASABA UYUSHMASI RAISIGA KOʻPCHILIK OVOZ BILAN ISHONCH BILDIRILDI

Бош саҳифа

      Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Andijon biokimyo zavodi” AJ boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylovi boʻlib oʻtdi.

      Hisobot-saylovda “Andijon biokimyo zavodi” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari A. Irmatov, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar boʻyicha bosh mutaxassisi B.Quvatov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyat kengashi raisining oʻrinbosari N. Abduraxmonova, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi S. Qodirov, korxonaning masʼul xodimlari va sexlardan saylangan delegatlar ishtirok etdilar.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining tashkiliy ishlar boʻyicha bosh mutaxassisi B.Quvatov Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar, “Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yilligi” bayrami toʻgʻrisida va Respublika kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan gapirib oʻtdi.

Konferensiya kun tartibiga koʻra, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Sanjarbek Qodirovning oʻtgan 5 yil davomida olib borilgan faoliyat yakunlari toʻgʻrisidagi hisoboti va kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyati yuzasidan taftish komissiyasining hisoboti eshitildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jamoa shartnomasiga asosan har bir xodimga haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtillar berish, mehnat taʼtiliga chiqish vaqtida ijtimoiy maishiy yordam berish, ovqatlanish xarajatlarini qoplash, yaqin qarindoshlarining vafoti munosabati va kam taʼminlangan oilalar vakillariga moddiy yordamlar koʻrsatish, bayram sanalarida moddiy ragʻbatlantirish, yil yakuni boʻyicha ragʻbatlantirish, sanatoriylarga va bolalalarni sogʻlomlashtirish oromgohlariga imtiyozli yoʻllanmalar berish  kabi bandlarning ijrosi taʼminlanib kelingan.

Delegatlar tomonidan maʼruzachilarning oʻqib eshtirgan hisobotlari muhokama qilinib “qoniqarli” deb baho berildi va taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Shundan soʻng vakolat muddatining tugashi munosabati bilan boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, tarkibi, taftish komissiyasi tarkibi va uning raisi, shuningdek, yuqori kasaba uyushmasi organiga delegatlar saylandi.

Yashirin ovoz berish yoʻli bilan muqobillik asosida oʻtkazilgan saylovda koʻpchilik ovoz bilan Qodirov Sanjarbek Axmadjanovich “Andijon biokimyo zavodi” AJ kasaba uyushmasi qoʻmitasining raisi etib saylandi.

Print Friendly, PDF & Email