BUXOROI SHARIFGA SAYOHAT TASHKIL ETILDI

Бош саҳифа Корхона янгиликлари

Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan 8-mart ‒Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” shiori ostida tarmoq tizimidagi korxonalarda mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokida Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.

Sayohat dasturiga koʻra, avvalo, Xoʻja Baxouddin Naqshband qabri ziyorat qilindi. Xoʻja Baxouddin Naqshband XIV asrda yashagan tarixiy shaxs boʻlib, oʻz zamonasining mashhur soʻfilaridan boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra ushbu meʼmoriy-madaniy majmua XVI asrda barpo etilgan. Sayohatchilar tarixiy meʼmoriy majmuada joylashgan obidalar va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng sayohat Sitorai Mohi Xosa tarixiy majmuasi boʻylab davom etdi. Sitorai Mohi Xosa qarorgohi Buxoro markazidan 4 km shimolda joylashgan boʻlib, “Yulduz va oy bilan barobar saroy” maʼnosini anglatadi. Amirlarning yozgi qarorgohi boʻlgan ushbu majmuaning umumiy maydoni 6,7 gektar boʻlib, eski saroy, gʻisht toʻshalgan 3 hovli va koʻpgina xonalardan iborat. Buxoro amirining yozgi qarorgohi boʻlgan Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasidagi meʼmoriy inshootlar va ularning ichki bezatilishi barchada birdek qiziqish uygʻotdi.

Sayohatchilar Ark qoʻrgʻoniga borib koʻhna shahardagi hukmdorlar qarorgohi joylashgan qalʼa boʻylab sayohatni davom etdirdilar. Qalʼada joylashgan har bir inshoot tarixi bilan gid boshchiligida yaqindan tanishdilar.

8-mart ‒ Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etilib, barcha xotin-qizlar kasaba uyushmalari nomidan tabriklandi.   

Bayram munosabati bilan tarmoq tizimidagi boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ham sayohatlar tashkil etish, xodimlar va ularning oila aʼzolarining yurtimizning tarixiy shaharlariga, oʻz hududlaridagi diqqatga sazovor joylarga hamda mustaqillik yillarida bunyod etilgan inshootlarga sayohatlarini uyushtirish rejalashtirilgan.

Print Friendly, PDF & Email