Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining oliy organi Qurultoy hisoblanadi va har 5 yilda bir marta chaqiriladi. Qurultoylar oraligʻida Kengash faoliyatiga Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi rahbarlik qiladi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq, respublikadagi yangi siyosiy, ijtimoiy iqtisodiy sharoitlarda, nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Xususan, mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonunlardan biri “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun boʻlib, mamlakatimizdagi eng ommaviy jamoat tashkilotlaridan biri boʻlgan kasaba uyushmalarining huquqiy maqomini belgilab berdi. 2019-yilda yangi tahrirdagi «Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.
Bugungi kunda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ijtimoiy-mehnat sohasiga, mehnatkashlar va kasaba uyushmalarining huquqlariga oid qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Kasaba uyushmalari tashkilotlariga mehnatkashlardan tushayotgan murojaatlarning 60 foizdan ortigʻi mehnat munosabatlariga oid boʻlib, tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” mazkur murojaatlarini tezkor qabul qilish va koʻrib chiqish, ular yuzasidan huquqiy maslahatlar berish va aniq choralarni koʻrish imkoniyatini yaratdi.
Ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat munosabatlarini tartibga solish boʻyicha Respublika uchtomonlama komissiyasining faoliyatida ishtirok etilmoqda.
Bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda “Oʻzfarmsanoat” Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda 2 ta tarmoq kelishuvlari imzolangan. Bevosita korxona, tashkilot, muassasalarda tuzilgan jamoa shartnomalari orqali xodimlarga asosiy uzaytirilgan va qoʻshimcha taʼtillar berish, turli ustama va qoʻshimcha toʻlovlar, tovon pullarini toʻlash, ayollar va yoshlar bandligini taʼminlash, ularga qulay va bexatar mehnat sharoitlarini yaratish, qoʻshimcha imtiyozlar berish, Xalqaro Mehnat Tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalariga rioya etish masalalari tartibga solinib kelinmoqda.
Kasaba uyushmalari tomonidan korxona, tashkilot, muassasalarda ishlayotgan, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning, shuningdek ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini kuchaytirish, ular bilan ishlashni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Respublika kengashi qoshida Yoshlar birlashmasi va Xotin-qizlar komissiyasi tashkil qilingan.
Mehnat muhofazasi sohasida asosiy eʼtibor ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilmoqda. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning sabablarini aniqlash va oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlarida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha jamoatchi vakillar faoliyat koʻrsatmoqda.
Aholini kasaba uyushmalari faoliyatidan xabardor etish maqsadida Respublika kengashining rasmiy veb-sayti doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda. Respublika kengashining veb saytida interaktiv xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan, fuqarolar uchun on-layn rejimida murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.


Spelling error report
The following text will be sent to our editors: