“KIMYO SANOATI YOSH MUTAXASSISLARI” FORUMI YOSH MUTAXASSISLAR UCHUN KIMYO SANOATIDA YANGI IMKONIYATLAR ESHIGINI OCHMOQDA

Бош саҳифа

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida 2 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish hamda hududlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Yig‘ilishda kimyo sanoati taraqqiyotining yangi bosqichi haqida so‘z yuritilar ekan, nanokimyo, “yashil” kimyo, supermolekulyar kimyo hamda sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotgani ta’kidlandi. Bu esa sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishni taqozo etmoqda.

Ana shu maqsadda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 60 gektar maydonda innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etilishi, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu markaz yosh olimlar, tadqiqotchilar va talabalar uchun zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash, yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini yaratadi.

Davlat rahbarining kimyo sohasiga qaratayotgan doimiy e’tibori natijasida bugun tarmoqda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu esa sanoat samaradorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” forumi tashkil etildi. Forumning asosiy maqsadi soha korxonalarida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar va kimyo yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion tashabbuslarini rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur forumda qariyb 100 nafar yosh ishtirok etib, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” startaplar tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Yilning eng faol yosh xodimi” ko‘rik-tanlovi, shaxmat va stol tennisi musobaqalarida o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etdilar. Shuningdek, soha rahbarlari bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, amaliy seminar va treninglar yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini boyitishga xizmat qildi.

Forumning eng muhim jihatlaridan biri ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bo‘ldi. Yoshlar tomonidan taqdim etilgan 15 ta innovatsion startap loyihasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan g‘oyalari bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida turli tanlovlar, intellektual bellashuvlar va sport musobaqalari g‘oliblari diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bugungi kunda kimyo sanoati nafaqat iqtisodiyotning muhim tarmog‘i, balki ilm-fan, innovatsiya va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqaruvchi strategik sohalardan biriga aylanmoqda. “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” forumi esa iqtidorli yoshlarni birlashtirish, tajriba almashish va yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etish uchun muhim maydon sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etmoqda.

 Shavkat Toirov

Yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi

 

 

Print Friendly, PDF & Email